O‘zA O`zbek

27.08.2018 17:27 Chop etish versiyasi

Noʻsh va Qoʻngʻirot – obodlik sari

Noʻsh va Qoʻngʻirot – obodlik sari

Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!

Joriy yilda Samarqand viloyatida “Obod qishloq” dasturi asosida 28 qishloqni zamonaviy qiyofaga keltirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish rejalashtirilgan.

Ayni paytda hududlarda yangi bino va inshootlar, ravon yoʻllar koʻzga tashlanib qoldi. Jomboy tumanidagi Noʻsh va Qoʻngʻirot qishloqlarida bunga oʻzimiz ham amin boʻldik.

Tuman markazidan 10 chaqirimcha yurgandan soʻng Noʻsh qishlogʻiga kirib borar ekanmiz, yoʻl chetining kovlangani eʻtiborimizni tortdi.

– Qishloqqa ichimlik suvi tarmogʻi tortilyapti, – deb izoh berdi hamrohimiz, Jomboy tumani uy-joy kommunal xizmat boʻlimi boshligʻi Mahmud Abdurahimov.

– Nima, shu paytgacha bu yerda ichimlik suv tarmogʻi boʻlmaganmi, aholi qanday suv ichgan? – soʻraymiz hayron boʻlib.

– Aksariyat xonadonlar oʻzi quduq qazib, nasos oʻrnatib suv chiqargan. Maktab, bogʻchalarda ham shu suvdan foydalanilgan. Shu sababli dasturda avvalo, qishloqda artezian qudugʻi qazilib, 5,4 kilometr masofaga suv tarmogʻi tortish rejalashtirildi. Hozir shu ish bajarilmoqda. Shu paytgacha aholi yer ostidagi dastlabki qatlamlarning sifati kafolatlanmagan suvidan isteʻmol qilgan boʻlsa, endilikda 50 metr chuqurlikdan toza suv chiqariladi.

Quduq qazilayotgan joyda toʻxtadik. Maxsus texnikalar shitob bilan ishlamoqda. Atrof devor bilan oʻralib, elektr tarmogʻi tortilgan, suv minorasi oʻrnatish ishlari yakuniga yetmoqda. Bir-ikki kunda ishni yakunlaymiz, deydi burgʻulovchilar.

Qishloqdagi 8-umumiy oʻrta taʻlim maktabida ham kapital taʻmirlash ishlari yakunlanib, soʻnggi pardozlash yumushlari bajarilayotgan ekan.

– “Obod qishloq” dasturi tufayli maktabimiz ham obod boʻldi, – deydi muassasa direktori Dilshoda Oʻrolova. – 754 million soʻm mablagʻ sarflanib, bino tomi yangidan yopildi, sinfxonalarga zamonaviy eshiklar oʻrnatildi, isitish tizimi yangilandi. Sport zali va 10 dan ortiq sinfxonalar poli almashtirildi. Shu paytgacha maktab hududi ochiq edi. Endi atrof devor va temir panjara bilan oʻraldi. Maktabimiz qishlogʻimizning obod qiyofasiga mos taʻmirlandi. Yangi oʻquv yilini zamonaviy binoda boshlaydigan boʻldik.

13.JPG

Maktab yonidagi 27-maktabgacha taʻlim muassasasi ham mukammal taʻmirdan chiqarilmoqda. 50 oʻrinli muassasa rekonstruksiya qilinib, qoʻshimcha binolar qurilishi hisobiga kelgusida bu yerda 100 nafar bola taʻlim-tarbiya olishi uchun zarur sharoit yaratilmoqda.

Qishloq markazida 10 dan ortiq savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, hammom va boshqa infratuzilma obyektlari qurilishi jadal surʻatlarda olib borilmoqda.

– Bu binolarni qishlogʻimiz tadbirkorlari bunyod etmoqda, – deydi “Noʻsh” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Nurbek Tojinurov. – Aholi bilan kengashib, qaysi turdagi savdo va maishiy xizmat shoxobchalariga ehtiyoj borligini aniqladik va qishloq markazidagi boʻsh joyni tadbirkorlarga ajratib berdik. Belgilangan loyiha asosida ular qurilish ishlarini olib bormoqda. Tadbirkor yigitlarimizdan biri bank krediti asosida zamonaviy hammom qurmoqda. Ushbu maskanlar ishga tushsa, qariyb 100 kishi doimiy ish oʻrniga ega boʻladi.

Qishlogʻimizda mavjud 569 xonadon ham aholi tomonidan zamonaviy loyiha asosida taʻmirlanmoqda. Faqatgina 51 ta hovlini taʻmirlashda homiylar yordami zarur edi. Bu ishni ham mahallamizdagi tadbirkor va fermerlar koʻmagida, hashar yoʻli bilan bajarishga harakat qilyapmiz. Hozirgacha 30 ga yaqin shunday uy taʻmirdan chiqarildi. 33 oila esa uyini yangidan qurmoqda. Elektr taʻminotini yaxshilash maqsadida 5 ta podstansiya taʻmirlanib, qishloqning chekka hududlariga yangi tarmoqlar tortildi. Eski simyogʻochlar yangi beton toʻsinlarga almashtirilmoqda. Dastur asosida aholiga 200 ga yaqin gaz balloni tarqatilib, barcha xonadonlarni suyultirilgan gaz bilan taʻminlash imkoniyati yaratildi.

Dasturda qishloqdagi 14 kilometr yoʻlni taʻmirlash koʻzda tutilgan. Hozirgacha ichki yoʻllarning asosiy qismiga qum-shagʻal toʻshalgan boʻlsa, 2,5 kilometr masofada asfaltlash ishlari yakunlangan.

– Qishlogʻimizning kun sayin oʻzgarib borayotgani barcha mahalladoshlarimizni avvalo, oʻz uyi va uning atrofini obod qilishga undamoqda, – deydi shu qishloqda yashovchi Isroil Shodiyev. – Zamonaviy maktab va bogʻcha qurilishi, ichimlik suvi tarmogʻi tortilishi, yoʻllarning asfalt boʻlishi har birimizni shu bunyodkorliklarga mos hayot kechirishga chorlaydi-da. Nasib etsa, bir-ikki oyda qishlogʻimiz tanib boʻlmas darajada obod boʻladi, hayotimiz oʻzgaradi. Buning uchun Prezidentimizdan, davlatimizdan minnatdormiz.

Qishloqning yaqinda asfalt qilingan ravon yoʻlidan navbatdagi manzil – Qoʻngʻirot mahallasi tomon yoʻl oldik. Ilgari yarim soat-qirq minutda boriladigan manzilga 15 minutga qolmay yetdik.

Gʻoʻbdin togʻi etagida joylashgan olti qishloqdan iborat ushbu mahalladagi Qoʻngʻirot qishlogʻida ham “Obod qishloq” dasturi hayotgatatbiq etilmoqda.

– Birgina bizning qishlogʻimizda 480 ga yaqin oila boʻlib, 2100 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi, – deydi “Qoʻngʻirot” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Burxon Koʻchimov. – Ularning asosiy qismi fermer xoʻjaliklarida ishlaydi. Tomorqasida dehqonchilik qilib, qoʻshimcha daromad topayotganlar ham koʻp. Dasturni amalga oshirishga kirishilganda uyma-uy yurilib, har bir oilaning turmush tarzi oʻrganildi. Ularning dardu tashvishi eshitildi. 100 ga yaqin oila tadbirkorlik qilish istagini bildirib, bankdan imtiyozli kredit oladigan boʻldi.

Mahalla oqsoqoli hamrohligida qishloqni aylandik. Xonadonlarda qurilish-obodonlashtirish ishlari avjida. Bu yumushni uy egalarining oʻzi bajarmoqda. Koʻp xonadonlar esa taʻmirlash ishlarini yakunlab, hovli atrofini saranjom-sarishta qilib qoʻygan.

Eski qishloq vrachlik punkti rekonstruksiya qilinib, yonidan qoʻshimcha bino qurilmoqda. 100 qatnovga moʻljallangan muassasani yil yakuniga qadar foydalanishga topshirish koʻzda tutilgan. 50 oʻrinli maktabgacha taʻlim muassasasida esa pardozlash va jihozlash ishlari olib borilayotgan ekan.

Dastur asosida bunyod etilgan 75 oʻrinli zamonaviy maktabgacha taʻlim muassasasi va 20 oʻrinli hammom bugun qishloq aholisi xizmatida. Taʻmirlanishi belgilangan 14,3 kilometrlik ichki yoʻllarning 2,5 kilometriga asfalt yotqizilibdi. Ayni paytda bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.

335 nafar bola taʻlim-tarbiya oladigan 9-umumiy oʻrta taʻlim maktabida shu paytgacha sport zali boʻlmagan. Yangi oʻquv yilida esa ularga zamonaviy sport zali eng katta sovgʻa boʻlishi shubhasiz. Bundan tashqari, maktab issiqlik tizimi yangilanib, bino atrofi oʻraldi.

– Qishloqlarni dasturga kiritishda hudud infratuzilmasi, aholi turmush tarzi, odamlarni qiynayotgan muammolar oʻrganilgan holda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilanmoqda, – deydi Jomboy tumani uy-joy kommunal xizmat boʻlimi boshligʻi Mahmud Abdurahimov. – Noʻsh va Qoʻngʻirot qishloqlarini tanlashda ham barcha jihatlar hisobga olinib, loyihalar ishlab chiqilgan edi. Lekin qurilish-obodonlashtirish ishlari davomida ham ayrim muammolar, yechimini kutayotgan masalalar paydo boʻlsa, ularni ham bartaraf etish choralari koʻrilmoqda. Hozir ikki qishloq uchun ham zarur miqdordagi mablagʻ ajratilib, ijtimoiy soha obyektlari qurilishi, kommunal sohadagi yumushlar, yoʻllarni taʻmirlash ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Aholi xonadonlari ham tasdiqlangan loyihalar asosida taʻmirlanmoqda. Bu borada ehtiyojmand, kam taʻminlangan oilalarga yordam koʻrsatilmoqda. Hozirda 2019 yilda dasturga kiritiladigan qishloqlarni aniqlash boʻyicha ish olib borilayotir.

Qoʻngʻirotdan qaytar chogʻimiz oqsoqollardan biri hazilomuz gap aytdi: “qishlogʻimiz yoʻlini eslab qolinglar, keyingi gal kelganingizda bu yerlar shahardek boʻlib ketadi, adashib ketmanglar, tagʻin”.

Ha, “Obod qishloq” dasturi asosida olib borilayotgan ishlar tufayli qishloqlarimiz shahar qiyofasiga kirmoqda. Muhimi, qishloqlarimizaholisi yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ularning-da hayotini ertaga emas, bugun oʻzgartirayotganini his qilmoqda.

Gʻ.Hasanov, A.Isroilov (surat), OʻzA
3 082