Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.01.2018 16:05 Chop etish versiyasi

Namangan va Xorazm viloyatlaridagi askarlar ota-onalari bilan videomuloqot orqali diydorlashdi

Namangan va Xorazm viloyatlaridagi askarlar ota-onalari bilan videomuloqot orqali diydorlashdi
14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni

Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 26 yilligi va 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab Namangan va Xorazm viloyatlari o‘rtasida “Mening do‘stim – Vatan himoyachisi!” shiori ostida videomuloqot tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Namangan va Xorazm viloyatlari hokimliklari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashlari va boshqa davlat hamda jamoat tashkilotlari hamkorligida Namangan muhandislik-qurilish institutining anjumanlar zalida o‘tkazilgan tadbirda harbiy xizmatchilar, viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar, yoshlar ishtirok etdi.

Videomuloqotda Namangan va Xorazm viloyatlarida o‘z yigitlik burchini o‘tayotgan askarlar ota-onalari, yaqinlari va do‘stlari bilan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida diydorlashdi, bir-birlarini yaqinlashib kelayotgan Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi.

8.jpg

– Yigit uchun jondan aziz Vatani tinchligini himoya qilishdan sharafliroq burch yo‘q, – deydi Xorazm viloyatida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan Anvarjon Nabijonov. – Men shu imkoniyatga ega bo‘lganimdan juda baxtiyorman. Aziz otajon, mehribon onajon, qadrdon do‘stlarim, hozir ekran orqali sizni ko‘rib turar ekanman, o‘rtada 1000 chaqirimlik masofa bo‘lishiga qaramay, dilingizdagi quvonch va g‘ururni his qilib turibman. Bu menga yanada g‘ayrat va bardamlik bag‘ishlaydi. Ertaga jismoniy va ma’naviy tayyorgarlik bo‘yicha eng yuqori natijalarga erishsam, unda ushbu diydorlashuvning ham hissasi bo‘ladi. Shuning uchun bu tadbir tashkilotchilariga minnatdorlik bildiraman.

16.jpg

– Otajon, meni qat’iy intizom asosida tarbiyalaganingiz harbiy xizmatda juda asqotmoqda, – deydi Xorazm viloyatining Xazorasp tumanidan harbiy xizmatga chaqirilib, Namanganda yigitlik burchini o‘tayotgan Umidjon Sharipov. – Men bu yerda siz yaqinlarimni, Vatanimni yanada ko‘proq sevishni o‘rgandim, vatanparvarlik, sodiqlik tuyg‘ularini chuqurroq his qildim. Harbiy xizmat hayotimning eng mazmunli davri bo‘lib qoladi. Buning uchun barchangizga rahmat.

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA
8 920