O‘zA O`zbek

04.08.2018 11:27 Chop etish versiyasi

Namanganda chet tillar o‘quv markazi ish boshladi

Namanganda chet tillar o‘quv markazi ish boshladi

Namangan shahrida innovatsiya va investitsiya yo‘nalishlarida yoshlarga dastlabki bilim ko‘nikmasini beradigan “Mugunghwa” chet tillar o‘quv markazi ochildi.

“Trust Vision” mas’uliyati cheklangan jamiyati qoshida tashkil etilgan markazning ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Namangan shahar hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari, faxriylar va yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama kamol toptirish, jumladan, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash yo‘lida chet tillarini o‘qitishga katta e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

– Mamlakatimizda chet tillarini o‘rgatishda davlat ta’lim muassasalari bilan bir qatorda, xususiy o‘quv markazlari muhim rol o‘ynamoqda, – deydi Namangan shahar hokimi Sh.Razzoqov. – Bu borada ularga keng imkoniyat va imtiyozlar berilayotgani o‘z samarasini bermoqda. Bir necha chet tilini bilish – davr talabi. Bizga innovatsiya, investitsiya, ta’lim sohalarida ilg‘or tajribalarni yurtimizda tatbiq etadigan kadrlar kerak. Bunday o‘quv markazlari shunday qobiliyatga ega o‘g‘il-qizlar uchun boshlang‘ich tayanch nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi.

Yig‘ilganlar o‘quv markazida yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi. 

Markazda 6 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilarga koreys, rus, ingliz, xitoy, yapon va arab tillari o‘qitiladi. Bir vaqtning o‘zida qirq nafarga yaqin o‘quvchiga mashg‘ulot o‘tish uchun sinfxonalarida qulaylik va imkoniyatlar muhayyo etilgan. Bir kishilik stol-stullar, yozuv taxtalari, ko‘rgazmali o‘quv qurollari kabi zamonaviy vositalar bilan jihozlangan. 

Shuningdek, axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlangan elektron kutubxona bir yo‘la 16 nafar o‘quvchining bilimini boyitish va mustahkamlashga xizmat qiladi.

– Faoliyatimizni 2016-yilda boshlaganmiz, – deydi “Trust Vision” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, yosh tadbirkor J.Karimov. – O‘tgan yillar mobaynida Toshkent, Farg‘ona shaharlarida, Yangiqo‘rg‘on tumanida ochgan o‘quv markazlarimizni ming nafardan ziyod yoshlar bitirib, bugungi kunda ulardan yuz nafardan ko‘prog‘i Koreya, Xitoy, AQSH, Birlashgan Arab Amirliklari kabi o‘nlab davlatlarda o‘qishni davom ettirmoqda. Ushbu o‘quv markazi Namangan shahridagi ikkinchi muassasamizdir. Markazimiz faoliyatini takomillashtirish borasida Koreya Respublikasi oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz.

Akromjon Sattorov, O‘zA
6 670