O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Namangan shahriga kirish va chiqish toʻxtatildi

Namangan shahriga kirish va chiqish toʻxtatildi

Viloyat aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlash, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini himoya qilish hamda koronavirus infeksiyasining viloyat hududi boʻylab tarqalishini oldini olish maqsadida viloyat hokimining 2020-yil 25-martdagi tegishli farmoyishi bilan 2020-yil 26-mart kuni soat 00:01 dan boshlab har qanday transport vositalarida (avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport) Namangan shahriga viloyatning barcha hududlaridan kirish va Namangan shahridan respublikaning barcha hududlariga, shu jumladan viloyat tumanlariga chiqish toʻxtatildi.

Namangan shahriga kirish va chiqishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bogʻliq hollarga, shuningdek, Namangan shahrida doimiy yashovchi (roʻyxatdan oʻtgan) shaxslarga Namangan shahriga kirish uchun, viloyat tumanlaridan Namangan shahridagi mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilot (nodavlat tashkilot)larda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari hamda viloyat hokimining alohida topshirigʻiga asosan viloyat tumanlariga biriktirilgan masʼul xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Farmoyishga asosan, karantin davrida tartib-intizom va amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishi boʻyicha viloyat shtabi tuzildi.

Viloyat shtabiga tegishli boshqarma, idora va tashkilotlar bilan birga Namangan shahriga kirish va chiqish joylariga vaqtinchalik postlarning faoliyatini tashkil qilish va nazoratni yana-da kuchaytirish, shahar hududiga kirish va chiqish joylarini mutaxassislar bilan taʼminlash hamda teplovizorlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash, Namangan shahriga kirib kelayotgan va chiqayotgan har qanday yuk tashish mashinalari, xodimlar boshqaruvidagi avtomashinalarini majburiy dezinfeksiya qilinishini taʼminlash, shahar hududiga kirish va chiqishga qoʻyilgan cheklovlarga hamda aholining karantin qoidalariga qatʼiy rioya etilishini hamda karantin qoidalarini buzgan shaxslarga oʻz vaqtida qonunchilikda belgilangan choralar koʻrilishini taʼminlash, tabiiy gaz, ichimlik suvi, elektr energiyasi, telefon aloqasi uchun toʻlovlar oʻz vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli, ikki oy davomida oʻchirilmasligini taʼminlash vazifalari yuklatildi.

Namangan shahridagi “Chorsu” va “Yashil” dehqon bozorlari va oziq-ovqat doʻkonlariga qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini, shuningdek, dorixonalarga dori-darmonlar va antiseptik vositalarni olib kirilishida alohida maxsus ruxsatnoma asosida, yuk tashish mashinasi va mahsulotlarni dezinfeksiya qilgan holda kirishi taʼminlanadi, deb maʼlum qiladi viloyat hokimligining axborot xizmati. 

492
Akramjon SATTOROV, OʻzA