Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

28.11.2017 12:41 Chop etish versiyasi

Namangan viloyatidan haj va umra ziyoratiga borganlar soni 30 mingdan oshdi

O‘tgan asrning 80-yillarida har yili qishlog‘imizga Jizzax viloyatidan bir nuroniy kelib, o‘n kun mehmon bo‘lib ketardi. Uning kelishi “Jizzaxlik hoji kelibdilar!”, deb qishloqda katta shov-shuv bo‘lar edi. Uyiga chorlab mehmon qilishga mushtoq odamlar ko‘pligidan shuncha muddat qolib ketar edi. U kishining shunday hurmat-ehtiromga sazovor bo‘lishining boisi diniy bilimlarni yaxshi bilishi va eng muhimi, hoji ekanida edi. Zero, u paytlarda Namanganda bu ulug‘ rutbaga musharraf bo‘lganlar yo‘q hisobi edi.

Bugun-chi? Bugun bu tabarruk maqomga erishganlar soni 30 mingdan oshib ketdi. Bu raqam har yili 400-500 nafarga ko‘paymoqda. Bu mustaqilligimiz sharofati, mamlakatimizda milliy-diniy qadriyatlarimizni tiklash, buyuk ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasidir. Bunday ezgu ishlarda esa Konstitutsiyamiz va milliy qonunchiligimiz mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyatidagi vakili Abdulhay Tursunov bilan O‘zA muxbirining suhbati shu haqda bo‘ldi.

– Har bir insonning shaxsiy huquq va erkinliklari Bosh qomusimizda to‘la kafolatlab qo‘yilgani jamiyatimizda ijtimoiy-ma’naviy barqarorlikni yanada mustahkamlash, iqtisodiy taraqqiyotimiz yuksalishida muhim ahamiyat kasb etayotir. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, diniy e’tiqodlar ham madaniy-ma’naviy omillarning umumiy silsilasiga kiruvchi, teng huquqli qadriyat sifatida tan olindi va to‘la erkinlik berildi. Diniy tashkilotlarga qonun doirasida ochiq va daxlsiz faoliyat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Konstitutsiyamizda “Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega” (25-modda), “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega” (31-modda), deb qat’iy belgilab qo‘yilgan. Bu yurtimizda turli din va konfessiyalar vakillarining tinch-totuv, o‘zaro ishonch va hurmat asosida yashashini ta’minlamoqda. Diniy erkinlik haqida so‘z yuritar ekanmiz, yurtimizda 16 diniy konfessiya vakillari bag‘rikenglik tamoyili asosida ahil-inoq yashayotganini alohida ta’kidlash zarur. Ular Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash yo‘lida hamjihat faoliyat yuritmoqda.

Ko‘p millatli O‘zbekistonda turli diniy e’tiqod vakillari o‘rtasidagi hamjihatlik huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Bu Konstitutsiyamizning “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”, deyilgan 18-moddasida o‘z ifodasini topgan.

O‘zbekiston dunyoviy davlat bo‘lib, din davlatdan ajratilgan. Vijdon erkinligining kafolatlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunida bayon etilgan. O‘zbekistonda din va diniy dunyoqarash dunyoviy turmush tarzi va dunyoviy tafakkur bilan yonma-yon rivojlanib kelmoqda.

Bosh qomusimizning 45-moddasida “Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir”, deb belgilangan. Muqaddas dinimiz ham insonni azizu mukarram zot sifatida e’zozlaydi. Odamlar din va e’tiqodda bir-birlaridan farq qilsalar-da, asosiy qonunimizga ko‘ra, o‘zaro mehr-shafqat, do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashda barcha barobardir. Asrlar davomida ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan va dunyoning hech bir burchagida takrorlanmaydigan bunday yuksak insoniy fazilatlar, munosabatlarning Asosiy qonunimizda ham aks etgani tahsinga sazovordir. Shuningdek, oila nasl-nasabni saqlash, jamiyatning ma’naviy holatini yaxshilashda asosiy omil, deya e’tirof etilib, XIV bob oila munosabatlariga bag‘ishlangani ham barchaga ibrat bo‘larli jihatdir.

Muxtasar aytganda, Qomusimizda kafolatlab qo‘yilgan dinu diyonat erkinligi, insoniy g‘amxo‘rliklar, turmushimiz farovonligi, tinchlik-osoyishtalik uchun shukronalar keltirishimiz muqaddas burchimizdir. Zero, bu bilan Allohning “Shukr etsalaringiz, albatta ziyoda etaman” degan chaqirig‘iga muvofiq yo‘l tutgan bo‘lamiz.

Akramjon Sattorov, O‘zA
6 344