O‘zA O`zbek

17.08.2018 20:34 Chop etish versiyasi

Muzey ichida muzey

Muzey ichida muzey Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi ochildi.

Shu munosabat bilan viloyat, tuman davlat va jamoat tashkilotlari mas’ul xodimlari, faxriylar, yoshlar, jurnalistlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan marosimda milliy ozodlik, mustaqillik yo‘lida xalqimiz boshidan kechirgan qora kunlar, istibdodga qarshi kurashda shahid ketgan, sobiq tuzumning ayovsiz qatag‘oni qurboni bo‘lgan ota-bobolarimizning matonat va ma’naviy jasorati, uning bugunimiz va kelajak hayotimizda tutgan o‘rni haqida so‘z yuritildi.

– Ushbu muzey Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik bayrami arafasida ochilgani milliy erksizlik, istibdod zulmining qurboni bo‘lganlar xotirasiga mangu ehtirom ramzi sifatida katta ma’naviy-ma’rifiy ahamiyat kasb etadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi direktori B.Hasanov. – Bunday muzeylar Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari tizimida tashkil etilmoqda, bundan ko‘zlangan maqsad yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdir.

Namangan davlat universiteti tuzilmasidagi mazkur muzey To‘raqo‘rg‘on tumanida barpo qilingan Is’hoqxon Ibrat xotira majmuasidan joy oldi. Zero, ma’rifatparvar Is’hoqxon Ibrat ham qatag‘on qurboni bo‘lgan, yangi muzey aynan shu yerda tashkil etilishibu ezgu amalning ta’sirchanligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Ishtirokchilar muzey eksponatlari bilan atroflicha tanishdi. “O‘rta Osiyoning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi”, “Sovet hokimiyatining o‘rnatilishi”, “1930-1937 yillar qatag‘oni”, “1940-1950 yillar qatag‘oni qurbonlari”, “Paxta ishi”, “Mustaqillik yillarida tarixiy adolatning tiklanishi va qatag‘on qurbonlari xotirasining abadiylashtirilishi” singari bo‘limlarda jamlangan yodgorliklar barchada katta taassurot qoldirdi.

– Shu muzeyni ko‘rgani Chust tumanidan atay keldim, – deydi faxriy pedagog H.Jo‘rayeva. – Suratlarni ko‘rib ko‘nglim vayron bo‘ldi, ko‘zimga yosh keldi. Men xalqimiz boshiga shunday qora kunlarni solgan, ziyoli, ma’rifatparvar ota-bobolarimizni jabr-sitamda ado qilganlarni aslo kechirmayman. Yanayam kechirimli xalq ekanmiz...

O‘sha davrlarga oid foto va qo‘lyozma materiallar, tarixiy buyumlarnitomosha qilgan ishtirokchilar go‘yo o‘tmish bilan yuzlashgandek bo‘ldi. Dizaynerlar mahorat bilan ishlagan panjarali turma va unda tergovchi tomonidan so‘roq qilinayotgan mahbusning maketlari esa ayanchli yillar azobini yurakdan his etishga yanada yordam berdi.

Akromjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat) O‘zA
2 657