O‘zA O`zbek

07.08.2018 12:46 Chop etish versiyasi

Namanganda Yoshlar ittifoqi raisi o‘zgartirildi

Namanganda Yoshlar ittifoqi raisi o‘zgartirildi

Namangan shahridagi “Yoshlar markazi” konferensiyalar zalida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Namangan viloyati kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

photo5424799559390964294.jpg

Tashkilotning viloyat, tuman va shaharlar kengashlari mas’ul xodimlari, faollari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan yig‘ilishda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Namangan viloyati kengashining o‘tgan bir yildan ziyod vaqt davomidagi faoliyati sarhisob qilinib, tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi.

photo5424799559390964295.jpg

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi o‘rinbosari O‘tkir Shukurov so‘zga chiqib, viloyatda yoshlar bilan ishlash bugungi kun talabiga to‘laqonli javob bera olmayotgani, tashkilot xodimlarining aksariyati o‘zining funksional vazifalarini anglay olmayotganini qayd etdi. Yoshlar ittifoqining Uchqo‘rg‘on, Chust va Norin tumanlari kengashlari faoliyati xususida qattiq e’tirozlar bo‘ldi.

photo5424799559390964298.jpg

Prezidentimizning 2018-yil 27-iyundagi farmoni bilan tasdiqlangan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturini keng targ‘ib etish hamda uning ijrosini ta’minlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi aytib o‘tildi.

Ta’kidlanganidek, boshlang‘ich tashkiloti – Yoshlar ittifoqi faoliyatida muhim o‘rin tutadi. Biroq, viloyatdagi 1500 ga yaqin mana shunday boshlang‘ich tashkilotlar ichiga dadil kira olingani yo‘q. Ayniqsa, ta’lim muassasalaridagi 700 ga yaqin boshlang‘ich tashkiloti faoliyatini jonlantirish kerak.

Qolaversa, Yoshlar ittifoqi davlat tomonidan belgilangan imtiyoz va qulayliklarni qo‘llashda qarindosh-urug‘chilik, tanish-bilishchilik, korrupsiya kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymasligi ham muhim vazifa ekanligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi ta’sischiligidagi “Yoshlar agro-klasteri” direktori Abdulaziz Mo‘minov O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Namangan viloyati kengashi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. O‘tgan bir yil mobaynida viloyat yoshlar tashkilotini boshqarib kelayotgan Ilyosbek Rahimov esa “Yoshlar – kelajagimiz” respublika jamg‘armasi ijrochi direktorining birinchi o‘rinbosari sifatida ish olib boradigan bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida, Abdulaziz Mo‘minov 1990-yil 4-avgustda Namangan shahrida tug‘ilgan. Millati o‘zbek, ma’lumoti oliy. Namangan muhandislik-pedagogika institutining qurilish fakulteti bakalavriat bosqichini, Toshkent davlat arxitektura va qurilish instituti iqtisodiyot yo‘nalishi magistraturasini tamomlagan. Mutaxassisligi muhandis-pedagog, iqtisodchi. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi a’zosi. “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Abdulaziz Mo‘minov mehnat faoliyatini “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Namangan viloyati kengashida boshlagan. U mazkur tizim tashkilotlarida turli vazifalarda samarali ish faoliyatini olib borgan. Talabalik yillarida Beruniy nomidagi davlat stipendisi sovrindori bo‘lgan. Yoshlarni kichik biznes va tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishga qaratilgan bir nechta loyihalarda istiqbolli tashabbuslari bilan ishtirok etgan.

Oqilxon Dadaboyev, jurnalist

4 107