O‘zA O`zbek

01.11.2019 Chop etish versiyasi

Nima sababdan aynan birja davlat xaridlari bilan shug‘ullanadi?

Nima sababdan aynan birja davlat xaridlari bilan shug‘ullanadi?

Davlat xaridlari jarayonda yaxlitlik, ochiqlik, raqobat o‘z navbatida xususiy sektor investitsiyalarini jalb etishda hamda investorlarni ichki bozorga bo‘lgan ishonchini oshirishda muhim omil sanaladi. Biroq,birja savdolarining narx-navoga ta’sir ko‘rsatishi, undagi murakkabliklar, tadbirkorlar o‘rtasidagi munosabatlar haqida nimalar bilamiz?

Bu va boshqa bir qator savollarga oydinlik kiritish uchun davlat xaridlari bo‘yicha elektron do‘kon va onlayn auksion tashkilotchisi O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi boshqaruv raisi v.b Ziyoviddin BADRIDDINOV bilan suhbatlashdik.

– Davlat xaridlari elektron do‘kon, boshlang‘ich narxni pasayib borishga yo‘naltirilgan elektron auksion, tanlov va tenderdan iborat, – deydi Z.BADRIDDINOV. – Bunda xaridlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, tadbirkorlar o‘rtasida sof raqobat muhitini shakllantirish, davlat budjeti, markazlashtirilgan manbalar va davlat ulushiga ega bo‘lgan korxonalar mablag‘laridan samarali foydalanishda o‘z hissamizni qo‘shamiz.

Xarid.uz maxsus axborot portali davlat xaridlarining shaffofligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan va joriy etilgan. Budjet va korporativ buyurtmachilarining xaridlari to‘g‘risidagi barcha e’lonlar qat’iy ravishda mazkur portalda chop etib boriladi. U davlat xaridlari uchun nafaqat axborot resursi, balki elektron do‘kon va auksion shaklida alohida turdagi tovarlar va xizmatlarning xaridi amalga oshiriladigan savdo platformasi hamdir. Tovar yetkazib beruvchilar, birinchi navbatda tadbirkorlik sub’ektlari onlayn tarzda davlat xaridlari tizimidan erkin foydalanishlari mumkin.

– Xaridor hamisha sifatli mahsulotni arzon narxlarda sotib olishni istaydi. Ko‘pchilikda davlat xaridlaridan norozilik holati shu jihatdan yuzaga kelmoqda. Misol uchun, bozorda ming so‘m bo‘lgan ruchkani savdoda bir yarim ming so‘mga sotib olish hammaga ham yoqmaydi. Davlat tashkilotlariga bu savdolarda ishtirok etish majburiy bo‘lgan vaziyatda bu tartibdan kim yutadi?

– Agarda elektron do‘konni kuzatadigan bo‘lsak, yetkazib beruvchilar portalga sotish uchun joylashtirgan ruchkalarni bahosi 500 so‘mdan 5000 so‘mgacha ekanini ko‘rish mumkin. Ularni ko‘rib, o‘rganib, budjetdan ajratilgan mablag‘ni miqdoriga to‘g‘ri kelsagina, buyurtmachilar xarid uchun harakatni boshlaydi. Agarda buyurtmachi 2,5 ming so‘mlik ruchkani xarid qilish uchun xarid tartib-taomilini boshlasa, bu buyurtmachi ruchkani arzon narxda ololmadi, degani emas.

Elektron do‘konda buyurtmachi o‘ziga kerakli tovarni tanlagandan so‘ng, tizim avtomatik rejimda boshqa yetkazib beruvchilarga savdolarda ishtirok etish taklifini yuboradi. Shundan boshlab yetkazib beruvchilar buyurtmachi tanlagan shartlar asosida o‘z narxlarini taklif etadi.

Kim yutadi? deydigan bo‘lsak hammaga foydali bu savdo. Elektron do‘konda tizim 48 soat davomida kelib tushgan takliflar ichidan eng past narx bergan yetkazib beruvchini savdolar g‘olib sifatida aniqlaydi va yetkazib beruvchi buyurtmachi tanlagan tovarni yetkazib beradi.

Auksion savdolarda esa buyurtmachi olmoqchi bo‘lgan mahsulotiga budjetdan kelib chiqqan holda, o‘ziga ma’qul boshlang‘ich narxni belgilaydi.Bozorda ming so‘m bo‘lsa, u ham shunday baho berishi mumkin. Auksion savdolar ham boshlang‘ich narx pasayishi taomilida o‘tkaziladi.

Statistikani ko‘radigan bo‘lsak, davlat xaridlarida o‘rtacha 17 foizdan ortiqroq mablag‘ iqtisod qilinmoqda. Ya’ni auksion va elektron do‘konda savdolar pastga o‘sishi, narxlar esa yetkazib beruvchilarning takliflariga binoan shakllangani hisobiga boshlang‘ich narxi ming so‘m belgilagan mahsulotni buyurtmachi o‘rtacha 830 so‘mga olishi mumkin. Demak, buyurtmachi 17 foiz iqtisod qilmoqda.

– Ishlab chiqaruvchi taqdim etgan mahsulot ba’zan xaridorga ma’qul kelmasligi mumkin. Bunday holatda to‘lov pulini qaytarib olishga ko‘p vaqt ketishidan buyurtmachilar norozi bo‘lmoqda. Jarayon oylab davom etganda inflyatsiya hisobga olinadimi?

– Ayni vaqtda tuzilgan bitimlarning 90 foizidan ortig‘i bajariladi va ma’lum qismida munozarali holat kuzatiladi. Bunday vaziyatda ikki tomon kelisha olmasa,muammo iqtisodiy sud orqali hal etiladi. Bu jarayonda, yetkazib berish muddati tugagunga qadar mablag‘ning 100 foizi birjada turadi. So‘ngra mablag‘ davlat g‘aznasiga qaytarib yuboriladi va muzlatilgan holatda ushlab turiladi. Ya’ni sud qarori asosida shartnoma o‘z kuchini yo‘qotgani yoki bajarildi deb topilmaguncha bu mablag‘ni buyurtmachi ham, ishlab chiqaruvchi ham ishlata olmaydi.

Bu yerda saqlanayotgan buyurtmachining pulini qaytarilishida inflyatsiya hisobga olinmaydi. Biroq, bu taraflarning kelishuviga bog‘liq ham bo‘ladi. Davlat tashkiloti o‘z majburiyatlarini bajargach “zarar ko‘ryapman, eski narxda yetkazib ber” degan iltimosiga tadbirkor rozi bo‘lsa, hisobga olinadi. Agar davlat buyurtmachisi o‘z majburiyatlarini vaqtida bajarmagan bo‘lsa, yetkazib beruvchi “Yo‘q, tovar narxi oshib ketdi, hozirda bu narxda yetkazib bermayman” deyishga ham haqqi bor.

– Mahsulot yetkazib berishda transport xizmati muhim. Zero, u narx-navoga ta’sir ko‘rsatishi, tabiiy. Kam mahsulotni viloyatlarga olib borish ayniqsa, dori-darmon yetkazib berishda qator muammolar mavjud? Bunda birja yetkazib berish xizmatlari bilan ishtirok etsa bo‘lmaydimi? 

– Bu masala oldinlari ham ko‘rib chiqilgan. Shuning uchun, oldin bitta lotga bitta tovar qo‘yilgan bo‘lsa, qariyb bir yildan buyon lotga bir turga tegishli bir nechta, 10-20 tovar qo‘yishga ruxsat berilgan. Ochiqlik va raqobatni ta’minlash uchun unda ishlab chiqaruvchining nomi ko‘rsatilmaydi.

Dori-darmon vositalari albatta, maxsus avtomobillarda yetkazib berilishi kerak. Bu jarayonni tartibga soluvchi va nazorat qiluvchi tashkilotlar mavjud. Agarda yetkazib berishda muammolar bo‘lsa, tegishli tashkilotlarga bu haqida ma’lum qilinsa, noxolis va mas’uliyatsiz yetkazib beruvchiga jazo qo‘llanilishi mumkin.

Yetkazib berish xizmatlari tashkil etishga keladigan bo‘lsak, qonun bo‘yicha birja va uning qoshidagi tashkilotlar elektron savdolarda qatnashmaydi. Savdolarni tashkil etish bizning vazifamiz bo‘lgandan keyin bizning undagi ishtirokimiz raqobatni cheklab, noto‘g‘ri tushunchalarni yuzaga keltirishi mumkin. Hozirda davlat xaridlarida kuniga o‘rtacha 3 mingta bitim bo‘ladi. Hisob-kitoblar birjaning Hisob - kitob kliring palatasi orqali amalga oshirilishi hisobiga yetkazib berish muddatlarini avtomat tarzda tizim monitoring qilib boradi.

– Agarda savdo buzilsa, taraflarga ish bajarilmagani uchun komission yig‘im qaytarib beriladimi? 3 foizlik avans to‘lovi nima bo‘ladi?


– Ushbu yig‘im savdolarni tashkillashtirib berganimiz va bitimni amalga oshirganimiz uchun to‘lanadi. Ya’ni sotuvchi 100 million so‘mlik tovar qo‘ysa va 10 million so‘mga baholangan qismini sotsa, shundan 0,15 foiz olamiz. Shartnoma shartlari bajarilmay qolsa ham yig‘im undiriladi, chunki, tizimda elektron bitim amalga oshirilgan.

3 foizlik avans to‘loviga kelsak, boshlang‘ich narxdan to‘lanadigan bu miqdor muntazam ravishda mijozning Hisob-kitob kliring palatasidagi maxsus hisobvaraqasida saqlanadi va shartnoma shartlari bajarilmagan holatlarida jarima sifatida jabrlangan tomonga, ya’ni buyurtmachi yoki yetkazib beruvchining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Ko‘p hollarda nizolar shartnomani ijro etish bosqichida yuzaga kelmoqda. Masalan, buyurtmachi tovarning sifatidan qoniqmagan bo‘lishi mumkin, yetkazib beruvchi esa uning tovari e’londa ko‘rsatilgan barcha talablarga javob berishini ta’kidlashi mumkin. Bunday vaziyatlarda kim haq, kim nohaq ekanligini faqat sud aniqlab beradi. Bu albatta, muayyan vaqtni talab etadi. Bundan tashqari aynan sud shartnoma shartlari bajarilmaganligi uchun talafot ko‘rgan tomon foydasiga jarima undirish qarorini qabul qiladi.

Holatni tezlashtirish maqsadida ayrim kelishmovchiliklarni Davlat xaridlari sohasida shikoyatlarni ko‘rib chiqish komissiyasi tezkor hal etishda ishtirok etmoqda. Ular qatoriga, misol uchun yetkazib berilgan tovarni buyurtmachi qabul qilmasligi, yetkazib beruvchini insofsiz ijrochilarning yagona reestriga kiritish va boshqa masalalar kiradi.

Davlat xaridlari sohasida shu kabi nizo va kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun birinchi navbatda yetkazib beruvchilar ham, buyurtmachilar ham o‘z majburiyatlarini qonunchilikka qat’iyan rioya qilgan holda bajarishlari lozim.

– Elektron savdodan maqsad vaqt va qog‘ozni tejash, biroq jarayonga chetdan e’tibor qiladigan bo‘lsa, buning aksini ko‘rish mumkin?

-Elektron xaridlarda elektron raqamli imzodan foydalangan holda shaxsiy kabinetga kirib ishtirok etish mumkin. Shartnomalar ham elektron tarzda shakllanadi, bu esa ishtirokchilarni qog‘oz shaklida hujjatlarni taqdim etish yukidan xalos etadi.

Ammo, hamma tashkilot har xil ishlaydi.Oldingi vaqtlardagidek, qog‘ozga yozib, qo‘lma-qo‘l qilish shart emas.Aslida ham qog‘ozbozlik, byurokratiya kabi holatlarni oldini olish uchun buyurtma va yetkazib beruvchilar uchun shartnomalarni elektron shaklga keltirib qo‘yganmiz. Hatto, shartnoma shartlari bajarilmagan yoki buzilgan holatda ham ikkala tomon kelishgan holda bitta tugmani bosish orqali uni bekor qila oladi. Ya’ni buyurtmachi shartnomani bekor qilib, shaxsiy kabinet orqali xabar yuboradi. Yetkazib beruvchi ham kabinet orqali qabul qilib oladi. Xat yozib,qog‘oz va vaqt sarflash shart emas.

– Birja buyurtmachilar va yetkazib beruvchilar elektron tizimga kiritgan narxlarni nazorat qila oladimi?

– Yo‘q. Buning uchun huquqiy vakolatga ham ega emasmiz.Elektron davlat xaridlari tizimi narxlarning tushishiga qaratilgan. U esa buyurtmachilar va yetkazib beruvchilardan kelib tushgan takliflar asosida shakllanadi. Savdolar g‘olibi inson omilining aralashuvisiz avtomatik tarzda aniqlanadi. Chunki,buyurtmachi va ishtirokchilar elektron tizimda ro‘yxatdan o‘tganlaridan so‘ng, o‘z shaxsiy kabineti orqali amalga oshirayotgan barcha harakatlari uchun o‘zlari javobgar. Birja bunda ishtirok etmaydi.

Shuningdek, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlarning to‘g‘ri qo‘llanilishi ustidan davlat nazoratini bir qator, xususan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Bosh prokuraturasi, Moliya vazirligi o‘z vakolati doirasida amalga oshiradi.

Eslatib o‘tish joizki, davlat xaridlari tizimi ishga tushirilgunga qadar, xaridlar to‘g‘risidagi e’lonlar yagona portalda joylashtirilmasdan, yetkazib beruvchilar bilan bevosita aloqada amalga oshirilar edi. Bu esa sohada raqobatni keskin cheklanishi va budjet mablag‘larini maqsadsiz ishlatilishi uchun sharoit yaratilishiga sabab bo‘lgan.

Ayni vaqtda butun dunyo mamlakatlarida davlat xaridlari amalga oshiriladi. Masalan, Belarusda xam Tovar xom ashyo birjasi davlat xaridlari operatori deb belgilangan va savdolar bizdagi kabi auksion ko‘rinishda o‘tkaziladi. Ayrim davlatlarda esa tender ko‘rinishida tartibga solinadi.

Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, buyurtmachilar va yetkazib beruvchilar ro‘yxatdan o‘tish, e’lonlarni joylashtirish va rasmiylashtirish, keyin esa bitimlarni tuzish tartibi haqida ko‘p savollar kelmoqda. Shu sababli xarid.uz portalida buyurtmachilar va yetkazib beruvchilar uchun maxsus o‘quv-videoqo‘llanmalar joylashtirilgan. Call-markazdagiqo‘ng‘iroqlarorqali kelib tushayotgan takliflar o‘rganib chiqilib, elektron tizimni takomillashtirish bo‘yicha muntazam ravishda ishlar olib borilmoqda.

Hozirda budjet buyurtmachilari o‘tkazayotgan to‘lovlarni soddalashtirish bo‘yicha Moliya vazirligi G‘aznachiligi bilan birga tegishli ishlar olib borilmoqda. Foydalanuvchilarga yanada davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalini soddaroq va qulay qilish uchun uning dizaynini 2020 yilda qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda.

3 404
Sayyora ShOEVA, O‘zA