Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2018 16:52 Chop etish versiyasi

Nafosat gulshaniga aylangan kecha

Nafosat gulshaniga aylangan kecha Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 535 yilligi munosabati bilan nazm va navo kechasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan mazkur nafosat bayramiga nuroniy otaxon va onaxonlar, she’riyat, musiqa muxlislari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, talaba-yoshlar taklif etildi.

Milliy merosimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, ularni buyuk ajdodlarimizga munosib insonlar etib kamolga yetkazish, kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar tobora keng quloch yoymoqda. 

15.JPG

Alisher Navoiy ijodi yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularda ezgulik, vatanparvarlik, yurtga sadoqat kabi tuyg‘ularni mustahkam qaror toptirishda alohida o‘rin egallaydi. Shoir ijodi, unda tarannum etilgan insonparvar g‘oyalar asrlar osha bugungi kunda ham o‘zining dolzarbligini yo‘qotmay kelmoqda. Ayni paytda shoir g‘azal va ruboiylari musiqiyligi, ohangdorligi, jozibasi, teran ma’nosi, yuksak badiiyati bilan dunyo olimlari, musiqashunoslari, adabiyotshunoslarining e’tiborini hamon jalb etib kelmoqda.

17.JPG

Mumtoz adabiyotimizning yana bir yirik namoyandasi Bobur nainki benazir shoir, balki tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda sifatida jahonda nom qozongan. Bobur g‘azallari uning nechog‘li yuksak tafakkur, go‘zal qalb, ayni damda nozik did sohibi ekanidan dalolat beradi. O‘zi tug‘ilib o‘sgan zaminga, odamlarga, borliq-tabiatga cheksiz mehr va ehtirom, ezgulikka chorlov uning ijodida ustuvor o‘rin tutgani bois yosh avlod tarbiyasida ulkan ahamiyat kasb etadi.

Kechada Navoiy va Bobur g‘azallari va ruboiylaridan namunalar o‘qildi. San’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida mumtoz kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Nazokat Usmonova, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
7 167