Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.07.2018 11:48 Chop etish versiyasi

Nima uchun qora kuchlar OAV imkoniyatlaridan foydalanishga intilmoqdalar yoxud ijtimoiy tarmoq – “qarmoq”mi?

Bugungi kunda terrorizmga olib keluvchi tajovuzkor ekstremizm va radikalizm (TOKTER) masalalarini yoritishda OAV va ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni juda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki yovuz kuchlar allaqachon axborot maydonida, biz xohlaymizmi, yo‘qmi, o‘z qiyofalarini yaratishga ulgurdilar. 

Beruniy Alimov,
filologiya fanlari bo‘yicha
falsafa doktori

photo5368687989217143005.jpg

Zo‘ravon ekstremistik faoliyat yurituvchilar Internet tarmog‘i imkoniyatlaridan emin-erkin, hech qanday to‘siqlarsiz keng foydalana boshladi. Turli ekstremistik guruhlarning ijtimoiy tarmoqlardagi harakatlarining keskin faollashgani inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat.

Nima uchun ana shu qora kuchlar OAV imkoniyatlaridan foydalanishga intilmoqdalar? Ijtimoiy tarmoq – “qarmoq”mi? “Ayol muallif” texnologiyasi nima? Axborot maydoni va auditoriyaga bugun qanday tashxis qo‘yish mumkin? Bu borada OAVning roli qanday? Asosiy profilaktika ishlari nimalardan iborat bo‘lishi kerak?

Ushbu dolzarb savollarga javob izlashdan oldin ijtimoiy tarmoqlarning paydo bo‘lishi va ularning OAV bilan munosabatlari masalasiga oydinlik kiritib o‘tish o‘rinli bo‘lar edi.

XXI asrning ikkinchi o‘n yilligida ijtimoiy tarmoqlar (ing. social media) jahon media makonida faoliyat yuritib kelayotgan an’anaviy OAV bilan shu qadar aralashib, ba’zi holatlarda esa umuman qo‘shilib ketdiki, buning natijasida ularni bir-biridan ajratib ko‘rsatish yoki ularni bir-birlariga qarshi qo‘yish mantiqsizdek tuyulmoqda.

Eng muhimi, bugungi davrda ijtimoiy tarmoqlar an’anaviy OAV bilan chambarchas bog‘lanib, birgalikda rivojlanib borar ekan, respublikamizda mavjud ichki imkoniyatlarni muvofiqlashtirgan holda ulardan kengroq va samaraliroq foydalanish mumkinmi, degan savolni oldimizga qo‘yishimiz kerak. Ana shu tarmoqlardagi axborot oqimlarini to‘g‘ri yo‘lga solish, jahon tajribasi asosida xabarlar va yangiliklarni kuzatib borish va ularni tartibga keltirish, zarur holatlarda boshqarib borishni yo‘lga qo‘yish, yuzaga kelayotgan yangi tendensiyalarni tadqiq etish, bu boradagi qonunchilik bazasini mustahkamlash orqali samaradorlikni oshirish zarur.

Aynan yuqorida sanab o‘tilgan va boshqa qator muhim masalalar borki, ularni nazariy jihatdan chuqur o‘rganish, tahlil etish hamda bu borada zarur tavsiyalar ishlab chiqish davr talabidir.

Umuman olganda, ijtimoiy tarmoqlarning paydo bo‘lishi Internetning taraqqiy etishi va uning ommalashishi bilan bog‘liq tabiiy bir hodisa hisoblanadi. 

Darhaqiqat, bugun ko‘pchilikning kuni nafaqat bir piyola choy ustidagi nonushta bilan, balki u yoki bu ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifani ko‘zdan kechirish, ya’ni “set”(rus. tarmoq)dagi yangiliklar bilan tanishishdan boshlanadi. 

Hozirgi paytda yer kurrasining qariyb 50 foiz aholisi biron-bir ijtimoiy saytda faoldir. Ularning ayrimlari esa bir vaqtning o‘zida bir nechta tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tgan. 

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo yoshlarining 96 foizi ijtimoiy tarmoqlar vositasida o‘zaro muloqotga kirishishmoqda. 

Ayrim holatlarda ba’zi yoshlarning ommaviy tarmoqlarga mukkasidan ketib, o‘z vaqtlarini behudaga sarflashi yaxshi oqibatlarga olib kelmayapti. Bu haqda hindistonlik olim K.Shrivastava alohida fikr bildirib, ijtimoiy tarmoqlardan aniq maqsadda foydalanish joizligi, aks holda u vaqtning besamar ketishiga olib kelishini ta’kidlagan edi.

Afsuski, “o‘rgimchak to‘riga ilingan” ayrim yoshlarning o‘qish va ishga munosabati o‘zgarib, hayotga befarqligi kuchayib bormoqda. Darvoqe, yaqinda poytaxtlik yosh bir taksi haydovchisi “bundan atigi ikki-uch kun oldin to‘yi bo‘lgan sinfdoshini mahalladagi Internet kafega shoshib ketayotganini ko‘rib, hayron qolganligi”ni suhbat chog‘ida afsus va kinoya bilan hikoya qilib bergan edi. 

Haqiqatan ham Internetni bejizga o‘rgimchak to‘riga o‘xshatishmagan. Chunki uning domiga bir marta tushgan odamni, agar u aqlini ishlatmasa, o‘z girdobiga butkul tortib olishi turgan gap. Muammoning ijtimoiyligi ham ana shunda.

Internetning eng mashhur qismi hisoblangan ommabop “ijtimoiy tarmoqlar” haqida ayrim tarixiy faktlarga e’tibor beraylik. 

Dastlab ular qachon, qaysi maqsadda va qayerda paydo bo‘lgan, degan savollarga javob izlaymiz.

Ijtimoiy tarmoqlar tarixidan nimalarni bilamiz?

Umuman olganda, qayd etish mumkinki, kishilik tarixidagi birinchi ijtimoiy tarmoqlar paydo bo‘lishining o‘zi aynan Internet ixtiro qilingan olis 1969 yilga borib taqaladi (Istoriya vozniknoveniya sotsialnыx setey. Kto bыl pervыm? http://vsetke.ru/post/20447276). Hozirgi davrgacha bo‘lgan barcha evolyutsion bosqichlardan kelib chiqqan holda ijtimoiy tarmoqlarni asosan ikkita yo‘nalishga ajratish mumkin: 

• aniq bir kasb egalarini birlashtiruvchi professional hamjamiyatlar;

• ixtisoslashmagan umumiy tarmoqlar.

Soha olimlarining qayd etishlaricha, birinchi to‘laqonli ijtimoiy tarmoq Rendi Konrads tomonidan 1995 yilda ishlab chiqilgan classmates.com saytidir. Ingliz tilidan “slassmates” so‘zi sinfdoshlar (“odnoklassniki”) deb tarjima qilinadi. 

Mazkur tarmoq sobiq sinfdoshlar, kursdoshlar, harbiy xizmatdoshlar va umuman do‘stlar o‘rtasidagi aloqalarni qayta tiklashga qaratildi. 

Sayt hozirgi kungacha faoliyat yuritmoqda. Bu yerda asosan AQSH va Kanada fuqarolaridan iborat 50 mln.dan ziyod foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Sayt bugunga kelib Shvetsiya, Germaniya, Avstriya hamda Fransiya aholisiga ham xizmat qilmoqda.

Ta’kidlash kerakki, mazkur tarmoq dastlabki faoliyati davrida alohida shaxsiy sahifalar ochish yoki do‘stlarni to‘plash imkoniyatini bera olmagan. Bu joyda faqat bitirilgan o‘quv maskani bilan bevosita bog‘lanish, u yerda tahsil olganlar ro‘yxati bilan tanishish mumkin bo‘lgan, xolos.

2004 yilda Garvard universiteti talabasi bo‘lgan Mark Sukerberg Facebook portalini yaratdi. O‘sha paytda mazkur saytdan faqat ushbu oliy o‘quv yurti talabalarigina foydalana olishardi. Keyinchalik boshqa oliy ta’lim dargohlari talabalari va oddiy maktab o‘quvchilari ham Facebook imkoniyatlaridan bahramand bo‘la boshlashgan. 

2008 yilda Sukerberg loyihasi dunyoda mavjud ijtimoiy tarmoqlar orasida birinchi o‘ringa chiqib, ushbu yo‘nalishdagi “MySpace”ni ortda qoldirdi va muallif dunyodagi eng yosh milliarder maqomini oldi. Bugungi davrda 40ta tilda o‘z xizmatlarini taklif qilayotgan Facebook keskin ommalashib bormoqda. 

2006 yilda amerikalik dasturchi Jek Dorsi Twitter loyihasini amalga oshirdi. Mazkur sayt yangi avlod ijtimoiy tarmoqlari orasida yuqori baholandi. Soha mutaxassislari mazkur xizmatni oddiy blogoxosting sifatida ta’riflashadi. Ammo tarmoq bilan ishlash, mavjud servis shakli, xabarlar yozib qoldirish uslubi odatdagi bloglardan farq qiladi. 

OAV vs Twitter

2008 yilda Mumbayda sodir etilgan terakt paytida fuqarolarga tezkor axborot yetkazish masalasida Twitter tarixda birinchi marta ijtimoiy tarmoqning OAVga yaqinligini isbotlab berdi. 

Rossiyadagi ijtimoiy tarmoqlar nisbatan kech rivojlandi. Lekin ularning tez orada ommalashib ketganligini kuzatish mumkin. 

“V kontakte” loyihasini peterburglik dasturchi Pavel Durov (hammuallif – uning akasi Nikolay) 2006 yilda ishlab chiqdi. Mazkur sayt ko‘p jihatdan jahonga mashhur Facebook tarmog‘iga o‘xshaydi. Ammo bu faktni loyiha mualliflari inkor etishadi. 

Bugungi kunda “V kontakte” MDH hududidagi eng ommaviy ijtimoiy tarmoq darajasiga ko‘tarildi. U foydalanuvchilar sonining ko‘pligi bo‘yicha dunyodagi 30 talikka kiradi. Bundan tashqari, “runet” (Rossiya domeni)dagi eng yirik video- va audioxosting imkoniyatiga ega bo‘lgan portaldir.

Classmates.com saytining Rossiyadagi egizagi sifatida 2006 yilda Albert Popkov muallifligidagi “Odnoklassniki” loyihasi paydo bo‘ldi. Ushbu ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarga asosan hozirgi va sobiq sinfdoshlar bilan aloqa o‘rnatish imkoniyatini berdi.

O‘zbekistonda ham bir qator milliy ijtimoiy tarmoqlar shakllanmoqda. Ular qatoriga sinfdosh.uz va muloqot.uz portallarini kiritish mumkin. 

Yuqorida sanab o‘tilgan turli ommabop ijtimoiy tarmoqlarga xos umumiy xarakter shundan iboratki, ulardan birontasi yarim yil o‘tgandan keyin ham bugungidek mashhur bo‘lib qolaveradi, deb aytish mushkul. Chunki bu kabi saytlarni qo‘llab-quvvatlovchi texnologiyalar kun sayin o‘zgarib, yangilanib bormoqda. 

Yana muvaffaqiyatli yangi loyihalar yuzaga kelib, oldingi liderlarni bozordan siqib chiqarishi ehtimoli juda katta. 

Ijtimoiy tarmoqlar tasnifi

Mavjud ijtimoiy tarmoqlarni ularning turlariga qarab quyidagicha guruhlashtirish mumkin: 

- ommabop ijtimoiy tarmoqlar (Facebook, MySpace, Vkontakte va boshq.);

- real vaqt rejimida Internet foydalanuvchilari o‘rtasida xabar almashish tarmoqlari (Skype, ICQ, MSN Messenger va boshq.);

- bir nechta foydalanuvchilarning o‘zaro bog‘lanib, real vaqt rejimida muloqotga kirishishlariga xizmat qiluvchi Internet-chatlar (suhbat maydonchalari);

- qiziqarli va dolzarb mavzularni olib chiqib, ularni sharhlash va muhokama qilish imkoniyatini beruvchi Internet-forumlar; 

- ayrim foydalanuvchilarning shaxsiy onlayn-jurnallarini tashkil etuvchi Veb-bloglar;

- tashrif buyuruvchilar tomonidan to‘ldirib borilishi va tahrir qilinishi mumkin bo‘lgan portallar, ya’ni Viki-spravochniklar (Wikipedia);

- shaxsiy video materiallarni bepul asosda joylashtirib borish imkoniyatini beruvchi Internet-xostlar (YouTube).

2018 yilgi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zining 14 yoshini qarshilagan Facebook dunyoda eng mashhur ijtimoiy tarmoq darajasida qolmoqda. Bu yerda ro‘yxatdan o‘tganlar soni 2 mlrd. kishidan ortdi. 

Undan keyingi o‘rinlarni esa Twitter, Instagram, LinkedIn, Google+, Pinterest, Snapchat, YouTube, Reddit, WhatsApp, Flickr, Weibo egallagan.

Milliy OAV ijtimoiy tarmoqlarda faollashmoqda

E’tiborli jihati shundaki, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan qator OAV tomonidan yuqoridagi mashhur ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan keng foydalanish ishlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Bugungi kunda mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar sohadagi eng yangi va muhim tendensiyalardan hisoblanadi. 

Misol uchun, O‘zbekiston Milliy axborot agentligida (uza.uz) Facebook, Twitter, RSS auditoriyalari uchun ham xabarlar berib kelmoqda. U shuningdek, uyali telefonlar uchun mo‘ljallangan “mobil versiya”dan ham unumli foydalanyapti. Yana bir muhim jihati shundaki, ayni paytda O‘zA tomonidan dunyo mamlakatlariga 7 tilda (rus, ingliz, fransuz, nemis, ispan, arab, xitoy) yangiliklar uzatilmoqda.

Aynan yuqorida qayd etilgan ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi huzuridagi “Jahon” axborot agentligi (jahonnews.uz – rus, ingliz, arab tillari) ham faoliyat olib boradi. 

UzReport axborot agentligi tarqatayotgan xabarlar bilan (uzreport.com – rus, ingliz tillari) Facebook, Twitter, RSS orqali bemalol tanishib borish mumkin. 

O‘zbek, ingliz va rus tillarida faoliyat yurituvchi “Uzbekistan today” gazetasining Facebook, Twitter, Google plus, V kontakte kabi qator ommabop tarmoqlarga ulanganligi alohida e’tiborga molik.

Shu ma’noda respublikamizdagi davriy matbuot nashrlaridan biri “Darakchi” gazetasining Facebook ijtimoiy plaginiga ega ekanligini qayd etib o‘tish zarur.

Ta’kidlash kerak, O‘zbekistondagi davriy nashrlardan tashqari ijtimoiy tarmoqlarning o‘zida ham jonajon Vatanimizni ulug‘lovchi, uning tarixi va madaniyatini sevuvchi kishilarni jamlagan ijtimoiy guruhlar mavjudki, ularning ham jahon media makonida diyorimiz obro‘sini oshirishga xizmat qilishlari shubhasiz. Eng muhimi, bu kabi ijtimoiy guruhlar respublikamiz aholisi, ayniqsa, yoshlarni yanada jipslashtirib, ularning orasida har qanday yovuz niyatli kishilar g‘oyalariga o‘rin qoldirmaslikka hissa qo‘shdi.

Bunga misollar talaygina. “Facebook” tarmog‘idagi 20 mingga yaqin kishini jamlagan “I love Uzbekistan”, o‘z vaqtida 10 mingdan ortiq foydalanuvchiga ega bo‘lgan “I like Uzbekistan” va 35 ming foydalanuvchini birlashtirgan “I love Tashkent” hamda boshqa qator guruhlarni sanab o‘tish mumkin.

Darhaqiqat, dunyoda ijtimoiy tarmoqlarning salmog‘i ortib, foydalanuvchilar soni kun emas, soat sayin ko‘payib borayotgani hech kimga sir emas. Ayrim davlatlarda ular taqiqlab qo‘yilgan bo‘lsa-da, aynan ushbu tarmoqlarga dunyoning ko‘pchilik mamlakatlarida asosiy axborot manbayi sifatida qaraladigan bo‘ldi.

Tabiiyki, yuqorida sanab o‘tilgan jahonga mashhur ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan foydalanish yaxshi natijalar berishi shubhasiz. Lekin, fikrimizcha, O‘zbekistondagi davriy bosma nashrlarning, tahririyatlar a’zolarining, oddiy jurnalistlarning ana shu tarmoqlarga shunchaki, ixtiyoriy yoki yangi “urf-odatga ko‘ra” ulanishini biroz tartibga solish vaqti keldi. Chunki ular ayrim holatlarda tekshirilmagan xabarlar, yangiliklarga munosabat bildirib, o‘zlari ishlab kelayotgan OAV nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqdalar.

OAV uchun ijtimoiy tarmoqlar samaradorligini oshirish mumkinmi?

Xorijiy ekspertlarning qayd etishlaricha, an’anaviy OAV va media kompaniyalari ijtimoiy tarmoqlardan samarali foydalanishlari mumkin. 

Ayrim axborot tashkilotlari ijtimoiy tarmoqlarda ish olib borish uchun maxsus muxbir yoki muharrirlarni ishga jalb qilishadi. Muhimi, bu borada o‘ylanmay qilingan ishlar yoki shoshqaloqlik oqibatida OAVning obro‘siga putur yetmasligi kerak. 

Jumladan, bu haqda Hindiston Ommaviy kommunikatsiyalar instituti (IIMC – Indian Institute of Mass Communications) professori K.Shrivastava “Ijtimoiy tarmoqlarni biznes va davlat boshqaruvidagi o‘rni” (Srivastava K.M. Social media in business and governance. Sterling. New Delhi, India. 2013. P 153.) kitobida alohida to‘xtalgan.

Ushbu yo‘nalishdagi harakatlarning barchasi tahririyat tomonidan ichki qoidalar, kodekslar yoki tavsiyalar bilan alohida belgilab qo‘yilishi kerak. Chunki gazeta va jurnallar, axborot agentliklari, televideniye va radio muxbirlarining ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati ma’lum bir tartib doirasida bo‘lgani ma’qul. Ularning ijtimoiy tarmoqda qoldirgan “post”, “komment” (munosabat, sharh)lari har doim ham tahririyat siyosatiga, uning maqsad va vazifalariga to‘g‘ri kelavermaydi.

O‘ylaymizki, bu borada G‘arbdagi yetakchi OAV tomonidan qo‘lga kiritilgan ayrim tajribalarni respublikamiz sharoitida ham qo‘llash mumkin. 

Misol uchun, Assoshieyted Press (AR), Frans press (FP), Bi-Bi-Si (BBC) tahririyatlari o‘z xodimlarining ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini aniq qoidalar bilan tartibga solib qo‘ygan.

2012 yilning iyul oyida Assoshieyted Press axborot agentligi tomonidan qabul qilingan “AR xodimlari uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish qoidalari”da belgilanganidek, ushbu agentlikda mehnat qilayotgan har qanday muxbir ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lishi mumkin. Lekin “u fundamental qadriyatlarni hurmat qilishi darkor. Ayni paytda, aytaylik, hali oxirigacha aniqlanmagan biron-bir chigal xabarga doir shaxsiy munosabatini yoki fikrini tarmoq orqali bildira olmaydi”.

Demak, ijtimoiy tarmoqlarning mamlakat imijini shakllantirishdagi, ya’ni mustaqil davlatimiz qo‘lga kiritayotgan olamshumul yutuqlarni jahon media makoniga keng targ‘ib qilishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.


O'zA
3 342