O‘zA O`zbek

03.03.2020 Chop etish versiyasi

Niderlandiyalik jurnalist: “Oʻzbek oʻgʻlonlari shaʼni, gʻururi va odamiyligini saqlab qolgan...”

Niderlandiyalik jurnalist: “Oʻzbek oʻgʻlonlari shaʼni, gʻururi va odamiyligini saqlab qolgan...”

Bu yil Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlanadi. Bu gʻalabada oʻzbek xalqining ham beqiyos hissasi borligini chuqur anglagan holda, urushda halok boʻlgan ota-bobolarimiz, front ortida zahmatli mehnat qilgan jafokash yurtdoshlarimiz xotirasi doimo qalbimizda yashaydi.

Ikkinchi jahon urushida 1,5 milliondan ziyod mard va jasur Oʻzbekiston farzandi jang qilgan. Ularning koʻpi qurbon boʻlgan. Hozirgacha urushda halok boʻlgan oʻzbekistonlik jangchilar qabrini topish, xotirasini abadiylashtirish ishlari davom etmoqda.

Urush yillari Niderlandiya hududida ham koʻplab askarlar qurbon boʻldi. Keyinchalik mingga yaqin jasur jangchilar xotirasi hurmati uchun alohida ramziy qabriston qilindi. Ular orasida Markaziy Osiyodan 101 askar borligini bugun barchamiz yaxshi bilamiz. Yaqin yillarga qadar bu askarlarning aksariyati haqida tayinli maʼlumot boʻlmagan, ularning yaqinlariga esa “bedarak yoʻqolgan” deb yozilgan bir parcha qogʻoz yuborilgan, xolos.

Bugun yangi Oʻzbekiston olamga boʻylamoqda. Chet davlatlar bilan doʻstona aloqalar yana-da mustahkamlanayapti. Shu islohotlar samarasida Niderlandiya tuprogʻida mangu qoʻnim topgan oʻzbekistonlik yigitlar shaxsini aniqlashga kirishildi.

Bu jarayonda 20 yildirki, bedarak ketgan askarlar taqdirini oʻrganib kelayotgan niderlandiyalik jurnalist Remko Reyding tadqiqotlari tahsinga loyiq.

OʻzA muxbiri R.Reyding bilan internet orqali gaplashib, tadqiqotlarining natijalari bilan oʻrtoqlashdi.

R.Reyding bir necha yil Rossiyada ishlab, ona shahri Amersfortga qaytgach, bir oʻrtogʻi unga shahar yaqinida “Sovet qabristoni” borligini aytadi.

– Juda hayratlanganman, chunki bu haqida oldin hech eshitmagan edim, – dedi R.Reyding. – Qabristonga bordim va bu yerda dafn etilgan askarlar haqida arxiv hujjatlarini oʻrgana boshladim, guvohlarni izlashga tushdim.

Qabristonda jami 865 sobiq sovet askari koʻmilganini, ammo ularning aksariyati Niderlandiyaning boshqa joylarida yoki Germaniyada halok boʻlib, jasadlari keyinchalik keltirilganini aniqladim.

Maʼlum boʻlishicha, ular orasida faqat 101 askarning taqdiri boshqacharoq xotima topgan. Qabr toshlariga “Nomaʼlum sovet jangchisi” deb bitilgan 101 askarning shaxsi va ismlari aniqlanmagan, ammo barchasi xuddi shu yerda, Amersfortda oʻldirilgan.

Toshkent bilan Niderlandiyaning olis Leusden shaharchasini taxminan 4 ming 800 kilometr masofa tutashtirib turadi. Bu masofani bugun samolyotda 6 soatda bosib oʻtish mumkin.

Ammo 1941-yilning 22-iyunidan sobiq ittifoqqa qarshi fashistlar Germaniyasi boshlagan ayovsiz urushning dastlabki pallasidayoq asirga olingan va aksari oʻzbekistonlik boʻlgan 101 navqiron yigit uchun bu chaqirimlarning Yevropa qismi misli koʻrilmagan azob-uqubatlarga limmo-lim boʻlgan edi.

Konslagerga olib kelingach, askarlar ochiqlikda oʻrnatilgan qafasda 15 kun qip-yalangʻoch holda qoldiriladi. Fashistlar bu manzarani film sifatida suratga olishga harakat qilishadi. Ular har hafta tasavvur qilib boʻlmas sharoitda saqlanayotgan 101 asirni Amersfort shahridan aholiga koʻrsatish maqsadida olib oʻtar ekan.

Asirlarni och saqlaydi. Ochlik va sovuqdan oʻlayozgan mahbuslarga non uloqtirib, ularning bir-birlari bilan jiqqa-musht boʻlishini tasvirga tushirmoqchi boʻlishadi. Ammo qafasga non burdalari uloqtirilishi bilan zoʻrgʻa harakatlanayotgan mahbuslar non boʻlaklarini oʻzaro teng taqsimlaydi. Oqibat, bundan foyda kamligini koʻrgach, ularni alohida barakka joylashtiradi. Askarlarni “untermenschen”, yaʼni “chala odamlar” deb atashgan.

91 yoshni qarshilagan Henk Brukhauzen oʻta kam sonli guvohlardan biri. Asirlar keltirilganida u oʻspirin edi.

– Koʻzimni yumsam, xotiramda ularning chehralari gavdalanadi, – deydi Henk Brukhauzen. – Janda kiyimlarga oʻralgan, askarlarga ham oʻxshashmasdi. Faqat yuzlari koʻrinardi. Natsistlar asirlarni temir yoʻl vokzalida poyezddan tushirib, markaziy koʻcha boʻylab konslagerga piyoda olib oʻtishgandi. Ular jussasi kichik va ozgʻin edi, oyoqlarida poyabzal ham yoʻq, faqat eski paytava oʻralgandi. Baʼzilari oʻta holdan toygan, yura olmas, doʻstlari suyab ketishardi. Ayrim asirlar koʻchaga chiqqan odamlarga qoʻllari bilan “ovqat bering” degandek ishora qilishgani hamon koʻz oldimda. Biz suv va non keltirdik. Ammo natsistlar hammasini qoʻlimizdan yulqib olib, otib yuborishdi. Yordam bergani qoʻyishmadi. “Ularga koʻmak koʻrsatmang, ular dushmanlarimiz” deb baqirishdi.

Oʻrta Osiyodan boʻlgan bu asirlarga doir saqlanib qolgan maʼlumotlarga koʻra, aksari oʻzbek, qolganlari esa qozoq yoxud qirgʻiz boʻlgan. Asirlar qish boʻyi turli qiynoqlarga mahkum edi. Chalajon asirlarning uchdan bir qismi qishdan omon chiqmagan. Ularning bir qanchasi tibbiy tajriba qurboni boʻlgan. Qolgan 77 nafarini ham oʻlik yoki tirik ekanini aytish mushkul edi. Chunki ular barakdan tashqariga chiqmay qoʻyishgan, ayrimlarini tashqarida zoʻrgʻa oyoq sudrab yurganini ahyon-ahyonda koʻrish mumkin edi.

Tirik qolgan askarlar 1942-yilning 9-aprel erta tongida oʻrmonda otib tashlangan. Bunga ham qanoat qilinmasdan, jasadlarga yonib turgan ohak quyilib, jinoyat izlarini butunlay yoʻqotishga harakat qilishgan. Hozir bu askarlar qatl etilgan oʻsha joyda maxsus yodgorlik – Monument Koedriest oʻrnatilgan.

Uzoq yillik urinishlardan soʻng 865 askarning baʼzi yaqinlariga urushda izsiz ketgan yaqinlari qabrini ziyorat qilish nasib etdi.

Amersfort shahri yaqinida dafn etilgan 101 nomaʼlum askar qabrini ziyorat qilgan oʻzbeklar bu yerda dafn etilganlar qabriga Oʻzbekiston tuprogʻidan sepishdi. Toshkent shahridagi Xotira bogʻiga qoʻyish uchun oʻzbeklar dafn etilgan ushbu qabriston tuprogʻi ham olib ketildi.

Oʻzbekistonning Navoiy viloyati vakillari Leusden shahridagi faxriy maydonga tashrif buyurdi. Hamyurtlaringiz nomaʼlum ketgan askarlar qabrini ziyorat qildi. Ularning qabriga ona yurtidan olib kelingan tuproq sochdi va oʻzbekona udumlarga xos tarzda mamlakatingizdan olib kelingan koʻzalarni qabrlar yoniga qoʻyishdi. Urush qurbonlari unutilmaydi. Har yili ular sharafiga xotira marosimi oʻtkaziladi.

Tadqiqotlarimiz shuni koʻrsatadiki, qatl etilgan askarlarning koʻpchiligini oʻzbekistonliklar tashkil etgan. 865 askarning 764 nafari boshqa joylarda ham dafn etilgan. Ishonchim komilki, ular orasida ham oʻzbeklar boʻlgan. Afsuski, 101 askar millionlab qurbonlar dengizidan bir tomchi, xolos.

Hatto qabr yoqasida ham umid yashaydi. Kun kelib Amersfort konslagerida yoki uning atroflarida halok boʻlgan 101 askardan kamida bittasini aniqlay olishimizga umid qilganmiz.

Izlanishdan charchamadik. Va yangi natijalarga erishdik. Bu 101 askardan bittasini aniqlash uchun yangi imkoniyat edi. Oʻzbeklar bilan birga asirlikda boʻlgan niderlandiyalik Gerrit de Uilde 7 mahbusning portretini chizgan. U ikkita mahbusning ismini ham taxminan aytgan. Albatta, biz bu askarlar taqdiri bilan bogʻliq tadqiqotlar oʻtkazdik. Xotira kitoblaridan birida xuddi shu nomdagi askarni uchratdik. Bu askar oʻzbekistonlik boʻlib, hanuzgacha bedarak yoʻqolganlar safida qayd etilgan ekan.

Gerrit de Uild portretida “Kaderu Xatam” nomi bor, bu “Chatam Qodirov” degan ism-sharifga juda yaqin edi.

Oʻzbekistonga tashrifimiz davomida Samarqand viloyatida joylashgan, ammo xaritadan koʻrinmaydigan Navroʻztepa qishlogʻini izlab topdik. Bu yerda Ikkinchi jahon urushi boshlanishidan oldin Chatam Qodirov ismli yigit yashagan ekan. Urush boshlanganida u 22-23 yoshda boʻlgan. Frontga ketgan Chatamning taqdiri mahalladoshlari va yaqinlari uchun nomaʼlumligicha qolgan. Chatamning ismi toʻqsoninchi yillarda yodgorlik kitobiga kiritilgan. Navroʻztepada istiqomat qiluvchi Abdulla Rasulov Chatam Qodirov haqidagi maʼlumotlarni tiklashda yaqindan koʻmak berdi.

– 1941-yilda mahallada qirqqa yaqin xonadon istiqomat qilgan, – dedi A.Rasulov. – Bir vaqtning oʻzida oʻttiz kishi frontga joʻnadi, atigi oʻn ikki kishi qaytdi. Shuningdek, Chatamning katta akasi Rustam Qodirovni ham 1941-yilda urushga olib ketishgan va u ham bedarak yoʻqolgan.

Biz Navroʻztepa tarixi bilan ham yaqindan tanishdik, afsus, Chatam Qodirovlar oilasini topishning iloji boʻlmadi.

Tadqiqotimni boshlaganimga 20 yildan oshdi. Ilk ish faoliyatimni 865 nafar nomaʼlum askar taqdirini oʻrganishdan boshlaganman. Bugunga qadar 250 dan ortiq askarning hayot yoʻlini arxivlar yordamida oʻrganib chiqishga muvaffaq boʻldik, turli millatlarga mansub 210 nafar askar shaxsi aniqlandi.

101 askar taqdiri, afsuski, hali ham nomaʼlumligicha qolmoqda. Menda faqat bir nechta rasm va baʼzi maʼlumotlar bor. Chizmalarda atigi ikkita nom bor: Zoir Muratov va Hotam Qodirov.

Ular Smolensk yaqinida asirga tushgan, Amersfortga 1941-yilning 27-sentyabrida olib kelingan. 1942-yilda oxirgi qatl etilgan 77 kishi orasida boʻlgan.

"Amersfort” konslageriga keltirilib, bu yerda aql bovar qilmas qiynoqlarga qaramay oʻz shaʼnini, gʻururi va odamiyligini saqlab qolgan 101 oʻgʻlon taqdiri nafaqat Niderlandiya va Oʻzbekiston, balki dunyoning koʻplab mamlakatlarida ham maʼlumu mashhur boʻldi.

Men mamlakatingizning yaqin doʻsti va faxriy mehmoniga aylanib ulgurganman. Aytish joizki, yurtingizga tashrifim chogʻida “Oʻzbekkino” milliy agentligi mutasaddilari bilan uchrashishga muvaffaq boʻldim va 101 askar xotirasiga bagʻishlangan hujjatli filmning suratga olish jarayoni bilan yaqindan tanishdim.

2 134
Muhayyo TOSHQORAYEVA, OʻzA