Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.09.2017 13:04 Chop etish versiyasi

Navoiy shahrining Ibn Sino ko‘chasidagi oilaviy yotoqxonalar hovlisida kitobga haykal o‘rnatildi

Navoiy shahrining Ibn Sino ko‘chasidagi oilaviy yotoqxonalar hovlisida kitobga haykal o‘rnatildi Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda aholi o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor ma’naviy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichda davom ettirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining shu yil 12-yanvardagi «Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishi bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Navoiy shahar hokimligi hamda shahar uy-joy va yotoqxonalardan foydalanish boshqarmasi hamkorligida o‘rnatilgan haykal chuqur ramziy ma’noga ega. “Ommaviy madaniyat”ning turli ko‘rinishlariga ko‘r-ko‘rona ergashish o‘rniga jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashga undovchi samarali tarbiya vositasi bu. Noodatiy, ammo zamon talab qilayotgan jonli targ‘ibot bu.

– Prezidentimiz 2016-yil noyabr oyida Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda “Jamiyatimizda kitobxonlik mutolaasi va yoshlarning kitobxonlik madaniyatini kuchaytirish uchun ta’sirchan loyihalarni izlab topish, tashabbuslar ko‘rsatishda aynan Navoiy viloyati ibrat bo‘lishi kerak. Nega? Sababi, bu viloyatga Hazrat Alisher Navoiy nomi berilgan. Bu e’tirof. Ammo, bu e’tirofning mas’uliyati ham bor”, degan da’vatlari bizni ruhlantirib yubordi, – deydi Navoiy shahar hokimligi uy-joy va yotoqxonalardan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i A.Mirzayev. – To‘g‘ri, yoshlarimizni ma’naviyatli, ma’rifatli insonlar etib tarbiyalashga qaratilgan turli targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ammo, aholi, ayniqsa, yosh avlodni yuksak ma’naviyatli, ma’rifatli etib tarbiyalashning eng ta’sirchan va samarali vositasi bo‘lgan kitobning o‘rnini hech narsa bosolmaydi. Uch metrlik ushbu haykal atrofidagi o‘rindiqlarda aholi, ayniqsa, o‘quvchilar kitob o‘qishi, mutolaa qilishi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Shuningdek, bu yerda “Tafakkur maydonchasi” tashkil etilib, qariyb 5 kvadrat metrlik shaxmat taxtasi o‘rnatildi. Bu yerda bolalar bo‘ylari barobar donalarda shaxmat o‘ynaydi.

Nuriddin Rahimov, Siroj Aslonov (surat), O‘zA
1 310






Все о погоде - Pogoda.uz