O‘zA O`zbek

23.08.2018 11:53 Chop etish versiyasi

Navoiy viloyatidagi 88 savdo nuqtasida maktab yarmarkalari faoliyat boshladi

Navoiy viloyatidagi 88 savdo nuqtasida maktab yarmarkalari faoliyat boshladi Yangi o‘quv yili oldidan aholiga qulaylik yaratish maqsadida 10 avgustdan Navoiy viloyatidagi 88 savdo nuqtasida maktab yarmarkalari faoliyat boshladi.

Mazkur arzonlashtirilgan pavilonlarda 26 turdagi o‘quv quroli va jihozi, shuningdek, poyabzal va kiyim-kechak sotuvi yo‘lga qo‘yilgan.

– Maktab yarmarkalari faoliyatini uyushqoqlik bilan tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida mahalliy hokimliklarda ishchi guruhlar tuzilgan, – deydi viloyat xalq ta’lim boshqarmasi ta’lim sifati monitoringi bo‘limi boshlig‘i A. Ahmedov. – Mahsulotlarning aksariyati mamlakatimizda ishlab chiqarilgan bo‘lib, ularda milliy qadriyatlar, buyuk zamondoshlarimiz suratlari aks ettirilishiga alohida e’tibor qaratilgan. Asosiy turdagi mahsulotlarni aniqlangan ehtiyoj asosida mutasaddi kompaniya va tashkilotlar yetkazib bermoqda.

Viloyat markazidagi “Saxovat bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli Markaziy dehqon bozori hududida tashkil etilgan maktab yarmarkasi ayni kunda xaridorlar bilan gavjum. Savdo nuqtalari toza, ozoda, ayniqsa, ularning har birida terminal apparatlari o‘rnatilgani ham aholiga manzur bo‘lmoqda.

– Biz, ota-onalar har yili farzandlarimiz uchun o‘quv qurollarini aynan maktab yarmarkasidan xarid qilishga odatlandik, – deydi Karmana tumanidagi Kamolot mahallasidan kelgan Dilafro‘z Karimova. – Chunki bu yerda kerakli narsalarni topish mumkin. Eng muhimi ular sifatli, narxi ham arzon. Aholi uchun yaratilayotgan bunday qulaylik va g‘amxo‘rlikdan barcha xursand.

– Tumandagi 1-umumta’lim maktabi qoshida tashkil etilgan yarmarkaga o‘g‘lim bilan birga keldik, – deydi tomdilik Gulmira Bayanasova. – Bu yerda xaridorlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Sotuvchilarning muomalasi ham juda yaxshi. O‘g‘lim o‘ziga yangi sumka, albom, qalam tanladi. O‘quv qurollari va jihozlarni izlab, ovora bo‘lib bozor, do‘konlarga borishimizga endi hojat yo‘q.

Maktab yarmarkalari joriy yilning 10 sentyabriga qadar davom etadi.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
2 384