O‘zA O`zbek

01.05.2020 Chop etish versiyasi

Navoiyliklarning insonparvarlik yordami Buxoroga yetib keldi

Navoiyliklarning insonparvarlik yordami Buxoroga yetib keldi

Hammaga malumki, joriy yilning 27-aprel kuni mamlakatimizga kirib kelgan kuchli shamol yurtimizning bir qator hududlari qatorida Buxoro viloyati ayniqsa, Olot va Qorakoʻl tumanlarining infratuzilma tarmoqlari va qishloq xoʻjaligi ekinlariga katta zarar yetkazdi.

Bu tabiiy ofat tufayli uy-joylar, avtotransport vositalari, infratuzilma obyektlari va ekin maydonlari talafot koʻrdi. Shunday murakkab vaziyatda davlat miqyosidagi dolzarb yumushlar koʻpligi va noqulay ob-havo sharoitiga qaramay Prezidentimiz zudlik bilan viloyatga yetib kelib, vaziyatni oʻrgandi.

Olot tumani markazida faollar va aholi vakillari bilan uchrashuvda Davlatimiz rahbari bugun mamlakatimizning barcha hududlarida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash olib borilayotgani, qatʼiy tartib-intizom oʻrnatilgani tufayli yaxshi natijalarga erishilayotganini alohida taʼkidladi. Bu tabiiy ofat ham bir sinov ekani, sarosimaga tushmay, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak, qiyinchiliklarni yengib, yana-da kuch-qudratga toʻlishimiz haqida katta ishonch bilan gapirdi. Shuningdek, tabiiy ofatdan zarar koʻrgan har bir oilaga koʻmak berilishi, birorta xonadon, korxona, fermer xoʻjaligi eʼtibordan chetda qolmasligi aytildi. Bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan har bir yurtdoshimizning boshi koʻkka yetdi.

Uchrashuvda tabiiy ofat oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, turar joylar va infratuzilma obyektlarini taʼmirlash, aholiga har tomonlama koʻmaklashish boʻyicha mutasaddilarga topshiriq berildi. Qishloq xoʻjaligi, iqtisodiyot tarmoqlari, jamoat xavfsizligi yuzasidan tezkor chora-tadbirlar belgilandi.

Ayni paytda amaliy ishlar boshlab yuborildi. Qoʻshni Navoiy viloyatidan Buxoroga qurilish materiallari va oziq-ovqat mahsulotlari ortilgan insonparvarlik avtomashinalar karvoni yetib keldi. Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmatidan maʼlum qilishicha, insonparvarlik yordami sifatida 9 ming dona shifer, 45 ming dona gʻisht, 23 kub taxta, 210 metr kub щyeben, 17 tonna oziq-ovqat mahsulotlari joʻnatilgan.

Insonparvarlik yordamida yetkazilgan qurilish va oziq-ovqat mahsulotlari viloyatdagi talofatdan aziyat chekkan insonlarga yetkaziladi.

1 990
Zarif Komilov, OʻzA