O‘zA O`zbek

08.08.2018 11:30 Chop etish versiyasi

Nega takror-takror aldanaveramiz?

Nega takror-takror aldanaveramiz?

Muqaddam sudlangan fuqaro Usmon Shoyev (ism-familiyalar, joy nomlari va atamalar o‘zgartirilgan) qilmishlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarmadi. Bundaylar haqida xalqimiz “Hassasini ikkinchi bor yo‘qotdi“, deydi.

– Fuqaro Maqsad Ma’murov Usmon Shoyev rahbarligidagi “Media ta’mir” xususiy korxonasi tomonidan 2-mavzedagi bir necha uyda amalga oshirilgan ta’mirlash ishlarida noqonuniy o‘zlashtirish va talon-taroj qilish jinoyatlari sodir etilganini yozma ravishda ma’lum qildi, – deydi Guliston shahar prokurori Sarvar Bozorov. – Ushbu murojaat yuzasidan surishtiruv o‘tkazildi. Tegishli tartibda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tekshiruv harakatlari olib borildi.

“Media ta’mir” xususiy korxonasi rahbari, muqaddam sudlangan fuqaro Usmon Shoyev o‘zgalarning mulkini talon-taroj qilish va boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlarni quyidagi holatda qasddan sodir etish harakatini amalga oshirgan. Xususan, “Media ta’mir” xususiy korxonasi rahbari sifatida mansab vakolatini suiiste’mol qilib, noqonuniy yo‘l bilan boylik orttirish maqsadida, buyurtmachi “Soy bo‘yi” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati bilan 2015 yil 13 iyul sanasida Guliston shahrining Alisher Navoiy shohko‘chasida joylashgan 124, 136-uylar, Ulug‘bek ko‘chasidagi 1- va 10-uylarni joriy ta’mirlash to‘g‘risida 7-shartnomani tuzadi. Ishni boshlamasdan oldin 65 million 73 ming 259 so‘m mablag‘ni xususiy korxonasi hisob raqamiga o‘tkazishga erishadi.

2015 yilning avgust-sentyabr oylarida “Media ta’mir” xususiy korxonasi quruvchilari uylarni ta’mirlash uchun jami 61 million 676 ming 331 so‘mlik ish bajarildi, deb amalda bajarilmagan ish uchun 27 million 263 ming 451 so‘m mablag‘ni dalolatnomalarni soxtalashtirgan holda qo‘shib yozadi va soxtalashtirilgan hujjatlarni shirkatga taqdim etadi. Shirkat tomonidan to‘langan summani soxtalashtirilgan hujjatlar bo‘yicha yana 3 million 396 ming 928 so‘m, jami 30 million 660 ming 379 so‘m mablag‘ni mansab mavqeyini suiiste’mol qilgan holda, o‘zganing mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qiladi.

Bugungi shiddatli zamonda har qanday “qing‘ir ishning qiyig‘i“ chiqishi uchun 40 yil kutish shart emas. Usmon Shoyevning qilmishi 3 yilda fosh bo‘ldi.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. “Xo‘sh, bu jinoyatning kelib chiqish sababi qayerda? Kimdir o‘zganing haqini o‘zlashtirib, talon-taroj qilsa, hujjatlarni soxtalashtirib, tekin daromad orttirganini nega oddiy fuqaro Maqsad Ma’murov sezadi-yu, o‘sha summani o‘tkazib berayotgan shirkat rahbarlari bilmaydi?”

– Bu jinoyatning kelib chiqish sababi, avvalo, nafaqat oddiy fuqarolar, balki mas’ul lavozimda ishlayotgan mansabdor shaxslar ham o‘z haq-huquqini bilmasligi, bilimi sayozligi, eng yomoni, davlat mulki talon-taroj bo‘lishiga, nopok yo‘l bilan noqonuniy ravishda o‘zlashtirib olinishiga loqaydligi tufayli kelib chiqmoqda, – deydi Guliston shahar prokurori Sarvar Bozorov. – Aynan bu jinoyatning kelib chiqishi xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, “Soy bo‘yi” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati a’zolari va pudratchilar o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan, uylar ta’miri yakuni bo‘yicha bajarilgan ish haqidagi dalolatnomalarni yetarli bilimga ega bo‘lmagan holda qabul qilib olishi, nazorat o‘lchovi o‘tkazishni tashkillashtirmasligi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tashabbusi yoki fuqarolarning e’tirozi asosida o‘tkaziladigan nazorat o‘lchovlarida aniqlangan qonun buzilishlar sabab bo‘lgan.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
2 916