O‘zA O`zbek

20.08.2018 18:50 Chop etish versiyasi

Nigoradan bronza, Niyozdan esa kumush

Nigoradan bronza, Niyozdan esa kumush Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida o‘tayotgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarida bahslar qizg‘in davom etmoqda.

Xotin-qizlar o‘rtasidagi taekvondo (WTF) bo‘yicha o‘tgan bellashuvlarda vazni 67 kilogrammgacha bo‘lgan hamyurtimiz Nigora Tursunqulova yarim finalda Janubiy Koreya vakilasi Jandi Kimga qarshi dayanga ko‘tarildi. Afsuski, ushbu bahsda yosh sportchimizga omad yetishmadi. Shu tariqa, Nigora Osiyo o‘yinlarining bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Taekvondo bahslarining 58 kilogrammgacha vazn toifasida hamyurtimiz Niyoz Po‘latov finalga qadar muvaffaqiyatli ishtirok etib, O‘zbekiston delegatsiyasiga navbatdagi kumush medalni keltirdi.

Palembang shahrida Osiyo o‘yinlarining tennis musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda.

Unda hamyurtimiz Nigina Abduraimova qozog‘istonlik Anna Danilinani 0:6, 6:2, 6:2, mamlakatimizning birinchi raqamli raketkasi Sabina Sharipova esa vyetnamlik Ksilla Fodorni 7:5, 6:3 hisobida yengdi.

Shuningdek, yakkalik bahslarning erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarida Denis Istomin pokistonlik Oqil Xonni 6:3, 6:1, Jo‘rabek Karimov livanlik Jovani Samaxani 6:4, 7:6 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Juftlik bahslarida qatnashayotgan Iroda To‘laganova hamda Sabina Sharipova Xitoy Taypeyi vakilalari Piyechi Li va Chiyenxu Xsuga qarshi kortga chiqdi. Ushbu o‘yinda hisob 2:1 bo‘lib turganda Li va Xsu uchrashuvni o‘tkazishdan bosh tortdi va mag‘lubiyatini tan oldi.

Erkaklar o‘rtasida Denis Istomin va Farrux Do‘stov pokistonlik Muhammad Obid va Muzammil Murtazoni birinchi setda tay-brekda ikkinchi setda esa 6:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Osiyo o‘yinlari davom etmoqda.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA
2 420