O‘zA O`zbek

08.11.2019 Chop etish versiyasi

Najot farishtalari

Najot farishtalari

Tibbiyot xodimlari kuni oldidan 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev sog‘liqni saqlash sohasi haqida so‘z yuritganda, tibbiyot xodimlari bizning salomatligimiz posbonlaridir, ularga xalq ishonishi, ular esa xalqni ishontira olishi kerak, deya ta’kidlaydi.

Darhaqiqat, sog‘liqni saqlash tizimi har bir insonning kundalik hayotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxldor bo‘lgan muhim sohadir. Shu bois, keyingi yillarda ushbu tarmoqni tubdan takomillashtirish, tibbiy-ijtimoiy islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, keyingi uch yil ichida sog‘liqni saqlash sohasini isloh etish bo‘yicha 170 dan ziyod huquqiy hujjat qabul qilindi.

Bugungi kunda tibbiyot tizimida islohotlar jadallashgan. Xususan, sohani moliyalashtirish hajmi bir necha barobarga oshdi. Masalan, 2017 yilda sohaga 7,1 trillion so‘m yo‘naltirilgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 12,1 trillion so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, dori vositalari va tibbiy buyumlar hamda tibbiyot ob’ektlarini qurilish-ta’mirlash ishlariga ajratilayotgan mablag‘lar miqdori 3 barobarga ortdi.

Bugun dunyo tibbiyotida olib borilayotgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, kasalliklarni davolashdan ko‘ra, oldini olish davlat uchun ham, oila uchun ham samaralidir. Shu jihatlar e’tiborga olinib, keyingi yillarda mamlakatimizda profilaktik tibbiyotni rivojlantirishga e’tibor kuchaydi. Ayni paytda xalqimizga bu yo‘nalishda 1793 ta ambulatoriya-poliklinika muassasasi, jumladan, 817 ta qishloq vrachlik punkti, 798 ta qishloq oilaviy poliklinika, 178 ta shahar oilaviy poliklinika xizmat ko‘rsatayapti. Shu jumladan, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari tizimida ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar tashkil etilib, zamonaviy tibbiy-uskunalar bilan jihozlandi.

Bugun biz faoliyati haqida hikoya qilmoqchi bo‘lgan qahramonimiz Saodat Norqulova ham ana shunday zamonaviy shifo maskanlaridan biri – poytaxtimizning Bektemir tumanidagi ko‘p tarmoqli oilaviy poliklinikada umumiy amaliyot shifokori bo‘lib faoliyat yuritayapti. 

Aytish kerakki, umumiy amaliyot shifokori faoliyati kasallikni davolash emas, uning oldini olishga yo‘naltirilgani bilan ajralib turadi. Zero, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlarida qayd etilishicha, insonning sog‘lom va uzoq umr kechirishi, avvalo, har kimning sog‘lom turmush tarziga rioya etishi, insonda tibbiy bilimning yuqori bo‘lishi va sog‘lom ovqatlanish tartibiga rioya etishiga bog‘liq.

Umumiy amaliyot shifokori esa aholiga ushbu yo‘nalishda beminnat ko‘mak beruvchi, oilalarga tibbiy madaniyat va ma’rifat tarqatuvchi mutaxassisdir.

Saodat Norqulova ham Bektemir tumanining Husayn Boyqaro mahallasida yashovchi uch ming nafardan ziyod aholi orasida shu yo‘nalishda ish olib bormoqda.

– Tibbiy-profilaktika va patronaj ishlarini zamon talabidan kelib chiqib tashkil etishimizda oilaviy poliklinikalar tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi, – deydi Saodat opa. – 45 mingdan ko‘proq aholiga xizmat ko‘rsatib kelayotgan bizning ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikamiz diagnostika sohasidagi eng yangi texnologiyalar bilan jihozlangan. Tibbiyotning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislar ko‘rigi yo‘lga qo‘yilgan.

Ma’lumki, keyingi yillarda tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida tibbiy-profilaktika ishlari bilan bir qatorda patronaj ishlari ham tobora rivojlanib borayapti. Saodat Norqulova ham patronaj hamshiralar bilan hamkorlikda o‘ziga biriktirilgan mahalla va ta’lim muassasalarida patronaj ishlarini zamon talabidan kelib chiqib tashkil etishga ahamiyat qaratmoqda. Xususan, onalar va bolalar salomatligi, o‘smirlar, fertil yoshdagi ayollar va keksalar hamda nogironligi bor insonlarning holidan o‘z vaqtida xabar olinib, aholi sog‘lomlashtirish tadbirlariga qamrab olinayapti. Bolalarni emlash rejasi o‘z vaqtida bajariladi.

Shu bilan birga, jahon tibbiyotining yana bir dolzarb muammosi – qandli diabet, infarkt, insult, saraton kabi og‘ir kasalliklarning oldini olish ham umumiy amaliyot shifokorlari faoliyatida ustuvor ahamiyat kasb etadi. Bu borada tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida yaratilgan zamonaviy sharoitlar kasalliklarga barvaqt tashxis qo‘yish va davolashda katta imkoniyat yaratadi.

– Keyingi yillarda aholi orasida tibbiyotda yuqumsiz kasalliklar deb ataluvchi yurak-qon tomir va asab tizimi, qandli diabet hamda xavfli o‘sma kasalliklar ko‘paymoqda, – deya fikrini davom ettiradi Saodat Norqulova. – Bu muammoning o‘z vaqtida oldi olinmasa, kelgusida jamiyat rivoji va insoniyat kelajagiga jiddiy ta’sir etishi mumkin. Shu jihatlar e’tiborga olinib, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tashkil etishning huquqiy va tashkiliy asoslari takomillashtirildi. Bu jarayonda tibbiy-profilaktika, patronaj va skrining ishlari kuchaytirilayapti. Ayni paytda ushbu chora-tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ish olib borayapmiz. Asosiy maqsadimiz – og‘ir kasalliklarning oldini olish, oilalarga, odamlarga sog‘liq ulashish, oilalarda sog‘lom va barkamol farzandlarning unib-o‘sishiga erishish, qisqasi, xalqimizning sog‘lom va uzoq umr kechirishi uchun qulay sharoitlar yaratishdir.

Ha, shifokorlar ana shunday ezgu niyatli najot farishtalaridir. Ular sog‘lom insonga uzoq umr ko‘rish baxtini ato etish, xasta dilga shifo baxsh etish, darddan azob chekib egilgan qadni rostlash, xullas, har bir insonnning hayoti baxt va quvonchga to‘la bo‘lishini ta’minlash uchun o‘z halovatiyu rohatidan kechishga qodir insoniy xislat sohiblaridir.

Shu bois, xalqimiz bu kasb sohiblarini chin dildan e’zozlab, ardoqlab, shifokorning dorisi-yu darmonidan ham avval uning o‘zi, shirin so‘zi shifodir, deb atashi bejiz emas.

Bahor XIDIROVA,
jurnalist.

353
O‘zA