O‘zA O`zbek

13.07.2018 12:50 Chop etish versiyasi

Navoiy viloyatida test sinovlari qayerda o‘tkaziladi?

Navoiy viloyatida test sinovlari qayerda o‘tkaziladi?
Shu kunlarda barcha oliy ta’lim muassasalarida ish qizg‘in. Abituriyentlar uchun esa, hayajonli damlar yaqinlashmoqda. Ustozlarning mashaqqatli mehnati va kasb tanlash ostonasida turgan yoshlar egallagan bilim hademay yuzaga chiqadi.

Oliy o‘quv yurtlarida test sinovlarining adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 3 apreldagi “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, test sinovini topshirish tartibi tubdan o‘zgardi. Imtihon bo‘lib o‘tadigan binolarda jarayonni to‘liq nazorat qilish usullari takomillashtirildi.

Navoiy viloyatida ham 2018-2019 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish imtihonlari yuqori saviyada o‘tishi uchun puxta hozirlik ko‘rildi. Test sinovlari Navoiy shahridagi “Yoshlar” sport majmuasida bo‘lib o‘tadi va buning uchun 1080 o‘ringa mo‘ljallangan ikkita zal zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, videokuzatuvlar orqali jamoatchilik, jumladan, ota-onalar kirish test sinovlari jarayonini onlayn tarzda kuzatib borishi, abituriyentlarni shaxsni identifikatsiyalash vositalari hamda tekshiruv qurilmalari orqali binoga kiritish, barcha videoyozuvlar saqlanishi uchun kerakli sharoitlar yaratildi. Sinovlar 1-15 avgust kunlari ikki smenada o‘tkaziladi va uning natijalari Davlat test markazining saytida berib boriladi.

Joriy yilda Navoiy davlat konchilik institutining bakalavriatura bosqichiga 11 yo‘nalish bo‘yicha 700 qabul kvotasi ajratilgan. Magistratura bosqichiga esa 9 yo‘nalish bo‘yicha 51 nafar yosh qabul qilinadi. Shuningdek, maxsus sirtqi bo‘limda 90 nafar abituriyentga ham talaba bo‘lish nasib etadi.

– Hozirgacha hujjat topshirgan abituriyentlar soni 6 mingdan oshdi, – deydi institut qabul komissiyasi mas’ul kotibi Sh.Boboyev. – Joriy o‘quv yilida bakalavriaturada energetika, magistraturada yuqori molekulali birikmalar kimyoviy texnologiyasi kabi yangi yo‘nalishlar bo‘yicha ham qabul boshlangan. Bu bilan sanoat, kon-metallurgiya sohasiga qiziqqan yoshlar uchun imkoniyatlar yanada kengaydi.

Navoiy davlat pedagogika institutida esa 20 yo‘nalish bo‘yicha qabul o‘tkaziladi. Mazkur oliy o‘quv yurtida 1760 kunduzgi, 600 maxsus sirtqi va 60 magistratura yo‘nalishiga kvota ajratilgan.

– Sirtqi bo‘limlarni qayta tiklash haqidagi murojaatlar yildan-yil ortib borayotgan edi. Mamlakatimizda oliy ta’lim tizimi tubdan isloh etilishi natijasida joriy o‘quv yilida institutimizda ham sirtqi bo‘lim ochildi va 9 yo‘nalish bo‘yicha qabul boshlandi, – deydi qabul komissiyasi raisi Sh.Xudoyorov. – Mazkur bo‘limga qabul 31-iyulgacha davom etadi.

Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasasining magistratura bosqichida ingliz tili va adabiyoti, pedagogika nazariyasi va tarixi, ta’lim-tarbiya nazariyasi va metodikasi, ta’lim muassasalari boshqaruvi singari yangi yo‘nalishlar tashkil etildi.

Hozirgacha Navoiy davlat pedagogika institutiga hujjat topshirgan abituriyentlar soni 10 mingga yaqinlashdi.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
7 981