Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2017 15:00 Chop etish versiyasi

Toshkent davlat agrar universiteti professori mamlakatimizda zaytun, zig‘ir, kunjut, saflor (maxsar) yetishtirish va xorijga yog‘ eksport qilish imkoniyatlari haqida gapirdi

Agrar tarmoqdagi dolzarb masalalar fermerlar va olimlar hamkorligini yanada mustahkamlashni taqozo etmoqda

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 30-dekabr kuni mamlakatimizning yetakchi olimlari bilan uchrashuvida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini yanada mustahkamlash borasidagi dolzarb masalalar, ularni hal qilish yo‘llari haqida ochiq fikrlashib olindi.

Bu mamlakatimizda ilmiy-innovatsion potensialning yangi rivojlanish dinamikasiga asos solinayotgani bilan tarixiy ahamiyatga ega. Qolaversa, jahon iqtisodiy inqirozi davom etayotgan, tabiiy resurslar uchun kurash keskinlashayotgan hozirgi murakkab globallashuv davrida O‘zbekiston ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiyotga erishishning muhim omili sifatida tanlab olganini ko‘rsatdi.

Mamlakatimiz olimlari mazkur uchrashuvda bildirilgan fikr-mulohazalarni chuqur o‘rganib, o‘zlarining amaliy takliflarini bildirmoqda. O‘zbek o‘rmonchilik maktabining taniqli vakillaridan biri, Toshkent davlat agrar universiteti professori Abduxalil Qayimov bu borada O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.

– Xalqimiz qadim-qadimdan vodiylarda, katta suv manbalari – daryo va anhorlar atrofida yashab kelgan, ya’ni o‘troq, jamoa bo‘lib hayot kechirish turmush va tafakkur tarzimizga chuqur o‘rnashgan, – deydi A.Qayimov. – Bu, o‘z navbatida, dehqonchilik madaniyati rivojida, ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etishda muhim asos bo‘lmoqda. Istiqlol yillarida mamlakatimizda fan va ishlab chiqarish integratsiyasi mustahkamlanayotgani barcha soha kabi qishloq xo‘jaligi taraqqiyotida ham muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Esimda, Shavkat Mirziyoyev 2010-yili Toshkent davlat agrar universitetida bir guruh olimlar bilan uchrashuvda bog‘dorchilik va uzumchilikni rivojlantirish masalasini davlat siyosati darajasida kun tartibiga qo‘ydi, intensiv bog‘lar yaratish borasida olimlarning fikr-mulohazalarini tingladi.

Ko‘p o‘tmay mamlakatimiz bo‘ylab qaqragan, deyarli unumsiz yerlarni o‘zlashtirish, pakana va yarimpakana daraxtlardan iborat innovatsion texnologiyali intensiv bog‘lar barpo etishga kirishildi. Chunki intensiv bog‘ ikkinchi yiliyoq gektariga 2-5 tonnadan hosil beradi. Undan uchinchi yili 10 tonnagacha, to‘rtinchi yildan 50 tonnadan ziyod meva yetishtirish mumkin. Bu mahalliy boqqa nisbatan 2-3 barobar ko‘p hosil degani. Bularning natijasida birgina 2016-yilda mamlakatimizda 3 million tonna (2015-yilga nisbatan 10,8 foiz ko‘p) meva, 1,7 million tonna (9,9 foiz ko‘p) uzum yetishtirildi.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugun jahonda deyarli har sakkiz kishidan biri to‘yib ovqatlanish imkoniyatiga ega emas, insoniyatning 30 foizidan ziyodi eng asosiy mikroelement va vitaminlarga boy oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligini boshidan kechirmoqda. Mamlakatimizda bugun 180 turdan ortiq sarxil meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlar dunyoning 80 davlatiga eksport qilinmoqda. Biroq serquyosh va saxovatli Vatanimiz zaminida bundan ham katta, boy imkoniyatlar mavjud. Deylik, intensiv bog‘lar barpo etish, asosan, Toshkent, Samarqand, Namangan, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu tajribani mamlakatimizning boshqa hududlarida ham keng ommalashtirish jahon meva-sabzavot bozorida yanada mustahkam o‘rin egallashimizni ta’minlaydi.

Shavkat Mirziyoyev 2016-yili o‘zining saylovoldi dasturida qishloq xo‘jaligi sohasini yanada isloh qilishni ustuvor vazifalardan biri sifatida belgiladi. Bunda 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish dasturini qabul qilish, uning doirasida ekin maydonlarini optimallashtirish va paxta ekishni bosqichma-bosqich qisqartirish tashabbusini ilgari surdi. Bu yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, zamonaviy intensiv agrotexnologiyalarni joriy etish, mahsulotni saqlash va chuqur qayta ishlash infratuzilmalarini takomillashtirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Davlatimiz rahbari shu yil 14-yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida bu borada qator va muhim vazifalarni belgilab berdi. Bunda ekin maydonlari va ekinlar tarkibini optimallashtirish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish va hosildorlikni oshirish, meva-sabzavot va uzum yetishtirishni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Prezidentimiz akademiklar bilan uchrashuvda jiddiy, hayotiy va asosli ilmiy takliflar mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yuksaltirishda katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Bundan men ham xulosa qilib, mamlakatimizning iqtisodiy taraqqiyoti va ekologik barqarorligini ta’minlashga taalluqli ayrim taklif va mulohazalarimni bildirishni lozim topdim.

Bugun davlatimiz xorijdan kungaboqar yog‘ini import qiladi. Holbuki, zaminimizda zig‘ir, kunjut, saflor (maxsar) kabi moyli o‘simliklar yaxshi o‘sadi, biroq ular ko‘p hollarda lalmi maydonlarda ekilmoqda. Ayrim joylarda g‘alladan bo‘shagan maydonlarda tajriba-sinov uchun yetishtirilmoqda. Mazkur moyli ekinlar hosildorligi lalmi joylarda gektariga o‘rtacha 3-4 sentnerdan oshmaydi. Ular sug‘oriladigan yerlarda tajriba uchun ekilganda, gektariga o‘rtacha 20 sentner hosil olish mumkinligi ayon bo‘ldi. Eng asosiysi, mazkur moyli ekinlar uncha ko‘p suv talab qilmaydi. Agar barcha agrotexnologiya o‘z vaqtida qo‘llanilsa, hosil bundan ham oshadi. Bu tajriba bosqichma-bosqich ommalashtirilsa, yog‘-moy importi keskin qisqaradi. Bu borada moyli ekinlar hosilini o‘rib olishdan to qayta ishlashgacha bo‘lgan jarayonni qamrab oladigan zamonaviy tizim va sanoat majmuasini barpo etishga katta zarurat bor. Chunki bugun, deylik, maxsardan olingan hosilning ma’lum qismi qayta ishlanmoqda, biroq qolgani chorvaga ozuqa bo‘layotir. Axir, bu uvol-ku!

Yoki mamlakatimizda zig‘irdan asosan qo‘lbola juvozlarda yog‘ olinayotgani tufayli uni filtrlash va qayta ishlash imkoni deyarli yo‘q, shu bois xalqimiz zig‘ir yog‘idan ro‘zg‘orda doimiy foydalanmaydi. Biroq xorijlik mutaxassislar ham zig‘ir va kunjut hosili yuqori texnologiyalarda qayta ishlansa, olingan yog‘ sifati zaytun yog‘idan qolishmasligini aytmoqda. Agar bu moyli o‘simliklarni sug‘oriladigan yerlarda ekish va uni qayta ishlash sanoati mamlakatimizda to‘la quvvat bilan yo‘lga qo‘yilsa, nafaqat xalqimizni yog‘ mahsulotlari bilan ta’minlash, balki uni xorijga eksport qilish imkoni ham paydo bo‘ladi.

Yana bir masala: mamlakatimizda cho‘llanish va tuproqning sho‘rlanish darajasi ancha yuqori. Bu qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olishga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda. Xususan, ayni paytda mamlakatimizdagi mavjud 4,3 million gektar sug‘oriladigan maydonning qariyb 2 million gektari (46,7 foizi) turli darajada sho‘rlangan. Keyingi yillarda amalga oshirilgan melioratsiya ishlari natijasida kuchli va o‘rtacha sho‘rlangan maydonlar 105 ming gektarga, yer osti sizot suvlari sathi 2 metrgacha bo‘lgan maydonlar 117,6 ming gektarga kamaytirildi. Bunda ekologik muvozanatni saqlab turuvchi eng asosiy vositalardan biri hududlarni o‘rmonlashtirishdan iborat.

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-yilda mamlakatimizda 44 ming gektar, shu jumladan, Orol dengizining qurigan tubida 17 ming gektarda cho‘l o‘simliklaridan yangi o‘rmonzorlar barpo etildi, 395 gektar maydonda niholxona va ko‘chatxonalar tashkil qilindi. Biroq ko‘chat ekish tadbirlari barcha joyda ham talab darajasida olib borilgan, deyish qiyin. Ilgari bunda kampaniyabozlikka yo‘l qo‘yilgan hollar ham bo‘ldi. Ayrim joylarda ko‘chatlar o‘sha hudud tuproq-iqlim sharoitiga mosmi-mos emasmi, birday ekilgan. Oqibatda ekilgan ko‘chatlarning barchasi birday unib-o‘sib ketgani yo‘q. Endi bunday xatoliklarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. O‘rmonchilik tizimini zamonaviy bilim va malakaga ega kadrlar, zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash borasidagi ishlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish mamlakatimizning iqtisodiy qudratini va ekologik ahvolini yanada barqarorlashtirish imkonini beradi. Chunki o‘rmon fondi yerlari mamlakatimizning qariyb 20 foiz maydonini tashkil qiladi. Ulardan samarali foydalanish Vatanimizning iqtisodiy taraqqiyoti va ekologik barqarorligi bilan chambarchas bog‘liq.

Keyingi paytlarda ayrim fermer xo‘jaliklari o‘z maydonlari atrofida «yashil hudud» barpo etdi. Biroq bu ishlar chala qoldi. Agar mamlakatimizdagi 4,3 million gektar sug‘oriladigan maydonda dala ihotazorlari barpo qilinsa, bu bilan 120 ming gektar daraxtzorlar paydo bo‘ladi. Natijada qishloq xo‘jaligi ekinlari mahsuldorligi 15-20 foizga oshadi, namlikni saqlash hisobidan sug‘orish bir martaga kamayadi va yiliga 2,4 milliard kubometr suv tejaladi, hududlarda ekologik muhit yaxshilanib, landshaft tubdan o‘zgaradi.

Bularning barchasi fermerlar va olimlar hamkorligini yanada izchil mustahkamlash bilan chambarchas bog‘liq. Chunki O‘zbekiston olimlari va fermerlari asosan davlat va xorij grantlari doirasida hamkorlik qilmoqda. Vaholanki, bugun fermerlarimiz – jamiyatimizda yetakchi kuch, yetarlicha mablag‘ va imkoniyatlarga ega. Biroq ularning barchasi ham olimlar bilan hamkorlik qilish tashabbusi bilan chiqmasligi taassuflidir. Holbuki, ilmiy-amaliy tajribadan, birinchi navbatda, fermer manfaat ko‘radi. Balki bu borada qandaydir mexanizm ishlab chiqilib, fermerlar buyurtmasi asosida ilmiy-tajribaviy ishlarni kuchaytirish kerakdir.

Gapim quruq bo‘lmasin: 2007-2011-yillarda xorij granti asosida mamlakatimizda o‘sadigan olma, nok, anor, o‘rik, uzum, yong‘oq, xandon pista va bodomning mahalliy navlarini topish, saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha tadqiqotlar olib bordik. Ularning 265 xil mahalliy navlari topib o‘rganildi, 150 turi ishlab chiqarishga tavsiya qilindi. Mamlakatimizning deyarli barcha hududidagi 38 fermer xo‘jaligida bular amaliyotda sinab ko‘rildi, ularni ko‘paytirish va parvarishlash bo‘yicha tavsiyanomalar ishlab chiqilib, tarqatildi, qariyb 600 fermerning bu boradagi bilim va malakasini oshirish maqsadida joylarda seminarlar o‘tkazildi. Shunda quvalik bir fermer «shuncha yil anor parvarishlab, uning navlari bo‘lishini endi bildim, shu paytgacha duch kelgan anorni ekib yuravergan ekanmiz», dedi. Ko‘ryapsizmi, muammoning ildizi qayerda? Bugun fermerlar agrar yo‘nalishdagi oliy ta’lim muassasasini bitirgan bo‘lishi mumkin, amaliyotda zo‘r mutaxassisdir balki, biroq u har kuni shiddat bilan o‘zgarayotgan ilmiy yangiliklardan ham xabardor bo‘lsa, shu sohaning olimlari bilan yaqin hamkorlik qilsa, hosilining sifati va salmog‘i ham oshib boraveradi.

Shaharlarimizni hamisha «yashil hudud»lar o‘rab turishini orzu qilaman. Chunki shahar aholisi, ko‘pincha, diqqinafaslikdan siqiladi, imkon bo‘ldi, deguncha tog‘-dashtga otlanadi. Vaholanki, shaharlarimiz atrofidagi katta maydonlarda «yashil hudud»lar barpo qilish qiyin ish emas. Bunda manzarali, sanitar-gigiyenik, estetik xususiyatlarga ega nina-yaproq bargli daraxt va buta turlaridan har hududning tuproq-iqlim sharoitlariga moslarini ekish mumkin. Bu bilan shaharlarda ekologik muvozanat ta’minlanadi, iqlim mo‘tadillashadi, odamlarning umri uzayadi, ish potensiali oshadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilm-fan namoyandalari bilan uchrashuvida «Agar ishlab chiqarish va ilm-fan hamohang bo‘lsa, biz ellik yil keyingi hayotimizni tasavvur qilib, bugun unga zamin hozirlasak, juda katta natijaga erishamiz», deb qat’iy ishonch bilan ta’kidladi. Aslida ham amaliyotsiz ilm quruq nazariya bo‘lib qolganidek, ilmsiz amaliyot ham maqsadsiz harakatdan boshqa narsa emas. Bugun mamlakatimizda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi izchil mustahkamlanayotgani ertaga jahon iqtisodiyotida qanday vaziyat yuz bermasin, el-yurtimiz o‘z yo‘lidan og‘ishmay, yuksak taraqqiyot va farovonlik sari sobitqadam ildamlashida baquvvat asos bo‘lib xizmat qiladi.

Umid Yoqubov, O‘zA
688






Все о погоде - Pogoda.uz