Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.08.2017 18:19 Chop etish versiyasi

Navoiyda xayr-saxovat tadbirlari

Navoiyda xayr-saxovat tadbirlari Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Mirzachorbog‘” massivida yangilangan namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan arzon uy-joylar kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalarga tantanali ravishda topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas’ul xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Prezidentimiz rahnamoligida qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, aholi turmush darajasi va sifatini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar yuksak samaralar berayotgani alohida ta’kidlandi.

Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligi munosabati bilan Prezident sovg‘asi – uch xonali va 2 sotix yer maydoniga ega zamonaviy uylar kalitini olgan karmanalik 4 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan fuqaroning quvonchi ichiga sig‘maydi.

I guruh nogironi Sherzod Sultonov ana shulardan biri.

– Nabiram uy-joyli bo‘lishi masalasi meni ko‘pdan buyon o‘ylantirib kelayotgan edi, – deydi Sherzodning buvisi Ra’no opa Sa’dullaeva. – Davlatimiz rahbariga rahmat, mana shunday hayotiy muammo bugun hal bo‘ldi-qo‘ydi. Endi shu nabiram bilan zamonaviy uyda emin-erkin yashaymiz.

Tumanning Sardoba mahallasida bir necha yillardan buyon foydalanilmay turgan mehmonxona binosi qayta ta’mirlanib, uy-joyga moslashtirildi. Shu kuni mazkur binodagi 11 xonadon ehtiyojmand fuqarolarga topshirildi.

19.jpg

Navoiy shahri “Tinchlik” qo‘rg‘onidagi uch qavatli eski bino ham uy-joyga moslashtirilib, ta’mirlandi. Binoning uchinchi qavatida tikuvchilik sexi tashkil etilib, unda asosan shu uyda yashayotgan xotin-qizlar mehnat qilmoqda. Birinchi qavatidagi 12 xonadon uy-joyga muhtoj oilalarga berildi.

– Ilgari 2 xonali uyda 3 oila bir amallab kun ko‘rar edik, – deydi xonadon sohibasi Shohida Jumayeva. – Bugun orzuim ushaldi, o‘z uyimga ega bo‘ldim. Ikki farzandim bilan tor uyda ming mashaqqat bilan o‘tkazgan kunlarim ortda qoldi. Biz kabi ehtiyojmand, yolg‘iz onalar, kam ta’minlangan oilalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani uchun Prezidentimizdan behad minnatdormiz.

Navoiy shahridagi “Xursand” tantanalar majmuasida o‘tkazilgan muruvvat tadbirida bayram dasturxoni yozilib, jismoniy imkoniyati cheklangan 100 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi topshirildi.

Xuddi shunday bayram tadbirlari Nurota va Qiziltepa tumanlarida ham bo‘lib o‘tdi.

Tadbirlarda Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov so‘zga chiqdi.

Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat), O‘zA
1 847






Все о погоде - Pogoda.uz