O‘zA O`zbek

24.08.2018 17:25 Chop etish versiyasi

Na issigʻiga, na sovugʻiga koʻnamiz

Keyingi kunlarda koʻcha-koʻydagi gap-soʻzlar, ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarni kuzatib, biz oʻzi nimani istaymiz, deb oʻylanib qolasan kishi.

Toshkentdagi tungi barda sodir etilgan mudhish voqea koʻpchilikni sergak torttirdi. Yana muhokamalar avj oldi. Kimdir “bunday maskanlarni yopish kerak?” desa, boshqasi “barlar ana shunaqa ishlarning uyasi” dedi. “Barchasi ichkilik tufayli, alkogol mahsulotlari sotilishi tartibga solish kerak”, degan fikrni bildirganlar ham koʻpchilikni tashkil etdi. “Koʻcha yurish-turish odamning oʻziga bogʻliq, tungi barlarda dam olishni istaydigan ham bor” deguvchilar ham topildi.

Xullas, odamlar turli xil fikrlarni aytdi, oʻz munosabatini bildirdi. Koʻpchilikning fikri bir-biriga toʻgʻri kelmasligi ham tabiiy. Buni ham barchamiz yaxshi bilamiz. Lekin umummanfaat, xalqning xohish-istagi, degan tushunchalar ham bor-da.

Shu tarzda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilishni tartibga solishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar haqida” gi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyilgach, munozaralar yana ham avj oldi. Taklif etilayotgan qoida va tartiblar koʻpchilikka maʻqul kelgan boʻlsa-da ayrim kishilar buni erkinlikni cheklash deb atadi, baʻzilar bu qaror yurtimizga keladigan sayyohlar oqimiga salbiy taʻsir koʻrsatadi, dedi. Qachondan boshlab, inson erkinligi alkogolli mahsulotlarning tunu kun savdosi bilan bogʻliq boʻlib qoldi? Yoki xorijlik sayyoh tuni bilan spirtli ichimlik ichish uchun yurtimizga keladimi? Yoʻq, albatta. Bordiyu shunday istakdagi turist boʻlsa, unga ham bu borada cheklov yoʻq (loyihada belgilanayotgan cheklovlar mehmonxonalar, maxsus turizm zonalaridagi savdo obyektlari va umumiy ovqatlanish korxonalariga tatbiq etilmasligi qayd etilgan).

Turizm jadal rivojlanib borayotgan arab davlatlarida, Turkiya, Xitoy, Malayziya, Indoneziyada alkogolli mahsulotlar bilan savdo qilish boʻyicha barcha amal qilishi shart boʻlgan qatʻiy belgilangan qoidalar bor. Lekin bu mamlakatlarda turistlar oqimi yildan-yilga koʻpayib bormoqda. Yoki Yevropaning rivojlangan mamlakatlarida ham bu borada hamma oʻzi istaganidek yoʻl tutmaydi. Spirtli ichimlikni qoʻya turing, hatto belgilanmagan joyda sigaret chekkan turist buning uchun jarima toʻlashga majbur.

Bugun yurtimizda ziyorat turizmni rivojlantirishga alohida eʻtibor qaratilmoqda. Chunki, yurtimizda dunyo ahli hech boʻlmaganda bir marta koʻrishni orzu qiladigan muqaddas qadamjolarimiz bisyor. Bu maskanlarni ziyorat qilish uchun keladigan sayyohni alkogol mahsulotlarining erkin savdosi emas, xalqimizning boy madaniy merosimizga munosabati, maʻnaviyati koʻproq qiziqtiradi. Shu nuqtai nazardan spirtli ichimliklarning cheklanmagan savdosi, tungi barlarning faoliyatidan chet elliklar emas, oʻzimizdagi ayrim toifalar koʻproq manfaatdor, desak toʻgʻri boʻladi.

Endi alkogol mahsulotlarining tunu kun savdosining jamiyatimizdagi ijtimoiy-maʻnaviy muhitga, kundalik hayotimizga taʻsiriga bir eʻtibor qarataylik. Ichkilikka moyil kishilar koʻp boʻlgan mahallada urush-janjal ham, kelishmovchiliklar ham koʻp boʻlishini hammamiz yaxshi bilamiz.

Joriy yilning aprel oyida Samarqand shahridagi koʻp qavatli uylarning birida 40 yoshli ayol mast holatda qoʻshnisini pichoqlab oʻldirib qoʻydi. Ushbu qotillikni yuzaga keltirgan sabab va oqibatlar keng jamoatchilik ishtirokida muhokama etilganda shu uyda yashovchilar hudud yaqinidagi spirtli ichimliklar doʻkonlarining tungi vaqtda ishlashini cheklab qoʻyishni soʻrashdi.

Oʻtgan yil Payariq tumanidagi mahallada sodir etilgan jinoyat tafsilotlarini oʻrganish uchun borganimizda ham aholi bu jinoyat va huquqbuzarliklarni shu hududdagi uchta savdo doʻkonida noqonuniy ravishda spirtli ichimliklar sotilishi bilan bogʻlagan edi.

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasining maʻlumotlariga koʻra, joriy yilning yetti oyida viloyatda sodir etilgan jinoyatlarning 33 tasi mastlik oqibatida yuzaga kelgan. Ular orasida turli darajadagi jinoyatlar bor. Jamoat joylarida spirtli ichimlik isteʻmol qilish va u bilan bogʻliq huquqbuzarliklar esa 19 ming 643 tani tashkil etgan.

Yuqoridagi holatlar va raqamlarning oʻzi har birimizni hushyor torttirishi kerak emasmi? Alkogol mahsulotlari savdosi haqida gapirar ekanmiz, ichkilik oqibatida parokanda boʻlgan oilalar,

ayanchli taqdirlarni ham bir koʻz oldimizga keltiraylik. Jamiyatdagi voqea-hodisalarga munosabat bildirishda shaxsiy fikr boʻlsa-da u koʻpchilik uchun daxldor ekanligini unutmasak yaxshi boʻlardi.

Gʻolib Hasanov, OʻzA
2 715