O‘zA O`zbek

05.09.2019 Chop etish versiyasi

Namangan shahar hokimi gazeta uchun 80 million so‘m mablag‘ yo‘naltirdi

Namangan shahar hokimi gazeta uchun 80 million so‘m mablag‘ yo‘naltirdi

Matbuotdagi og‘ir vaziyat hozirda ko‘pchilikka ayon. Bosma nashrlar o‘z kunini zo‘rg‘a kechirmoqda. Bunga tashqi va ichki omillar yetarlicha. Tahririyatlar xodimlari o‘z faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqmoqdalar. Yangicha ishlashga o‘tilayotganiga qaramay, iqtisodiy holat zaifligicha qolmoqda.
Shunday sinovli paytlarda sohaning sabrli xizmatchilarini qo‘llab-quvvatlayotgan rahbarlarning ham borligi kishini behad quvontiradi.
Namangan shahar hokimligining rasmiy nashri hisoblangan “Namangan sadosi” gazetasi ta’sis etilganiga bu yil 25 yil to‘ldi. 

Joriy yil boshqa nashrlar qatorida mazkur gazeta tarixida ham eng mashaqqatli davr bo‘ldi. Yuqorida ta’kidlanganidek, odamlar tobora matbuotdan uzoqlashmoqdalar. Ikkinchi yarim yillik uchun obuna qoniqarsiz tashkil etildi, tahririyat hisob raqamiga juda kam pul tushdi, “Pochta” va “Matbuot tarqatuvchi”dagi mavjud arzimas ulushimizni ham undirolmayapmiz. Hatto xodimlarning ish haqini to‘lashga mablag‘ yetishmadi.
Xullas, gazetamiz jar yoqasida edi. Lekin jim qarab ham yurib bo‘lmasdi... Bundan ikki haftalarcha oldin shahar hokimi Shavkat Shokirjonovichning huzuriga gazetamizning taqdiri bo‘yicha kirib chiqqandik. Hokim o‘shanda bizni qo‘llab-quvvatlashini aytgandi, “Namangan sadosi” gazetasi uchun mahalliy budjetdan pul o‘tkazilishini bildirgandi.

photo5424789981613894587.jpg

Oradan hech qancha vaqt o‘tmadi, hokim va’dasini bajardi. Murojaatimiz samara berdi, ilojsizdek ko‘ringan masala ijobiy hal qilindi. Avgust oyining so‘ngida shahar moliya bo‘limi orqali g‘aznadan tahririyat hisob raqamiga 80 million so‘m mablag‘ kelib tushdi. Darrov g‘ayrat-shijoat bilan gazetaning bayram sonini tayyorlashga kirishdik va chop etdik...
Bu summani yilning qolgan 4 oyi uchun bosmaxona, soliq, ish haqi va boshqa asosiy xarajatlarga maqsadli sarflaymiz. O‘zimiz ham xotirjam bo‘lmay, yangi yil uchun gazetamiz obunachilarini ko‘paytirishning zamonaviy va ta’sirchan usullarini tatbiq etishga qadam tashladik. Iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, ayniqsa, ijodiy tashkilot uchun juda muhim.

Ha, matbuot fidoyilarini tushunib, ularga yaqin do‘st va hamkor bo‘layotgan mutasaddilarimizning sa’y-harakatlariga rivoj tilaymiz, ularning tashkilotchilik va tashabbuslariga ko‘z tegmasin!
Eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida poytaxtdan yashin tezligida ajoyib xushxabar tarqaldi, O‘zAda muhim yangilik e’lon qilindi. 
Mustaqilligimizning 28 yilligi munosabati bilan shahrimiz rahbari Shavkat Abdurazzoqov Prezidentimiz Farmoniga muvofiq davlatimizning yuksak mukofoti “Sodiq xizmatlari uchun” medaliga munosib ko‘rildi. 

Zero, rag‘bat va e’tirof insonga qanot beradi, bemisl kuch bag‘ishlaydi.

Orifjon JO‘RAEV,
“Namangan sadosi” 
gazetasi

5 485
O‘zA