O‘zA O`zbek

12.07.2019 18:38 Chop etish versiyasi

“Nihol” mukofoti sovrindori Salomat Ayapov bir oylik harbiy xizmatni oʻtamoqda

“Nihol” mukofoti sovrindori Salomat Ayapov bir oylik harbiy xizmatni oʻtamoqda

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi harbiy qismlaridan birida oʻzbek va qoraqalpoq xalqining faxriga aylangan, afsonaviy jirovlar shogirdi, “Nihol” mukofoti sovrindori Salomat Ayapov bilan ijodiy uchrashuv uyushtirildi.

Ayni vaqtda Nukus garnizoni Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyoni xizmatchisi Salomat Ayapov bir oylik harbiy xizmatni oʻtamoqda.

Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi matbuot xizmati OʻzAga maʼlum qildi.

Salomat Ayapov 2011-yili Nukus madaniyat va sanʼat kollejining cholgʻu ijrochiligi (qoʻbiz) mutaxassisligini tamomlab, shu yili Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining bakalavr bosqichiga oʻqishga kiradi.

2016-2018-yillarda Samarqand davlat universitetining magistraturasida tahsil oladi.

Bolalik chogʻlaridanoq musiqa sanʼatiga oshno boʻlgan Salomat qoʻbiz cholgʻu asbobida jirov aytishning sir-saboqlarini chuqur oʻrganib, shu sanʼat turi boʻyicha koʻplab yutuqlarni qoʻlga kiritgan.

Vengriya, Boshqirdiston, Turkiya, Qirgʻiziston, Estoniya va Qozogʻiston kabi davlatlarda boʻlib oʻtgan xalqaro doston ijrochilarining tanlov va anjumanlarida ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni egallagan.

Olis viloyatlardan kelgan muddatli harbiy xizmatchilar uchun tashkil etilgan ijodiy uchrashuvda Salomat yoshlarga jirov sanʼat turi va qoʻbiz milliy cholgʻu asbobining yaratilish tarixi haqida qiziqarli maʼlumotlarni aytib berdi.

U “Alpomish”, “Oshiq Gʻarib va Shohsanam”, “Yedige” kabi dostonlardan parchalar kuylab, askarlarni hayratda qoldirdi.

– Baxshichilik haqida eshitgandim. Bugungi uchrashuvdan keyin oʻzim uchun yana bir yangi sanʼat turini kashf qildim, – deydi toshkentlik muddatli harbiy xizmatchi Muslim Qurbonov. – Jirovlar faqatgina botirlik va qahramonlik dostonlarini kuylar ekanlar. Jirov kuylarida qoʻbizdan chiqayotgan ohang dostonning yanada taʼsirchanligini oshirib, qoraqalpoq xalqining milliy madaniyati kuylar sehrida jilvalanishini his etdim. 

Tadbirda SCHR batalyoni xizmatchilari Salovat Xoʻjamuratov va Nursultan Xoʻshanov milliy cholgʻu asboblari yordamida ijro etgan shoʻx kuy va qoʻshiqlar yigʻilganlar olqishiga sazovor boʻldi.


OʻzA
787