O‘zA O`zbek

12.11.2019 Chop etish versiyasi

Nega O‘zbekistonda advokatlar soni kam? Mutasaddilar izoh berdi

Nega O‘zbekistonda advokatlar soni kam? Mutasaddilar izoh berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni ijrosi bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi, 2018 yil 12 mayda qabul qilingan mazkur Farmonda aks etgan vazifalar yuzasidan o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

– Farmonda tizimga oid bir qancha muammo va kamchiliklar ko‘rsatib berilgan edi – deydi Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Eldor Mahkamov. Eng birinchi muammo sifatida surishtiruv va tergov organlarining ayrim xodimlari tomonidan advokatlar o‘zlarining ishonch bildiruvchilari oldiga kirishlariga yuzaki sabablarga ko‘ra to‘sqinlik qilish bo‘yicha muammolarimiz bor edi. Bu bo‘yicha respublikadagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari o‘rtasida ishchi guruh tuzildi va har bir viloyatda seminarlar o‘tkazdik. Bundan tashqari yopiq tergov muassasalarida uchrashuvlar uyushtirib berish uchun sharoitlar yaratib berish masalasida choralar ko‘rildi. Tergov hibsxonalari va yopiq turdagi muassasalarda advokatlar 
va himoya ostidagi shaxslar uchrashuvi uchun audio va videokuzatuv qurilmalari bo‘lmagan 69 ta xona qayta jihozlanib, ularda vizual ko‘rib turish imkoniyati yaratildi. 


Bundan tashqari, mutasaddilar tomonidan ma’lumot berilishicha, advokatlik litsenziyasini berish va advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi sezilarli darajada soddalashtirildi. Advokatlik litsenziyasining amal qilishini to‘xtatib turish va tugatish sud tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Natijada advokatlarning litsenziyasini tugatish joriy yilning birinchi yarmida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,3 baravarga (13 nafar) kamaydi. Advokatlarning sud binosida kompyuter, mobil va boshqa aloqa vositalaridan hech bir moneliksiz foydalanishi yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari advokatlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari hamda mahallalarda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga bepul ixtiyoriy yuridik yordam ko‘rsatish (pro bono) amaliyoti joriy etildi. 

Tadbirda jurnalistlar tomonidan berilgan O‘zbekistonda nima sababdan advokatlar soni kamligi, soha bo‘yicha mutaxassislarning yetishmasligi borasidagi savolga Advokatlar palatasi raisi birinchi o‘rinbosari Shuhrat Sodiqov javob berdi:

– Qonunchiligimiz bo‘yicha advokat bo‘lish uchun talabgor ikki yillik yuridik tajribaga ega bo‘lishi kerak. Biz sohaga yoshlarni jalb qila olmayapmiz. Hozirda 4 ming advokat orasida 70 nafargina 30 yoshgacha bo‘lgani bor. Talabalar bilan yaqindan ishlayapmiz, lekin ularni kasbimizga olib kirishda ikki yillik tajriba degan joyi bor va biz ikki yilni yo‘qotyapmiz. Talabgor yo chet elga o‘qish yoki ishga ketib qoladi, yo boshqa ish topib ketadi. Advokatlar palatasi huzurida talabalar uchun klub ochganmiz. Kuni kecha undagi Toshkent davlat yuridik universitetining 15 nafari advokat bo‘laman deyapti, lekin ular ertaga 2 yil senga ish bera olmayman deganimizdan keyin uni boshqa ish beruvchi olib ketadi. Shu tariqa yosh kadrlarni ham yo‘qotyapmiz. Yangi qonunda bu to‘siqni olib tashlaymiz va kelajakda umid qilamizki advokatlar soni ortadi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda 1 ta advokat 8 250 nafar fuqaroga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich AQShda 256 nafar, Italiyada 260 nafar, Germaniyada 500 nafar, Ozarbayjonda 667 nafar, Gollandiyada 900 nafar, Fransiyada 1 403 nafar, Qozog‘istonda 4 000 nafar fuqaroga to‘g‘ri keladi.

1 838
Inobat Ahatova, O‘zA