O‘zA O`zbek

14.11.2019 Chop etish versiyasi

Nodavlat tashkilotlar ham sud-ekspertlik faoliyatini olib boradi

Nodavlat tashkilotlar ham sud-ekspertlik faoliyatini olib boradi
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazida davlatimiz rahbarining joriy yil 17-yanvardagi “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Qarorga muvofiq amaliyotda ilk bor nodavlat tashkilotlar tomonidan sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslari yaratildi.

Xususan, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga sud ekspertizalarining 44 turini oʻtkazish huquqi berildi. Ularni qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini tashkil qilish hamda sud eksperti sertifikatini olgan shaxslarning Yagona reyestrini va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari reytingini yuritish belgilandi.

Shuningdek, qaror bilan 2019-2020-yillarda sud ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha 25 banddan iborat “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi va unga asosan sud-ekspertiza xizmatlari faoliyatining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish, amaliyotga yangi innovatsion ishlanmalarni joriy etish, sud ekspertizalarining turlarini kengaytirish, ularning sifati va ishonchliligini oshirish, Markazning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sud-ekspertlik faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish hamda ixtisoslashtirilgan nodavlat sud ekspertiza tashkilotlarini rivojlantirish yoʻnalishlari belgilandi.

Xodimlarning ijtimoiy muhofazasi, moddiy taʼminoti tubdan yaxshilandi va eng muhimi Hukumat qaroriga asosan moddiy-texnik bazani modernizatsiya qilish va zamonaviy uskunalar bilan jihozlash uchun 3 million 326 ming AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratildi. Markaz tuzilmasiga bugungi kun talablaridan kelib chiqqan xolda oʻzgartishlar kiritilib, bir qator yangi boʻlimlar tashkil etildi va xodimlar shtat birligi sezilarli darajada oshirildi.

Qayd etib oʻtilgan yoʻnalishning amaliy natijasi sifatida Markazning yangi, zamonaviy talablarga javob beradigan ixtisoslashgan binosi qurilib, foydalanishga topshirildi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlarning malakali sud ekspertiza xulosalariga boʻlgan ehtiyojlarini, shuningdek, ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda sud ekspertizaning yangi turlari, xususan, sud-psixologik ekspertizasi, sud-elektrotexnika ekspertizasi, oziq-ovqat mahsulotlarining sud ekspertizasi, sud lingvistik ekspertizasi, sud avtomobil yoʻllari ekspertizasi va sud kompyuter-texnik ekspertizalarini joriy qilish yuzasidan, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda 21 dan ortiq tasdiqlangan mavzulari boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, tadbirda jurnalistlarga sud-ekspertlik faoliyatidagi yangiliklar va amalga oshirilgan qoʻshimcha ishlar toʻgʻrisida ham maʼlumotlar berildi.

Tadbir davomida Markazning yangi ixtisoslashtirilgan binosida media-tur tashkil etilib, ishtirokchilarning sud-ekspertiza faoliyatiga oid barcha savollariga davlat sud ekspertlari tomonidan javob berildi.


603
Gulnoza BOBOYEVA, OʻzA