23.08.2018 11:10 Chop etish versiyasi

Navoiyda aholi xususiy klinikalar faoliyatidan mamnun

Navoiyda aholi xususiy klinikalar faoliyatidan mamnun
Bugungi kunda tibbiyot sohasiga qaratilayotgan eʻtibor tufayli davlat davolash muassasalari va xususiy klinikalar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhiti vujudga kelib, bu oʻz navbatida soha rivoji hamda joylarda aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati yuksalishida muhim omil boʻlmoqda.

Xususan, Navoiy viloyatining Karmana tumanida faoliyat boshlagan “Giyoh” xususiy korxonasida tibbiy xizmat turi kengaytirilishi natijasida bemorlarga tashxis qoʻyish, tahlillar olish va davolash imkoniyatlari yaratildi. Oʻtgan yili tijorat binkidan muassasaning qurilishi hamda jihozlash ishlariga 675 million soʻm miqdorida kredit mablagʻi ajratilib, zamonaviy 2 qavatli bino bunyod etildi. Ayni paytda tibbiyot maskanida 9 nafar malakali xodim tomonidan aholiga 10 turdagi sifatli xizmat koʻrsatilmoqda.

— Dastlab faoliyatimizni dorixona yuritishdan boshlaganmiz, — deydi xususiy korxona rahbari F.Hakimova. — Tibbiy markazimizda laboratoriya, nevrologiya, pediatriya, klinik tahlil va boshqa xizmatlar koʻrsatiladi. Muolajalar ham shu yerda oʻtkazilib, shinamgina 2 kunduzgi davolash xonasi ishlab turibdi.

Muassasada “Ustoz-shogird” anʻanasi yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Har yili bu yerda Navoiy tibbiyot kollejining oʻnlab bitiruvchilari amaliyot oʻtaydi. Sohaga endigina kirib kelayotgan mutaxassislarga malakali xodimlar biriktirilib, ular yoshlarga bor bilim va tajribalarini oʻrgatishadi.

Klinikadagi fitobarda mijozlar uchun quvvat bagʻishlovchi, tetiklantiruvchi hamda tinchlantiruvchi damlama, choylar tayyorlanadi. Ayniqsa, bemorlarda xalq tabobati – zuluk yordamida muolaja oʻtkazish ham yaxshi samara berayotir. Fizioterapiya xonasida umurtqalararo disk churrasini davolash uchun maxsus trayeksion yaʻni, umurtqani choʻzib, tortib davolashga moʻljallangan maxsus karavot oʻrnatilgan. Magnitoterapiya, ingalyatsiya, elektrofarez, darsanval, lazer asbob-uskunalari vositasida fizioterapevtik muolajalar olib boriladi.

Muxtasar aytganda, yurtmizda soha vakillariga belgilab berilayotgan ustuvor vazifalarning hayotga tatbiq etilishi har bir tibbiyot xodimidan yuksak masʻuliyat talab etadi. Buning samarasida sohada olib borilayotgan tizimli ishlar oʻz natijasini koʻrsatmoqda.

Nuriddin Rahimov, OʻzA
1 691