Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2017 14:38 Chop etish versiyasi

Naf’ing agar xalqqa beshakdurur...

Odob-axloq, insoniy fazilatlar, xalq manfaati bilan bog‘liq qarashlar Alisher Navoiy ijodida o‘ziga xos falsafaga, ta’bir joiz bo‘lsa, fundamental asosga ega yaxlit konsepsiyaga aylangan.

Ulug‘ mutafakkir asarlarini varaqlar ekanmiz, har safar bizni hayratga soladigan tushunchalar, g‘oyalar va ifodalarga duch kelamiz. Bu ul zotning ijodi nechog‘li serqatlamliligi va ma’no tovlanishlariga ega ekanidan dalolatdir. Uning deyarli barcha asarlarida ezgulik, saxovat, himmat, insofu adolat, sabru qanoat kabi axloqiy xislatlar madh etiladi. Hasad, yovuzlik, adovat, baxillik, xasislik, ta’magirlik, yolg‘onchilik, dunyoga hirs qo‘yish kabi illatlar qoralanadi. Ul zot insonni kamolot sari intilishga chorlaydi, umr abadiy emasligiga bot-bot ishora qiladi va shu bois hech bir inson o‘z hayotida pushaymon bo‘lmaslik uchun ezgu ishlarni amalga oshirishi lozimligini uqtiradi.

Ulug‘ mutafakkirning jahon madaniyati xazinasidan munosib o‘rin egallagan o‘lmas asarlarida buyuk kelajak, porloq hayot bilan bog‘liq olijanob fikrlar olg‘a surilgan. Shu bois, Navoiy asarlari ham makon, ham zamon bilan doimo hamohang, ichki mutanosiblikka egadir. Shoir komil insonning oliy vazifasi haqida shunday deb yozgan:

Odami ersang, demagil odami,

Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.


Navoiy ijodi hayotga muhabbat, insonning millatidan, irqidan va diniy mansubligidan qat’i nazar, uning qadr-qimmatini ulug‘lash, xalqlar o‘rtasida do‘stlik, birodarlik, tinchlik va hamjihatlik kabi ezgu g‘oyalar bilan sug‘orilgan. Turli mintaqalarda janjalu mojarolar ro‘y berayotgan bugungi kunda buyuk Navoiyning bezavol o‘gitlari g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega:

Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,

Yor o‘lung bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish.

Shoir o‘z asarlarida xalq manfaatlari uchun qayg‘urish, bunyodkorlik, yurtni obod etish bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratgan. Alisher Navoiy insonlarni halol hunar vositasida turmush kechirishga undar ekan, birovga qaram va boqimanda bo‘lishdan keskin qaytaradi. Hatto o‘zganing ganj – xazina berishidan ko‘ra peshona teri bilan bir dirham topish a’loroq deb hisoblaydi:

Bir diram olmoq chekibon dastranj,

Yaxshiroq andinki birov bersa ganj.


Shoirning “Nazm ul-javohir” asaridan o‘rin olgan ruboiylaridan birida o‘z kasbiga ega bo‘lgan inson doimo zarga ega bo‘ladi, uning ikki qo‘li halol rizq topishda qiynalmaydi, hunarsiz inson hamisha ranj chekadi, chunki hunar insonning qo‘lidagi ganj erur, degan faylasufona fikr beriladi:

Kosib kunji kafi zar olg‘inchi erur,

Ikki qo‘li mezoni diramsanji erur,

Kim bo‘lsa hunarsiz ishi – o‘q ranji erur,

Bu vajh ilakim, hunari ganji erur.


Buyuk shoir hamisha el-yurt uchun qayg‘urgan, buni o‘z ijodida aks ettirish bilan birga amalda ham namoyon etgan. Alisher Navoiyning “Vaqfiya” asari shoirning ijtimoiy faoliyati bilan bog‘liq masalalarni yoritishga bag‘ishlangan. Unda shoir o‘zining umri davomida amalga oshirgan turli obodonlashtirish, xayr-ehson ishlariga to‘xtaladi.

Alisher Navoiy o‘z asarlarida yuksak insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etgan. Bu asarlar hamon ahli dunyoni lol qoldirmoqda, chunki shoirning hayotida uning yozganlari yaqqol aks etib turadi. U kishining aytgan so‘zi va qilgan ishida farq bo‘lmagan. E’tiqodi va hayot tarzi o‘rtasida tafovut bo‘lmagani uchun ham biz hamisha u zotdan hayratdamiz. G‘arbda “Daholarning gunohlarini kechirish mumkin”, degan tushuncha bor. Lekin Alisher Navoiy uchun har qanday buyuk shaxs, buyuk daho, avvalo, Inson bolasi, u shu nomga loyiq bo‘lishi kerak.

“Hayrat ul-abror” dostonidagi o‘n uchinchi maqolat odamlarga bulutdek foyda keltiruvchi insonlar haqidadir. Bunda shoir insonlarga naf keltirish haqida so‘zlaydi. Unga ko‘ra odamlarga yaxshilik qilish lozim, ularning og‘irini yengillashtirish, xalq manfaatlari haqida qayg‘urish kerak. Agar biror kimsadan xalqqa manfaat yetar ekan, shu inson bu manfaat avvalo uning o‘zi uchun ko‘proq foyda ekanligini, yaxshilik albatta biror kun ulkan mukofot bo‘lib, uning o‘ziga qaytib kelishini bilishi kerak:

Naf’ing agar xalqqa beshakdurur,

Bilki, bu naf’ o‘zunga ko‘prakdurur.


Agar manfaat yetkazishga imkon bo‘lmasa, yaxshi so‘z aytishni odat qilish lozimki, bu katta ishdir. Agar bunga ham erisha olmasang, ko‘nglingni elga payvasta tut:

So‘z bila naf’ o‘lmasa el peshasi,

Yaxshi kerak ko‘nglida andeshasi.

Ko‘ngli kishi xushlug‘idin xush kerak,

Noxush agar bo‘lsa, mushavvash kerak.


Ya’ni, so‘z bilan elga naf keltirma olmasang, odamlar ko‘nglini tushunishga intil. Agar insonlar xursand bo‘lsa, sen ham xursand bo‘l, agar elga ranj yetsa, g‘amxo‘r bo‘l.

Yuqoridagilardan ma’lum bo‘ladiki, jamiyat va shaxs hayotiga qanday masala bo‘lmasin, uning yechimi va hal etilishiga doir qarashlar Alisher Navoiy asarlarida mavjud. Bu hamisha ul zotning hayoti va ijodini o‘rganishga ehtiyojmand ekanimizni eslatib turadi.

Xalqimiz erk bulog‘idan bahramand bo‘lib yashayotgan bugungi kunda buyuk bobomizning orzulari amalga oshayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani, inson manfaatlari va aholi bilan muloqotga jamiyatning har bir bo‘g‘inida alohida e’tibor qaratilayotgani, yoshlar kamoloti uchun jon kuydirilayotgani Alisher Navoiy asarlaridagi ezgu g‘oyalar bezavolligini, xalqimiz hayotining ajralmas bo‘lagi sifatida yashab qolaverishini yana bir bor isbotlaydi.

Dilnavoz Yusupova,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent
davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti.

O‘zA
4 116






Все о погоде - Pogoda.uz