O‘zA O`zbek

12.02.2020 Chop etish versiyasi

Navoiy va Nizomiy avlodlari birdamligining timsoli

Navoiy va Nizomiy avlodlari birdamligining timsoli

Biz taraqqiyotning yangi davriga qadam qo‘ydik. Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lishi bu borada yuksalish bosqichini boshlab berdi. O‘zaro hamkorlik yo‘lidagi bu qutlug‘ qadam amaliy samarasini bera boshladi. O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy-adabiy hamkorlik aloqalari borasida erishilayotgan natijalar buning yorqin isbotidir.

Ozarbayjon shoiri va olimi, Boku davlat universiteti professori Ramiz Asqar Alisher Navoiy “Xamsa”sini ozarbayjon tiliga to‘liq tarjima qildi. Bugun Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshida tashkil etilgan Fuzuliy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazida “O‘zbekiston va Ozarbayjon adabiyoti: hamkorlikning yangi ufqlari” mavzuidagi adabiy-ma’rifiy tadbir doirasida “Xamsa” tarjimasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

– Buyuk bobokalonimiz hazrat Alisher Navoiy bundan besh yarim asr muqaddam turkiy tildagi “Xamsa” dostoni bilan Nizomiy panjasiga panja urgan va o‘zbek-ozarbayjon adabiy do‘stligiga poydevor qo‘ygan edi,– deydi universitet kafedra mudiri, professor Nurboy Jabborov. – Ushbu tarjima ana shu adabiy do‘stlikning abadiy do‘stlikka aylangani isbotidir. Hazrat Navoiy dahosining yorqin timsoli bo‘lgan badiiyat xazinasidan endi ozarbayjon qardoshlarimiz ham bahramand bo‘lishi imkoniyati yaratildi.

“Xamsa” tarjimoni Ramiz Asqar buyuk beshlik tarjimasi ustidagi ijodiy izlanishlari, ushbu jarayonda o‘zbek olimlarining ilmiy-metodik yordami, uning uchun ulkan orzu bo‘lgan bu ishning amalga oshuvi hayotidagi ulkan voqea ekani borasida so‘zladi. Asar tarjimasi uning uchun katta ijod maktabi vazifasini o‘taganini e’tirof etdi.

Tadbir doirasida Ozarbayjonda nashr etiladigan “Turkologiya” jurnalining va jurnal mas’ul kotibi Elchin Ibrohimov qalamiga mansub “Turkiy xalqlarning mushtarak alifbosi, imlosi va tili” monografiyasining taqdimoti ham o‘tkazildi. Jahonning 120 dan ortiq mamlakatlariga tarqaladigan ushbu nufuzli jurnal tahririyati bilan o‘zbek olimlarining bundan keyingi hamkorligi borasida kelishib olindi.

Xamsachilikni boshlab bergan buyuk ozarbayjon shoiri Nizomiy va bu an’anani yuksak darajaga ko‘targan ulug‘ o‘zbek mutafakkiri Navoiy avlodlarining hamkorligi bundan keyin ham yuksak natijalar berishidan umidvormiz.

1 534
Farrux BO‘TAEV, O‘zA