O‘zA O`zbek

29.05.2020 Chop etish versiyasi

Navoiy viloyatida karantin qoidalari kuchaytirilmoqda

Navoiy viloyatida karantin qoidalari kuchaytirilmoqda
Soʻnggi kunlarda ayrim hududlarda aholi orasidan koronavirus infeksiyasiga chalinganlar uchrayotgani aholidan yana-da hushyor boʻlib, karantin qoidalariga qatʼiy amal qilish lozimligini koʻrsatmoqda. Jumladan, yurtimizning bir qancha hududlari qatori, Navoiy viloyatida ham aholi orasida kasallikka chalinayotganlar uchrayotganligi tashvishli boʻlmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Tibbiyot xodimlarini kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori oʻrinbosari boshchiligida yuqori malakali shifokor-olimlar, jumladan, epidemiolog, infeksionist, otorinolaringolog, reanimatolog, pulmonolog, xirurghamda vrach-laborant kabi qator mutaxassislardan iborat maxsus guruh Navoiy viloyatiga yuborildi. Ular hududda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlarni yana-da kuchaytirish, bemorlarni samarali davolash borasida mahalliy mutaxassislarga yaqindan amaliy yordam koʻrsatmoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, ayni paytda viloyatda 119 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bugungi kun holatiga koʻra, ulardan 12 nafari sogʻaygan boʻlsa, qolgan 107 nafar bemorga shifokorlarimiz tomonidan samarali davolash muolajalari olib borilmoqda.

Tahlillarga koʻra, viloyatda kasallik, asosan, beshta oʻchoq orqali tarqalganini koʻrish mumkin. Jumladan, birinchi katta oʻchoq Zarafshon shahrida, ikkinchi va uchinchi oʻchoqlar Xatirchi tumanida, toʻrtinchi oʻchoq Konimex tumanida hamda beshinchi oʻchoq Tomdi tumanida yuzaga kelgan.

Shundan kelib chiqqan holda, hududda karantin qoidalarini yana-da kuchaytirish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, prokuratura xodimlari bilan birgalikda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, bemorlarni davolash hamda karantindagi fuqarolarni tibbiy kuzatuvga olishni yana-da samarali yoʻlga qoʻyish borasida izchil faoliyat olib borilmoqda.

Jumladan, epidemik vaziyatdan kelib chiqib, asosiy oʻchoq boʻlmish, Zarafshon shahri “qizil” hudud toifasiga kiritilgan. Bundan tashqari, joriy yil 26-may kunida kasalligi aniqlangan bemorlar (31 nafar) bilan muloqotda boʻlgan 300 nafarga yaqin fuqaro karantinga olingan: shundan 104 nafari uy karantini, 182 nafari esa statsionar karantinga joylashtirilgan. Viloyatning yana qator tuman va shaharlarida ham yuzlab fuqarolar uy va statsionar karantinga olinib, qatʼiy tibbiy kuzatuvga olingan.

Shuningdek, epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, tegishli maxsus komissiya qarori bilan joriy yil 8-maydan boshlab, bosqichma-bosqich Zarafshon shahridagi 11 ta mahallada kuchaytirilgan karantin qoidalari saqlab qolinib, transport vositalarining harakatlanishi cheklanishi belgilandi. Bundan tashqari, Xatirchi tumanidagi 6 ta mahallada ham karantin qoidalari kuchaytirilgan.

Umuman olganda, yurtimizning ayrim hududlarida aholi orasida kasallanish holatlarining kuzatilayotgani aholidan ogoh boʻlib, karantin qoidalariga amal qilgan holda oʻzi va yaqinlarining xavfsizligiga eʼtiborli boʻlishlari talab etiladi.

Ayni holatdan kelib chiqqan holda, Sogʻliqni saqlash vazirligi oʻzimizni va oilamiz xavfsizligini saqlash uchun aholidan yana bir bor karantin qoidalariga , jumladan, koʻchaga sababsiz chiqmaslik, zarurat yuzasidan chiqqanda ijtimoiy masofani saqlash, jamoat joylarida toʻplanmaslik, qoʻllarni tez-tez va yaxshilab yuvish, tibbiy niqob taqishda davom etish kabi qator ehtiyot choralarini koʻrib,belgilangan qoidalarga qatʼiy amal qilishlarini soʻraydi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi

858