O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

10.09.2018 17:14 Chop etish versiyasi

Navoiy viloyati ichki ishlar organlarida oʻtkazilgan oʻrganish natijalari

Navoiy viloyati ichki ishlar organlarida oʻtkazilgan oʻrganish natijalari
Yurtimizdagi barcha sohalar kabi ichki ishlar organlari tizimida ham keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad esa, osoyishtalik posbonlarini aholiga yanada yaqinlashtirgan holda ularning tinchlik-osoyishtaligi va qonuniy manfaatlarini munosib himoya qilib, ichki ishlar organlariga boʻlgan ishonchini bundanda mustahkamlashdir.

Mazkur maqsadlar yoʻlida Navoiy viloyati hududida ham bir qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, har bir mahallada joylashgan aholi xonadonlari birma-bir oʻrganilib, oilalardagi mavjud ijtimoiy muammolarni hal etish borasida kompleks chora-tadbirlar koʻrilganligi natijasida umumiy jinoyatlar soni 821 taga yoki 37,4 foizga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar esa, 348 taga yoki 30,4 foizga kamaydi.

Ammo bu koʻrsatkichlar bilan barcha ishlar bekamu koʻst darajada bajarilgan deb boʻlmaydi. Chunki, shu yilning 27 iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida koʻrsatib oʻtilgan tizimdagi bir qator kamchiliklar buning yaqqol tasdigʻidir. Shu bois, ushbu masalalarni kompleks oʻrganib chiqish va bartaraf etish maqsadida yurtboshimiz koʻrsatmasiga binoan, respublika Bosh prokurori va Ichki ishlar vazirining qoʻshma farmoyishi asosida Ichki ishlar vaziri general-mayor Poʻlat Bobojonov rahbarligida ishchi guruh tuzilgan edi. Mazkur guruh 4-6 sentyabr kunlari Navoiy viloyatining barcha shahar va tumanlarida boʻlib, u yerda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Ichki ishlar vaziri Navoiy shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 1-sonli ichki ishlar boʻlimi binosining tantanali ochilish marosimida ishtirok etib, xizmat faoliyatida foydalanish uchun ajratilgan yangi xizmat avtomashinalarini topshirdi.

Shu bilan birgalikda, 2, 3 va 4-sonli ichki ishlar boʻlimlarida ham boʻlib, xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi hamda 4-sonli ichki ishlar boʻlimi hududida joylashgan ayollar va bolalar boks toʻgaragi aʼzolariga sport anjomlarini topshirdi.

Shuningdek, vazir IIV Navoiy Akademik litseyiga tashrif buyurib, uning faoliyati bilan tanishdi. Litsey moddiy-texnik bazasini takomillashtirish yuzasidan tegishli koʻrsatma va tavsiyalar berib, iqtidorli oʻquvchilar va litsey fondiga vazirlikning esdalik sovgʻalarini topshirdi.

Bundan tashqari, Xatirchi tumanidagi 2-sonli maktabgacha taʼlim muassasasida boʻlib, u yerda bolalarning tarbiyalanish jarayoni bilan yaqindan tanishdi hamda muassasada yaratilgan shart-sharoitlarni koʻzdan kechirdi. Mazkur tuman ichki ishlar boʻlimida xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishgan Ichki ishlar vaziri, shaxsiy tarkib bilan uchrashib, xizmatni tashkil etish ahvoliga baho berdi. Faoliyatda yoʻl qoʻyilayotgan xato va kamchiliklar atroflicha muhokama qilinib, ularni bartaraf etish, ayniqsa jinoyat va huquqbuzarliklar hamda fuqarolarning noroziligini keltirib chiqaruvchi har qanday holatlarning barvaqt oldini olish va aholiga xizmat koʻrsatish sifatini tubdan yaxshilash boʻyicha shaxsiy tarkibga aniq vazifalar yuklandi.

Oʻrganishlar davomida Ichki ishlar vaziri Uchquduq va Tomdi tumanlari hamda Zarafshon shahar ichki ishlar boʻlimlarida boʻlib, ularda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ahvoli, har bir xodimning sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini toʻlaqonli darajada anglab yetganligi va ularni hayotga tatbiq etishdagi daxldorlik hissi, shu bilan birga, fuqarolar bilan muloqotda belgilangan tartib-taomillarga rioya etish va xushmuomala boʻlish, shuningdek, xizmat faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar va yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarning asl sabablari oʻrganildi.

Mazkur tumanlarning har birida vazir tomonidan rahbar va xodimlar ishtirokida tezkor yigʻilishlar oʻtkazilib, ishni tashkil etish ahvoliga baho berildi, jinoyat va huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi har qanday holatlarga yoʻl qoʻymaslik hamda aholiga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash boʻyicha shaxsiy tarkibga aniq vazifalar berildi.

Shuningdek, Uchquduq tumanida joylashgan “Kelajak yoshlar markazi” binosiga tashrif buyurib, undagi sport, sanʼat va boshqa sohalarda yuqori natijalarga erishayotgan yoshlar bilan suhbatlashib, kelgusi faoliyatida bundan-da yuqori marralarni zabt etishda muvaffaqiyat tiladi.

Shu bilan birga, Karmana tumanida yangi innovatsion loyiha asosida qurib bitkazilgan “Xavfsiz piyodalar yoʻlakchasi” bilan ham tanishib, mazkur qurilmani yanada takomillashtirish boʻyicha oʻzining fikr-mulohazalarini bildirdi.

Uch kun davom etgan sohaviy oʻrganishlarning yakuniy hisoboti sifatida6 sentyabr kuni viloyat IIBda Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov boshchiligida kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, viloyat hokimligi va ichki ishlar organlari masʼul xodimlari ishtirok etdi.

Viloyatda joriy yilning sakkiz oyi mobaynida jinoyatchilikning keskin kamayganligiga qaramasdan, ayrim hududlarda kriminogen vaziyat biroz ogʻirlashganligi yigʻilish ishtirokchilarining eʼtiborini qaratdi. Xususan, viloyatdagi 215 ta yoki 70 foiz mahallada jinoyatlar sodir etilishiga yoʻl qoʻyilib, deyarli har beshinchi mahallada jinoyat sodir etilishining oshganligi qattiq tanqid qilindi.

Ayniqsa, Navoiy shahridagi 6 ta mahallada sodir etilgan jinoyatlar shahardagi jami jinoyatlarning 37 foizini, Zarafshon shahrida esa, 2 ta mahalladagi jinoyatlar soni 40 foizni tashkil etganligi bois, Navoiy va Zarafshon shaharlaridagi “Meʼmor”, “Umid”, “Kimyogar”, “Ishonch”, “Chinor”, “Matonat”, “Alisher Navoiy” va “Oltin vodiy” mahallalarida jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha alohida chora-tadbirlar ishlab chiqish lozimligi belgilandi.

Bundan tashqari, viloyatda amalga oshirilayotgan qator ishlarga qaramasdan, joriy yilning sakkiz oyi mobaynida sodir etilgan jinoyatlar har 100 ming aholi soniga nisbatan hisoblanganda respublikada uchinchi oʻrinni egallayotganligi bayon qilinib, bir qator tumanlarda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar salbiy baholandi.

Shuningdek, soʻnggi ikki oy davomida viloyatda sodir etilgan jinoyatlar soni yil boshida qayd etilgan jinoyatlarning 29 foizini tashkil etib, ayniqsa Nurota va Xatirchi tumanlarida keyingi ikki oy davrida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish boʻyicha qilingan ishlar samarasiz boʻlganligi yigʻilishda qayd etildi.

Oʻta ogʻir turdagi jinoyatlar sodir etilishining asosiy sababi jinoyatni sodir etishga moyil boʻlgan shaxslar bilan muntazam ravishda profilaktik ishlar olib borilmaganligi qayd etilib, bu borada Xatirchi tumanida ilgari sudlangan shaxslar bilan, Qiziltepa tumanida esa doimiy ishga muhtoj fuqarolar bilan belgilangan tartibdagi ishlar tizimli ravishda yoʻlga qoʻyilmaganligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yilning 27 iyul kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida barcha hududlarda “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati” tizimini joriy etish lozimligi belgilanganligiga qaramasdan, viloyat ichki ishlar organlari tomonidan jinoyatlarni keng aholi ishtirokida muhokama qilish va ularning kelgusida takrorlanmasligi boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilash ishlarida kamchiliklar mavjudligi koʻrsatib oʻtildi.

Viloyat ichki ishlar organlarida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash ishlariga alohida eʼtibor qaratilmasdan kelinayotganligi sababli joriy yilning sakkiz oyi davomida viloyatda sodir etilgan yoʻl-transport hodisalari soni 33,6 foizga oshib ketganligi, oqibatda 41 nafar fuqaro hayotdan bevaqt koʻz yumganligi va yana 136 nafari turli darajada tan jarohati olganligi qayd etildi. Shu bilan birga, yoʻl-patrul xizmati xodimlari faoliyati ustidan shikoyatlar kelib tushayotganligi tanqid qilinib, viloyat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tizimida vaziyatni keskin yaxshilash boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, murojaatlarni koʻrib chiqish va hal etishga yuzaki yoki rasmiyatchilik bilan yondoshish holatlariga chek qoʻyilmaganligi sababli viloyat ichki ishlar organlari faoliyatiga oid kelib tushgan 6 ming 552 ta murojaatlarning 2 003 tasi yoki har uchinchisi aholiga pasport xizmatlarini koʻrsatish masalalariga doir ekanligi, ularni koʻrib chiqishda esa qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotganligi qattiq tanqid ostiga olindi.

Kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish, xodimlarning xizmat intizomini yaxshilash borasidagi kamchiliklarga barham berilmaganligi sababli bois viloyat boʻyicha jami 226 nafar xodimlar intizomiy, 6 nafari esa jinoiy javobgarlikka tortilganligi aytib oʻtildi.

Yigʻilish davomida sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini toʻlaqonli darajada anglab yetmasdan, bugungi kun talablariga javob bermaydigan, hanuzgacha eskicha ish uslubi bilan ishlayotgan Xatirchi tumani IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari N.Ashurov, Nurota tuman IIB boshligʻining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari M.Fayzullayev, Konimex tumani IIB boshligʻining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari N.Islamov, Navoiy shahar boʻyicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻining kadrlar boʻyicha oʻrinbosari B.Xolikulov, Viloyat IIB Transportda jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻlimi boshligʻining birinchi oʻrinbosari R.Adizov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Shuningdek, faoliyatida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, xizmat vazifalarini bajarishga masʼuliyat bilan yondashmagan bir qator rahbar va xodimlarga turli darajadagi intizomiy jazo choralari koʻrildi.

Yigʻilish soʻngida viloyat ichki ishlar organlarida ish sifatini yaxshilash, jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda boshqa muhim masalalar boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.

Ishchi guruh oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va
ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi

O`zA