Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.06.2018 19:02 Chop etish versiyasi

Nima uchun to‘g‘ri xulosa chiqarilmayapti?

Nima uchun to‘g‘ri xulosa chiqarilmayapti?
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh odamlarning o‘tirgan holda zikr tushayotgani aks etgan lavhalar paydo bo‘ldi. “O‘zbekiston” telekanalining “Munosabat” ko‘rsatuvidamana shu mavzu atroflicha muhokama qilindi.

Ko‘rsatuvda o‘z vaqtida bu muammoga e’tibor qaratmagan jurnalistlar ham tanqid qilindi. Shu sababli o‘zimning qoralamalarimbilan o‘rtoqlashishga qaror qildim.

Yoshligimizda televizorda Mirzo Ulug‘bekka bag‘ishlangan badiiy film ko‘p qo‘yilardi. Unda bir lavha bor edi. Muridlardan biri aytgan “pirim qallob” iborasini uning to‘tisi “pi-i-rr-imm qallob” deb takrorlaydi. O‘z vaqtida mana shu ibora ancha mashhur bo‘lib ketgan edi. Bu filmni (to‘g‘rirog‘i to‘tining gapini) eslashimizga, bundan bir necha yil avval guvoh bo‘lganimiz bir voqea sabab bo‘ldi.

O‘shanda yurtdoshlarimizdan biri o‘z atrofidagilarga “pirga qo‘l berganini, endi namoz o‘qimasa ham, ro‘za tutmasa ham bo‘laverishini, pirining namozi, ro‘zasi muridlariga ham o‘taverishi” haqida safsata sotardi. Yoshi menga nisbatan ancha katta bo‘lgani boisdanmi, yoki bilmay turib xato qilishdan qo‘rqanimdanmi, indamadim. Ammo mana shu suhbat ancha vaqt halovatimni yo‘qotdi. Din, jumladan, tasavvufga oid kitoblarni varaqlab chiqishga to‘g‘ri keldi. Biror bir kitobda pirga mana shunday – muridlari uchun namoz o‘qish, ro‘za tutish kabi vakolat berilgani uchramadi. Sodda xalqimiz qallob pirlarning makriga uchrab qolmayaptimikan, degan andisha bilan “bundan ularni ogohlantirish kerak”, degan niyatda qo‘lga qalam oldim.

To‘g‘ri, tasavvuf haqida ustozlarimiz, diniy ulamolarimiz ko‘p va xo‘p yozishgan. Shunday bo‘lsa-da, “Nima uchun to‘g‘ri xulosa chiqarilmayapti va savodsiz «pirlar” boshqalarning boshini aylantirishda davom etmoqda?», degan savol tug‘iladi. Ulamolarimizning ta’kidlanishlaricha, tasavvuf ruhiy-ma’naviy poklanishga da’vat etuvchi g‘oyalar silsilasi sifatida paydo bo‘lib, uning namoyandalari uzoq asrlardan beri insoniyatning ma’naviy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Ko‘plab olimu ulamo, fozilu fuzalo, davlat va jamoat arboblari o‘zlarini tasavvuf olamiga daxldor sanagan, uning poklikka da’vat qiluvchi g‘oyalarini xalq turmush tarziga tatbiq etish yo‘lida sa’y-harakat qilishgan.

Ammo so‘nggi vaqtlarda ayrim kimsalar tariqatni mansab, mol-dunyo ortirish, muridbozlikka aylantirib oldilar. Olim va ulamolarning so‘zlariga qaraganda, bu shaxslar tasavvuf ta’limotining g‘oyalaridan ancha uzoqlashib ketishgan. Shayxlik maqomi mol-dunyo to‘plash manbai bo‘lib qolayotganidan ham aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Muridlar tomonidan pirlarni ko‘klarga ko‘tarib ulug‘lanishi, ularning tavof qilinishi dinimizda ham, tariqatda ham yo‘q.

Tasavvuf tarixida yuqori darajalarga ko‘tarilgan ulug‘ shayxlarning hammasi shariat ilmlarining ustozlari bo‘lib, tariqatga o‘tmoqchi bo‘lganlarni avval shar’iy ilmlarni egallashga da’vat qilganliklari ma’lum. Shu o‘rinda Ahmad Yassaviyning G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida 1992 yilda nashr qilingan “Devoni hikmat”iga murojaat qilamiz. Kitobning “Faqrnoma” bo‘limida shunday yoziladi:

«Bizdin so‘ngra andog‘ mashoyixlar paydo bo‘lg‘aykim, iblis alayhil-la’na alardin sabaq olg‘ay va hamma xalq alarg‘a muhib bo‘lg‘ay va muridlarini boshqara olmag‘aylar. Ul shayhlarkim, muridlaridin tama’ qilg‘ay va jonini kufru zalolatdin ayirmagay va ahli bid’atni yaxshi ko‘rgay va ahli sunnatni yomon ko‘rgay va ilmi shariat birlan amal qilmag‘ay va nomahramlarga ko‘z solg‘aylar va yomonlig‘ pesha qilib, Alloh ta’oloning rahmatidin umid tutqay va mashoyixlar ishini xor ko‘rgay, muridlari rad bo‘lg‘ay, o‘zlari murtad bo‘lg‘ay va yana xorliq-zorliq birla muridlarining eshigida yurugaylar. Ul holda muridlaridin niyoz olg‘aylar. Agar muridlari nazru niyoz bermasa, urushqaylar”.

Hozirgi kunda uchrab turayotgan muridlarning o‘z pirlarini haddan ziyod ulug‘layotganiga nima deyish mumkin? Ularning pirdan boshqalarning so‘ziga kirmasligiga, muqaddas kitoblarga amal qilmay, ulamolarning so‘zlarini tan olmay bepisand qarashlariga qanday baho berish kerak? Bu takabburlik emasmi? Qani bu yerda Ahmad Yassaviyning kamtarlik haqidagi “tufroq bo‘lgil” degan nasihatlari?

“Faqrnoma”da yoziladi:

“Shayx Zunnun Misriy rahmatullohi alayh andog‘ aytibdurlarkim, murid qirq yil xizmat qilmag‘uncha, shayxlik va faqirlik va darvesh o‘rni anga ta’yin bo‘lmas va xirqa kiymog‘i onga ravo ermas. Hazrati Sulton Xoja Ahmad Yassaviy andog‘ aytibdurlarkim, har kim pirlik va shayxliq da’vosin qilur bo‘lsa, qirq yil to pirning xizmatida yurmaguncha, shayx o‘rni anga ravo ermas. Agar murid olsa, rad turur. Har kim darvishliik da’vosin qilsa, avval Haq amrina buyin sunub, shariat amri birla bo‘lg‘ay. Va botil ishlardin va bid’at ishlardin parhez qilg‘ay, kecha qiyom bo‘lmag‘uncha, kunduz xizmat qilmag‘uncha, shayxliq da’vosin qilsa, botil turur. Agar tavba qilmay dunyodin borsa, Haq ta’olo tamug‘da turluk azobga giriftor qilg‘ay”.

Yana savol tug‘iladi: “Hozir o‘zlarini pir deb atayotganlar qaysi pirning xizmatini qirq yil qilibdi?” Umuman ular “tariqatga shariatsiz kirganlarning shayton kelib imonini olar emish” deya nasihat qilgan Ahmad Yassaviyning, shuningdek, Sayyid Amir Kulol, Sayyid Umar, Sayyid Baraka, Xo‘ja Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Bahouddin Naqshband, Xoja Ubaydullox Ahror kabi buyuk avliyolarning ta’limotidan xabardormikan?

Bugungi kunda pirlik da’vo qilayotgan (to‘g‘rirog‘i, odamlar ko‘ngliga qutqu solayotgan, murid ovlash, davlatu savlat ilinjida to‘rt tomon izg‘iyotgan kimsalar) va ularga qo‘l berayotgan muridlarga Ahmad Yassaviyning quyidagi so‘zlarini yana bir bor eslatib o‘tish kerakka o‘xshaydi:

“Shayx uldurkim, niyoz olsa, mustaqihlarg‘a, g‘arib, bechorag‘a bergaylar. Agar olib o‘zi yesa, murdor et yemishdek bo‘lg‘ay. Agar to‘n qilib kiysa, ul to‘n to‘zg‘uguncha Haq ta’olo namoz, ro‘zasini qabul qilmag‘ay va agar olg‘an niyozidin non olib yesa, Haq ta’olo oni do‘zaxda turluk azobga girftor qilg‘ay. Va agar andog‘ shayxga har kishi e’tiqod qilsa, kofir bo‘lg‘ay. Andog‘ shayxlar mal’un turur. Aning fitnasi Dajjoldin badtar, shariatda, tariqatda, xaqiqatda, ma’rifatda murtad turur. Ey tolib, agar Haqni talab qilib, tobay desang, ondog‘ pirga qo‘l bergilki, shariatda orifi billoh (Allohni tanigan kishi) bo‘lsa, tariqatda voqifi asror bo‘lsa, haqiqatda komilu mukammal bo‘lsa, ma’rifatda daryoi ummon bo‘lsa, ondog‘ pirga qo‘l bergilki, saodat bo‘lg‘ay. Agar murid shariat ilmini bilmasa, shariat ilmini onga o‘rgatgay. Agar tariqatda holi voqe’a paydo bo‘lsa, tariqat ilmi birlan yo‘lg‘a solg‘ay va haqiqat siridan muridga yo‘l ko‘rsatgay. Ma’rifatda jazaban Haq paydo qilg‘ay”.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, Islom ilm dinidir. “Xitoyda bo‘lsa ham ilm izla” deyiladi Hadisi sharifda. Tariqatdaman deguvchi ayrimlarning ilm o‘rganishdan o‘zlarini olib qochayotganlari ayanchli va achinarlidir. Payg‘ambarimiz (s.a.s.)ning “Alloh taolo sizlarning tashqi ko‘rinishlaringiz va mol-mulklaringizga emas, balki amallarigizga qaraydi” degan hadislariga amal qilmay tariqat yo‘liga kirdim deb kiyim-boshlarini, yurish-turishlarini o‘zgartirayotganlarni ham aslo oqlab bo‘lmaydi. Bir narsani – tasavvuf halollik, mehnatsevarlik, adolat va rostgo‘ylik kabi umuminsoniy qadriyatilarni o‘zida mujassam etganini aslo unutmaslik kerak.

Sharofiddin To‘laganov, O‘zA
1 436