Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.08.2018 19:56 Chop etish versiyasi

Nizom Qosim: Adabiy aloqalar xalqlarimiz do‘stligini mustahkamlaydi

Nizom Qosim: Adabiy aloqalar xalqlarimiz do‘stligini mustahkamlaydi Mamlakatimizda 7-8 avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzuidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun xorijiy mamlakatlardan atoqli yozuvchi va shoirlar, olimlar, tarjimonlar tashrif buyurmoqda.

O‘zA muxbiri ayni paytda yurtimizda bo‘lib turgan Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi raisi, Tojikiston xalq shoiri Nizom Qosim bilan o‘zbek va tojik xalqlarining mushtarak adabiy aloqalari haqida suhbatlashdi.

– Dini, dunyoqarashi, urf-odat va an’analari bir-biriga o‘xshash bo‘lgan o‘zbek va tojik xalqlarining munosabatlari adabiyot bo‘stonida ham mushtaraklik kasb etgan. Ikki xalqning folklori, dostonchiligi va zamonaviy adabiyoti namunalari ham mazmundosh hisoblanadi.

O‘zbek adabiyoti haqida gapirganda, Mir Alisher Navoiy ko‘z oldimizga keladi. Uning asarlari butun turkiy xalqlar boyligidir. Xuddi shunday hazrati Abdurahmon Jomiy ham tojik adabiyotining ulug‘ vakili hisoblanadi. Bu mutafakkirlar ijodini targ‘ib qilish, boshqa xalqlarga yetkazish eng mas’uliyatli va savobli ish.

O‘zbekistonda tojik mumtoz adabiyoti vakillari ijodi maktab, kollej va oliy o‘quv yurtlarida adabiyot darslarida o‘rganib kelinayotgani barcha tojikzabon ijodkorlar va tojik xalqini mamnun etmoqda. Tojik xalqida ham Alisher Navoiy asarlari kirib bormagan xonadon yo‘q. Bunda tarjimonlarning o‘rni beqiyos. Bugun faxr bilan ayta olaman, zamonaviy ijodkorlar va zabardast tarjimonlarning samarali mehnati tufayli ikki xalq adabiyoti o‘zgacha qiyofa kasb etdi, yangi bosqichga ko‘tarildi.

– O‘zbek adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari, sizningcha, qaysi jihatlarda ko‘rinadi?

– Yaxshi asarning badiiy qimmati, boy ma’naviy mulk va asosiy manbaligini ko‘rsatib beruvchi omil bu tarjimon mashaqqatidir. Shu bilan birga, asarning boshqa tilda ham aslidagidek o‘qilishi uchun tarjimonda tajriba va salohiyat yuqori bo‘lishi kerak. Endi badiiy tarjima olamiga kirib kelgan kishi yoki mumtoz poetika borasida bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lmagan ijodkorlardan bu nozik masalada ehtiyotkor yondashuv talab etiladi. Asosiysi, tarjimon adabiy yukni his qilishi kerak. Shuning uchun, avvalo, tarjimonlar sinfini shakllantirib, so‘ng maqsadga erishish mumkin. Chunki shoir yaxshi she’r, adib qanchalar kerakli asar yozmasin, u targ‘ib qilinmasa ma’lum bir cheklangan o‘quvchilar doirasida qolib ketaveradi.

– Badiiy tarjimaning murakkab tomoni nimada? Ishtirokchi va tarjimon sifatida bo‘lajak anjumandan nimalarni kutyapsiz?

– Tarjima – bu eng nozik tuyg‘ularni xayolga qalb amri bilan tugib, aql bilan qog‘ozga tushirish san’ati. Badiiy tarjima shunday mo‘jizaki, siz qaytadan yangi asar yaratasiz. Tarjima adabiyoti shuning uchun ham murakkab va mas’uliyatli hisoblanadi. O‘zbek she’riyatining taniqli vakillaridan G‘afur G‘ulom, Zulfiya, Shuhrat, Abdulla Oripov she’rlarini tojik tiliga o‘girganman. Bugun ham bu an’ana zamonaviy tojik ijodkorlari tomonidan davom ettirilmoqda.

“O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiya yosh tarjimonlarga o‘rnak bo‘ladigan tarjima maktabi shakllanishiga, unda adabiyot sohasidagi dolzarb masalalarga yechim topilishi, muhimi, dunyo xalqlarining adabiyot va ma’naviyat borasidagi mushtarak qadriyatlari rivojlanishiga xizmat qilishiga ishonaman.

Dilobar Mamatova suhbatlashdi, O‘zA
2 366