O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Navoiylik tadbirkor yetim bolalarga uy sovgʻa qildi

Navoiylik tadbirkor yetim bolalarga uy sovgʻa qildi

Navoiyda ota-onasidan bevaqt yetim qolgan uch nafar bolaga tadbirkor uy sovgʻa qildi.

Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati kengashi taklifi bilan “Biznes fundament” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari tadbirkor Otabek Haydarov tomonidan ota-onasidan erta yetim qolgan 3 nafar bolaga Navoiy shahar markazidagi zamonaviy koʻp qavatli turar joylardan, barcha sharoit va qulayliklarga ega boʻlgan ikki xonali uy sovgʻa qilindi.

Ota-onasining bevaqt vafotidan keyin 5 yildan buyon Karmana tumanida ijarada yashab kelayotgan bolalar buvisi Saodat aya Shukurovaning qaramogʻida qoldi.

Bugun ularning quvonchi cheksiz, saxovatli tadbirkor tomonidan uy bilan birgalikda ayaning ikki nafar oʻgʻil nabirasiga zamonaviy noutbuk hamda qiz nabirasiga tikuv mashinkasi, uy roʻzgʻor buyumlari bilan birgalikda, kir yuvish mashinasi ham sovgʻa qilindi.

– Butun dunyo biladi, oʻzbek xalqining naqadar bagʻrikengligini. Tadbirkor oʻgʻlimga ming rahmat, biriga ming bersin. Yetimning boshini silagani uchun Yaratgan undan ham oʻz saxovatini ayamasin, – deydi Saodat aya. – Ota-onasidan erta ayrilgan nevaralarimni eldan kam boʻlmasin deb tarbiyalab, oʻqitib kelayapman. Mana mening oʻgʻlim yana bittaga koʻpaydi. Shu mushtiparlarning kelajagini oʻylab, qanotimga kirgan tadbirkor bolamdan men ham, nevaralarim ham minnatdormiz.

Ayni koronavirus illatiga qarshi jipslikda, birgalikda kurashayotgan xalqimizning saxovatpeshaligi va birdamligi bugun navoiylik tadbirkorning xayrli ishida ham yana bir bor namoyon boʻldi.

469
Nuriddin RAHIMOV, OʻzA