O‘zA O`zbek

23.04.2019 21:00 Chop etish versiyasi

Namangan shahrida Damaslar harakati cheklanadi

Namangan shahrida Damaslar harakati cheklanadi

Yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanmayotgan, shahar markazida istiqomat qilayotgan Damas haydovchisi yoxud yuk tashish bilan shugʻullanuvchi aynan shu rusumdagi avtomashinani boshqarib ketayotgan haydovchi uchun cheklovlar istisno etiladi.

Namangan shahar markazida Damas rusumli avtomashinalar harakatlanishi cheklanmoqda, deb xabar beradi viloyat YHXB matbuot xizmati vakili maʼlumotlariga tayanib kun.uz. Bu orqali shahar markazida paydo boʻlayotgan yoʻl tirbandligiga qarshi kurash boshlangan.

Maʼlum qilinishicha, Namangan viloyati hokimining 2017 yil 16 martdagi 98F-sonli hamda 2017 yil 7 avgustdagi 275f-sonli farmoyishiga asosan 101, 102, 103, 104, 105 maxsus transport vositalaridan tashqari Damas rusumli avtomashinalarning Namangan shahri hududida harakatlanishi ayrim yoʻnalishlarda cheklanadi.

Xususan, Islom Karimov va Mustaqillik koʻchalari kesishmalari, Fazo chorrahasi, Otchopar chorrahasi, Islom Karimov va Jaloliddin Manguberdi koʻchalari kesishmasi, avtovokzal chorrahasi, Amir Temur va Gʻirvonsoy koʻchalari kesishmasi, Taksopark chorrahasi, Alisher Navoiy koʻchasidagi aylanma harakat Shodlik savdo markazi oldidan, Alisher Navoiy koʻchasidagi aylanma harakat Toʻraqoʻrgʻon koʻchasi boshidan va boshqa bir qanchalar koʻchalardan Damas rusumli mashinada kirish cheklanadi.

“Mazkur hududlardan Damas rusumli avtomashinalarning harakatlanishi cheklangani munosabat bilan YPX xodimlari, davlat soliq inspeksiyasi, «Oʻzavtotrans” vakillari, mahalliy kengash deputatlari hamda jamoatchilik vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilgan», — deydi tashkilot matbuot kotibi.

Garchi haraktlarni cheklash boʻyicha tegishli hujjatlar 2 yil avval imzolangan boʻlsa-da, uning ijrosi ayni paytda qatʼiylashtirilmoqda. 

Taʼkidlanishicha, yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanmayotgan, shahar markazida istiqomat qilayotgan Damas haydovchisi yoxud yuk tashish bilan shugʻullanuvchi aynan shu rusumdagi avtomashinani boshqarib ketayotgan haydovchi uchun cheklovlar istisno etiladi.

OʻzA
778