O‘zA O`zbek

07.08.2018 22:21 Chop etish versiyasi

Nodavlat notijorat tashkilotlari – fuqarolik jamiyatining muhim instituti

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi “Fuqarolar nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida: tasavvurlar, fikrlar, kutilayotgan natijalar” mavzuida ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi.

So‘rovda ishtirok etganlarning aksariyati (78,5 foizi) ta’kidlaganidek, mamlakatimizda ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarga daxldorlik hissi, fuqarolarning mamlakat va xalq manfaatlarini shaxsiy manfaatlardan ustun qo‘yishga intilishi tufayli fuqarolarimizning faolligi ortmoqda. So‘rovda qatnashganlarning 61,1 foizi mamlakatimizda fuqarolik jamiyatiinstitutlarining faoliyat yuritishi va faol fuqarolik pozitsiyasini namoyish etishi uchun zarur huquqiy asoslar yaratilgan, deb hisoblaydi.

Ayni paytda, har uchinchi ishtirokchi fuqarolik jamiyati institutlarining samarali ishlashi uchun amalda barcha kerakli sharoitlar yaratilgan, degan fikrni yoqlamadi. Xususan, joylarda hokimiyat va boshqaruv organlari vakillari nodavlat notijorat tashkilotlari faollarining taklif va tavsiyalarini e’tiborga olmaydi.

Hamyurtlarimizning aksariyati (72 foizi) Prezidentimizning “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan izchil chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ularning fikricha, ushbu hujjat fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy asoslarini mustahkamlash, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida konstruktiv muloqot o‘rnatishda samarali mexanizmlarni yaratish, nodavlat notijorat tashkilotlari ehtiyojlarining xolis tahlilini ta’minlash hamda ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan.

Fuqarolar bugungi kunda nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatiga, ayniqsa, ijtimoiy sheriklik sohasi, xalqimizning fuqarolik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladigan sharoitlar yaratish, strategik ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda davlat tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash kabi sohalarda ehtiyoj kuchli ekanini qayd etgan. Bu davlatimiz rahbarining aholi muammolarini izchil o‘rganish, ayniqsa, viloyatlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishga nodavlat notijorat tashkilotlarini yanada faol jalb etish, fuqarolik institutlarining davlat organlari bilan o‘zaro hamkorligigazamonaviymexanizmlarni joriy etishga qaratilgan tashabbuslari keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini tasdiqlaydi.

Hamyurtlarimizning fikricha, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda nodavlat notijorat tashkilotlari muhim o‘rin tutadi. Qatnashchilarning 21,9 foizi yaqin kelajakda ushbu tashkilotlar faoliyati keng ko‘lamdagi ijtimoiy muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan bo‘lishi, jamiyatdagi barcha ijtimoiy guruhlar manfaatlarini ifodalashi kerak, deb hisoblaydi. So‘rovda ishtirok etganlarning 22,7 foizi nodavlat notijorat tashkilotlari fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning tashabbuslari va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi, qariyalar (15,7 foizi), imkoniyati cheklanganlarning (12,7 foizi) turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan vazifalarni hal etishi, bolalar, yetim va nogiron bolalarning huquqlarini himoya qilishi (9,5 foizi) lozim, degan fikrda.

So‘rov natijalari hamyurtlarimiz nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati to‘g‘risida yanada to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishni istashini ko‘rsatdi. So‘nggi yillarda OAV orqali nafaqat nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida umumiy xususiyatdagi, balki ularning jamiyatda ijtimoiy ahamiyatga molik vazifalarni hal etishga qo‘shayotgan hissasi to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlarga ham ega bo‘lishni istayotganlar soni sezilarli darajada oshgan. Fuqarolarimiz hokimiyat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida mustahkam sheriklik munosabatlari yo‘lga qo‘yilgani, jamiyat hayotining turli jabhalarida nodavlat notijorat tashkilotlarning faoliyati bilan bog‘liq yorqin misollarda aks etgan ma’lumotlarga ega bo‘lish istagida.

So‘rov ishtirokchilarining fikricha, nodavlat notijorat tashkilotlari ham zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘z faoliyatining oshkoraligi darajasini ta’minlashi lozim.

Tadqiqot natijalari ko‘rsatganidek, nodavlat notijorat tashkilotlari fuqarolarning huquq va erkinliklariga bag‘ishlangan targ‘ibot ishlarini amalga oshirishda jamoat tashkilotlari va davlat tuzilmalari bilan hamkorlikni kuchaytirishi, fuqarolar, ayniqsa, qishloq aholisini qabul qilinayotgan qonunlar, me’yoriy-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilishda bevosita ishtirokini yanada faollashtirishilozim.

So‘rovning har ikkinchi ishtirokchisi (54,8 foizi) o‘zi ma’lum masala bo‘yicha bevosita murojaat qilgan nodavlat notijorat tashkiloti faoliyatiga ijobiy baho bergan. Umuman, fuqarolarning ko‘pchiligi nodavlat notijorat tashkilotlarini mavjud muammolarni hal etishga xizmat qiladigan jiddiyijtimoiy tuzilmasifatida qabul qiladi.

So‘rovda aholining ehtiyojmand qatlamlariga ijtimoiy yordam ko‘rsatish vaularni qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni obod qilish, yoshlar muammolari, ma’naviyat-ma’rifat, huquqni himoya qilish faoliyati, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ham ishtirok etdi. NNTlar vakillarining aksariyati e’tirof etganidek, jamiyatda odamlarga yordam ko‘rsatish, ularni o‘ylantirayotgan muammo va masalalarni hal etishga ko‘maklashish istagi ularning nodavlat notijorat tashkilotlarida ishlashiga sabab bo‘lgan asosiy omil hisoblanadi. Ayni paytda NNTlarda faoliyat yuritayotgan qariyb har o‘ninchi vakil ushbu tashkilotda ishlash uning ishga joylashish muammosini hal etishga ko‘maklashganini bildirgan.

So‘rovda qatnashgan NNTlar vakillarining aksariyati (64 foizi)bunday tashkilotda faoliyat yuritishi orqali o‘zini jamiyatning foydali a’zosi sifatida his etayotganini ta’kidlagan.

Shu bilan birga, so‘rovning har uchinchi ishtirokchisi joylardagi davlat organlari nodavlat notijorat tashkilotlarga nisbatan bo‘ysunuvchi va quyi tashkilot sifatida qarashi va ularga ko‘p topshiriq va vazifalar yuklashi, ma’naviy va moliyaviy yordam ko‘rsatmasligini qayd etgan. Qariyb har o‘ninchi ishtirokchi mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari ular ishlayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarni hamkor tuzilma, deb hisoblamasligi va uning me’yorida ishlashigato‘sqinlik qilayotganini ma’lum qilgan.

Shu bois, so‘rov ishtirokchilari Prezidentimizning “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining ijrosini ta’minlash orqali davlat organlari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyat yuritishi, ayniqsa, qonunchilikka rioya etish borasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi yo‘lidagi to‘siqlar bartaraf etilishi, davlat organlari jamiyat manfaatlariga daxldor bo‘lgan masalalarni hal etishda NNTlarga ko‘maklashishiga umid bildirgan. Shuningdek, so‘rovda ishtirok etgan nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari mazkur farmon ijrosi orqali o‘z faoliyatini yanada faollashtirish uchun mahalliy byudjetdan zarur mablag‘ olish umidida.

Ijtimoiy so‘rov fuqarolarimiz davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ongli ravishda ishtirok etish, fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari o‘rtasida samarali muloqotni ta’minlash, mamlakatda totuvlik va barqarorlik muhitini saqlash uchun aholining barcha qatlamlari manfaatlarini hisobga olish zarurligini yanada teran anglayotganini ko‘rsatdi.

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik
fikrini o‘rganish markazi
materiallari asosida
O.XARCHЕNKO tayyorladi.

2 058