O‘zA O`zbek

27.09.2020 Chop etish versiyasi

Namanganning yangi hokimi koronavirusni davolashda koʻmaklashish uchun kelgan rossiyalik shifokorlar bilan uchrashdi

Namanganning yangi hokimi koronavirusni davolashda koʻmaklashish uchun kelgan rossiyalik shifokorlar bilan uchrashdi

Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov faoliyatining ilk kunida Namangan shahridagi koronavirusni davolashga ixtisoslashgan shifoxonalar faoliyati bilan tanishdi.

Viloyat rahbari dastavval 2-sonli bolalar-oʻsmirlar sport maktabi zaliga joylashtirilgan saralash va taqsimlash markazida boʻlib, maxsus kiyim-boshda palatalarni birma-bir aylandi. Bemorlar holidan xabar oldi.

Ushbu markazda davolanayotgan Uychi tumani tez tibbiy yordam boʻlimi xodimi Robiya Ogʻaliqova hokim bilan muloqotda ikki farzandi oliy oʻquv yurtida toʻlov-kontrakt asosida tahsil olayotganini aytdi. Shavkat Abdurazzoqov shu yerning oʻzida mutasaddilarga shartnoma pullari toʻlovini amalga oshirishda amaliy yordam koʻrsatishni topshirdi. Shuningdek, hokim markaz xodimlari bilan suhbatlashib, toʻlaqonli faoliyat olib borish uchun sharoitlarni yaxshilash boʻyicha qanday yordam zarurligi bilan qiziqdi.

Shavkat Abdurazzoqov shuningdek, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida boʻlib, bemorlar va tibbiyot xodimlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, bemorlar bilan muloqotda boʻldi.

Viloyatning yangi hokimi viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi salomatlikni qayta tiklash shifoxonasida koronavirus infeksiyasini bartaraf etishda yaqindan koʻmak berish maqsadida kelgan bir guruh rossiyalik shifokorlar bilan uchrashdi. Kasallikni samarali davolash borasidagi fikrlari bilan qiziqib, shifoxonalardan birini ularning tavsiyalari asosida qayta jihozlash zarurligini taʼkidladi.

Shavkat Abdurazzoqov oʻrganishlar davomida “Covid” poliklinika, viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanseri, 1-sonli tugʻruq kompleksida ham boʻlib, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash borasida olib borilayotgan ishlar holatini koʻzdan kechirdi.

Oʻrganish davomida hal etilishi zarur boʻlgan muhim masalalar yuzasidan Namangan shahar hokimligi va sogʻliqni saqlash muassasalari mutasaddilariga tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berildi.

Maʼlumot oʻrnida, Respublika hududlari orasida nisbatan kasallik koʻpaygan Namangan viloyatida hozirga qadar koronavirusga chalinish bilan bogʻliq 1694 ta holat qayd etilgan. Tibbiyot xodimlarining saʼy-harakatlari natijasida ayni paytgacha 1574 kishi, yaʼni 95 foiz bemor darddan forigʻ boʻldi.

1 319
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), OʻzA