O‘zA O`zbek

10.09.2018 14:33 Chop etish versiyasi

Nega Surxondaryoda qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish 4,4 foizga oshgan?

Nega Surxondaryoda qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish 4,4 foizga oshgan?
Ogʻir jinoyatlar kamaygan boʻlsada, Termiz shahri, Angor, Muzrabot, Oltinsoy tumanlarida bu turdagi jinoyatlar soni ortgan.

Viloyatda umumiy jinoyatlar oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 32,4, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 34,4, oʻta ogʻir jinoyatlar 23,4, ogʻir jinoyatlar 26,1, bosqinchilik 87,5, firibgarlik 7,5, oʻgʻirlik 48,4, inson oʻlimi bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisasi 13,1 foiz kamaygan. Shuningdek, nomusga tegish, tovlamachilik, transport vositasini olib qochish, bezorilik, qasddan badanga yengil va oʻrtacha tan jarohati yetkazish kabi jinoyatlar kamayishiga erishilgan.

Biroq, bu borada mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilmagani ayrim jinoyatlarning oʻsishiga ham olib kelgan. Xususan, viloyatda qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish 4,4 foizga oshgan. Ogʻir jinoyatlar kamaygan boʻlsada, Termiz shahri, Angor, Muzrabot, Oltinsoy tumanlarida bu turdagi jinoyatlar soni ortgan. Qiziriq tumanida firibgarlik, Sherobodda muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, Jarqoʻrgʻon tumanida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar, Sherobod, Sariosiyo va Jarqoʻrgʻon tumanlarida, ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning Qumqoʻrgʻon tumanida koʻpaygani ham achinarlidir.

Viloyatdagi 717ta mahalla fuqarolar yigʻinining 298 tasida joriy yilning oʻtgan davrida umuman jinoyat sodir etilmagan boʻlsada, Termiz shahridagi Alpomish, Denov tumanidagi Lolazor kabi bir qator mahallalarda jinoyatlar soni oshgan. Termiz shahridagi “Alpomish” mahalla fuqarolar yigʻinida 37 jinoyat yuz berganini qanday izohlash mumkin? Yoki “Shifokor” mahalla fuqarolar yigʻinida muqaddam sudlangan 25 nafar shaxsning atigi 7 nafari ish bilan taʼminlangani jinoyatlarning oldini olishga eʼtiborsizlik nishonasi emasmi? Bu mazkur mahallalar faollari, profilaktika inspektorlari va sektorlar rahbarlarining masʼuliyatni chuqur his etmayotgani, oʻzaro hamkorlikni talab darajasida yoʻlga qoʻya olmayotganining amaldagi isbotidir.

Termizda videoselektor shaklida boʻlib oʻtgan xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida shu haqida soʻz yuritilib, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishda “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati” tizimi asosida olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.

Tanqidiy tahliliy ruhda oʻtgan sessiyada uzoq yillar xorijda yurib yashash manzillariga qaytib kelgan fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va bandligini taʼminlashda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar ham tahlil qilindi. “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati” tizimiga muvofiq tegishli tarmoqlarning faoliyat yoʻnalishlarini belgilovchi “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish tavsiya etildi. Huquq tartibot idoralari, mahalliy kengashlar deputatlari, yoshlar ittifoqi, oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa davlat hamda jamoat tashkilotlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi faoliyati samaradorligini yanada oshirish vazifasi topshirildi.

Mazkur masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudi raisining oʻrinbosari B.Dehqonovning axboroti va mutasaddi rahbarlarning hisobotlari tinglanib, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

Sessiyada kun tartibidagi boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Xolmoʻmin Mamatrayimov, OʻzA
1 275