Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.01.2018 16:06 Chop etish versiyasi

Navoiy viloyatida 611 ming 14 nafar fuqaroga biometrik pasport berildi

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Zarafshon shahar bo‘linmasining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Mamlakatimizda mukammal pasport tizimiga o‘tish, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarini zamonaviy jihozlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Navoiy viloyatida ham biometrik pasport tizimini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotir.

Bugungi kunda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 11 ta biometrik ma’lumotlarni yig‘ish punkti avtomatlashtirilgan ish-joylar, ularda ishlash imkoniyatini beruvchi maxsus elektron kalitlar bilan ta’minlangan. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi tarkibidagi barcha bo‘linmalarda alohida biometrik ma’lumotlarni yig‘ish punkti joriy etilib, me’yoriy talablar asosida ta’mirlandi.

– Zamonaviy bino barpo etilishi shahar aholisiga qo‘shimcha qulayliklar yaratdi, – deydi Zarafshon shahar migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhi katta mutaxassisi, leytenant Aziz Shomurodov. – Xususan, kuniga 200-250 nafar aholiga biometrik pasport olish, yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish va chiqarish bilan bog‘liq xizmat ko‘rsatish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Ma’lumotlarga qaraganda, hozirgacha viloyat aholisining 611 ming 14 nafariga biometrik pasport berilgan.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
7 149