O‘zA O`zbek

18.07.2019 19:22 Chop etish versiyasi

Namanganda oʻqituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgan shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi

Namanganda oʻqituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgan shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv natijalariga koʻra, Namangan viloyati Kosonsoy tumanida joylashgan 54 ta maktab oʻqituvchilari Kosonsoy tumani Namuna qishlogʻi yaqinidagi anhor boʻyida olib borilgan qurilish-obodonlashtirish ishlariga jalb qilinib, tegishli tartibda ishlash uchun har bir maktab oʻqituvchilariga 10 metrdan hudud boʻlib berilganligi hamda mazkur ishlarga majburiy ravishda jalb qilinganligi holatlari aniqlangan edi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati xabariga muvofiq, Namangan viloyati Kosonsoy tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari M.Isomiddinovga nisbatan mehnat qonunchiligi hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 349-sonli qarori talablariga zid ravishda maktab xodimlarini qurilish ishlariga jalb qilganligi yuzasidan maʼmuriy bayonnoma tuzildi.

Aybdor shaxs Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 51-moddasiga asosan maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

OʻzA
505