Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.09.2017 22:14 Chop etish versiyasi

Nodavlat ta’lim muassasalari faoliyati kengayadi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi tashabbusi bilan “O‘zbekistonda nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish istiqbollari” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.

Prezidentimizning 2017-yil 15-sentabrdagi “Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, bu borada partiya va mutasaddi tashkilotlar oldida turgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari o‘rinbosari Oybek Jumayev va boshqalar mamlakatimizda ta’lim sifatini tubdan oshirish, intellektual, estetik va jismoniy barkamol avlodni shakllantirishni hamda yoshlarga ta’lim berishni yangi sifat darajasiga ko‘tarish 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri sifatida belgilanganligini alohida ta’kidladi.

Davra suhbati ishtirokchilari ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda mamlakatimizda nodavlat ta’lim muassasalarining tashkiliy-huquqiy shakllarini takomillashtirish masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, mamlakatimizda nodavlat ta’lim faoliyati “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi qonunga asosan litsenziyalanadigan faoliyat sirasiga kiradi. Bugungi kunda yurtimizda 43 ta nodavlat umumiy o‘rta ta’lim maktabi tegishli litsenziyaga ega.

Xalqaro tajribaning ko‘rsatishicha, nodavlat ta’lim faoliyati bilan nafaqat ixtisoslashtirilgan muassasalar, balki boshqa tashkiliy-huquqiy shakllarga mansub yuridik shaxslar: xususiy korxonalar, mas’uliyati cheklangan hamda aksiyadorlik jamiyatlari, fond, birlashmalar va boshqa tashkilotlar ham shug‘ullanadi.

Mazkur qaror mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish va joylarda ijrosini ta’minlash yuzasidan ham fikr-mulohazalar bildirildi. Xususan, mazkur qaror bilan nodavlat ta’lim muassasalariga kreditlar ajratish hamda avval ajratilgan kreditlar muddatini uzaytirish, ular ta’lim va unga tegishli xizmatlar bo‘yicha barcha soliq turlari to‘lovlaridan 2021-yilgacha ozod etilayotgani shu sohada ish boshlagan tadbirkorlik subyektlari uchun keng imtiyozlarni taqdim etmoqda.

– Prezidentimiz tomonidan mazkur qarorning qabul qilinishi biz tadbirkorlarga katta imkoniyat yaratdi, – deydi «Atlas education» nodavlat ta’lim muassasi rahbari Adham Xoliqov. – Ushbu imkoniyatlar asosida faoliyatimizni yanada kengaytirishimiz mumkin. Bu esa, davlat ta’lim muassasalari bilan sog‘lom raqobat muhitini shakllantiradi. Qolaversa, ta’lim va unga tegishli xizmatlarda barcha soliq to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar belgilandi. Joriy etilayotgan uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ta’lim muassasalarini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash imkonini beradi.

Qaror nodavlat ta’lim muassasalari sektori kengayishi, mamlakatimizning har bir tuman va shahridagi fuqarolar ta’lim xizmatlaridan foydalanishda tanlov imkoniyatiga ega bo‘lishi, yoshlarga munosib ta’lim-tarbiya berish kabi vazifalarni o‘z zimmasiga oladigan malakali xususiy tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Davra suhbatida nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatidagi dolzarb masalalar, maktabgacha ta’limning xususiy sektoridagi muammolar hamda mazkur soha faoliyatini yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi. 

Nurillo Nasriyev, O‘zA
3 154






Все о погоде - Pogoda.uz