O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

06.09.2018 13:21 Chop etish versiyasi

“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida 20 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda

“Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida 20 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda

Ularda minglab mutaxassis mehnat qilmoqda. Zamonaviy uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ushbu korxonalar tomonidan maishiy texnikalardan tortib, avtomobil ehtiyot qismlarigacha tayyorlanmoqda.

Ulardan biri 2010-yilda Oʻzbekiston – Hindiston hamkorligida tashkil etilgan “UzMinda” xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi masʼuliyati cheklangan jamiyatidir. 90 nafardan ortiq ishchi mehnat qilayotgan korxonada “GM Uzbekistan” avtomobil zavodining ulovlari uchun 30 turdagi ehtiyot qismlar ishlab chiqarilayotir.

– Yil oxiriga qadar bir necha rusumdagi avtomashinalar uchun magnitola, spidometr va tutqichlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqchimiz, – deydi korxona bosh direktori oʻrinbosari T.Rajabov. – Bu loyiha ishga tushishi bilan yana oʻn kishining bandligi taʼminlanadi. Korxonaning oʻzida sifat laboratoriyasi tashkil etilgan boʻlib, qadoqlangan mahsulotlar avtomobil zavodlariga joʻnatilishdan oldin nazoratchilar tomonidan chuqur tekshiriladi. Bu sifatsiz mahsulot ishlab chiqarilishining oldini olishda muhim ahamiyatga ega.

Erkin iqtisodiy zonadagi yana bir istiqbolli subyekt – “Agrofresh” Oʻzbekiston – Birlashgan Arab Amirliklari qoʻshma korxonasi yurtimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlarni sifatli saqlash va ularni eksport qilish borasida samarali ish olib borayapti. Italiya texnologiyasi asosida jihozlangan va koʻp mahsulot saqlash sigʻimiga ega majmua yurtimizdagi eng yirik muzlatgich omborxona sanaladi.

17 xodim faoliyat olib borayotgan korxonadan joriy yilning oʻtgan davrida Koreya Respublikasiga 87 tonna gilos, Rossiyaga 60 tonna sabzi, 23 tonna anor, Birlashgan Arab Amirliklariga 100 tonnadan ortiq anor, uzum, qovun-tarvuz eksport qilindi.

– Bu yerdagi muzlatgichlarda saqlanayotgan mahsulotlar sifati va narxi bizga maʼqul, – deydi surxondaryolik xaridor M.Karimov. – Shu bois, ushbu korxonadan mahsulot olib, mamlakatimizning barcha viloyatlaridagi bozorlarga tezkorlik bilan yetkazamiz. Hozir ham Toshkent shahrida joylashgan savdo markazlari uchun 7 tonna sabzi xarid qildik.

Darhaqiqat, zamonaviy texnologiyalar asosida ish olib borayotgan bunday istiqbolli korxonalar faoliyati Navoiy viloyati eksport salohiyatini yuksaltirish va importni qisqartirish imkoniyatini kengaytirmoqda. Eng muhimi, bu kabi qoʻshma korxonalar jadal rivojlanayotgani xorij sarmoyadorlarini yurtimizda biznes yuritishga yanada koʻp jalb etishga xizmat qilmoqda.

Nuriddin Rahimov, OʻzA