O‘zA O`zbek

11.08.2018 09:50 Chop etish versiyasi

Natalya Temirovaga sud hukmi o‘qildi

Natalya Temirovaga sud hukmi o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudida Toshkent yuridik kollejining sobiq direktori N.Temirovaga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlangani haqida xabar bergan edik.

Shu yil 16 martda boshlangan sud jarayoniga nihoyat nuqta qo‘yildi.

N. Temirovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra, 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda, eng kam oylik ish haqining 350 barobari miqdorida jarima va 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

– Aytib o‘tish kerakki, N.Temirova Jinoyat kodeksining bir necha moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun sudlandi, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudi sudyasi Bolat Sultonov. – Jumladan, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishga oid jinoyatni juda ko‘p miqdorda firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritishni juda ko‘p miqdorda sodir etish, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, mansab soxtakorligi, pora berish, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish, yolg‘on guvohlik berish kabi jinoyatlarni ham sodir etganlikda aybdor, deb topildi.

Toshkent yuridik kollejida ish yurituvchi kotib hamda kadrlar bo‘limi inspektori bo‘lib ishlagan Abdulaziz Salimjonov firibgarlik, pora berish, mansab soxtakorligi kabi jinoyatlarga aloqadorligi sababli sudlandi. Sud jarayonida unga qo‘yilgan ayblar ham isbotini topdi. Unga Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga ko‘ra, 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda eng kam oylik ish haqining 310 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent yuridik kolleji o‘quvchilari dars vaqtida kollej hovlisida o‘zaro janjallashib, pichoqbozlik qilishi oqibatida ularning biri vafot etgani, biri esa og‘ir tan jarohati olgani ko‘pchilikning qalbini larzaga solgan edi.

Prezidentimiz ham bu voqeaga e’tibor qaratib, kollej sobiq direktori Temirova ushbu holatga yo‘l qo‘ygani hamda juda ko‘p miqdorda kollej mablag‘larini o‘zlashtirish, mansabini suiiste’mol qilish kabi jinoyatlarni sodir etgani uchun bugun qonun oldida javob beryapti, deb qayd etgan.

Haqiqatan ham sodir bo‘lgan mudhish voqeadan keyin Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mazkur kollejda tekshirish o‘tkazilgani natijasida bu o‘quv maskanida boshqa jinoyatlar sodir bo‘layotgani ham aniqlangan va jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.

N.Temirovaga nisbatan 2017-yil 25-noyabr kuni qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha jazo tayinlashda sud qonunchilikda nazarda tutilgan insonparvarlik va adolat tamoyillariga asoslandi.

N. Abduraimova, O‘zA
5 476