O‘zA O`zbek

22.07.2019 Chop etish versiyasi

“Namunali harbiy oila” tanlovi gʻoliblari aniqlandi

“Namunali harbiy oila” tanlovi gʻoliblari aniqlandi

Poytaxtimizning Yashnobod tumanida joylashgan namunali harbiy shaharcha – “Olmos” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qilayotgan harbiy xizmatchilar oilalari oʻrtasida “Namunali harbiy oila” va “Namunali hudud” tanlovi oʻtkazildi.

Tanlov harbiy xizmatchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, harbiy xizmatchilar oila aʼzolarining boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, ularning huquqiy bilim va saviyasini oshirish maqsadida tashkil qilindi.

Mingdan ortiq xonadon istiqomat qiladigan shaharchadagi oilalarning tozaligi, saranjom-sarishtaligi, oila bekasining oʻz qiziqishlaridan kelib chiqqan holda olib borayotgan qoʻshimcha, kasanachilik, tikuvchilik, tadbirkorlik kabi mehnatlari mahsuli, farzandlarining oʻqishi, sport va madaniyat sohasidagi erishgan yutuqlari ham inobatga olindi.

Uzoq davom etgan oʻrganishlar, taqqoslashlar, muhokama va natijalar asosida shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchilar, oddiy askarlar – Zafar Raimov oilasi 1-, Ulugʻbek Avulov oilasi 2-, Nodir Oʻsarov xonadoni 3-oʻringa munosib topildi. “Namunali hudud” yoʻnalishida esa mahalla faollari Malohat Badalova, Dilorom Xoliqova, Umida Dehqonovaga tashakkurnomalar topshirildi.

Sovrindorlarga faxriy yorliq, tashakkurnoma va qimmatbaho sovgʻalarni mudofaa vazirining oʻrinbosari general-mayor Azizbek Ikromov, Respublika Mudofaa sanoati boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Hotamjon Yusupov topshirdi. Shundan soʻng vazir oʻrinbosari namunali oila sohiblarining xonadonlarida boʻlib, ularning turmush sharoiti bilan tanishdi va farzandlari bilan suhbat qildi.

Tanlov soʻnggida yigʻilganlar uchun Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.

733
OʻzA