O‘zA O`zbek

15.03.2019 22:10 Chop etish versiyasi

Muz saroyi sport ravnaqiga xizmat qiladi

Muz saroyi sport ravnaqiga xizmat qiladi

15 mart kuni Toshkent shahrida “Humo Arena” muz saroyi ochildi. OʻzA muxbiri tantana qatnashchilaridan ayrimlarining fikrlari bilan qiziqdi.

Farrux ZOKIROV, Oʻzbekiston xalq artisti:

– Bugungi kunda mamlakatimizda sportning barcha turlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur muz saroyi ham, ayniqsa, sportning qishki turlarini ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, mazkur majmuaning ochilishi nafaqat sport musobaqalari uchun, bu yerda kelgusida turli shoular, konsert hamda anjumanlar oʻtkazilishiga imkoniyat yaratadi. Chunki sport saroyi zamon talabiga javob beradigan texnikalar bilan jihozlangan. Majmua arxitekturasi ham juda chiroyli. Bundan gʻururlanishimiz, farzandlarimizni sportsevar qilib tarbiyalashimiz kerak. Ilgarilari chim ustida xokkey oʻynardik. Hozir esa yoshlar uchun mana shunday muhtasham sport saroylari barpo etilmoqda.

Otabek QODIROV, sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori oʻrinbosari:

– Biz shu paytgacha sportning figurali uchish va xokkey turlari boʻyicha mashgʻulotlarni poytaxtimizdagi “Ice City” va Furqat nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida joylashgan “Ice Avenue” muz saroylarida, shuningdek, Rossiya, Turkiya hamda Qozogʻiston davlatlaridagi sport inshootlarida oʻtkazishga majbur edik. Mana endi, barcha sharoitlarga ega sport saroyining ochilishi imkoniyatlarimizni kengaytirdi. Bu esa qishki sport turlari rivojlanishi, yoshlarning bunga qiziqishi ortishiga, mablagʻimizning tejalishiga xizmat qiladi.

Laziza SOLIYEVA, figurali uchish boʻyicha terma jamoa aʼzosi:

– Figurali uchish – bu juda ham chiroyli sport turi. Sakkiz yildan beri mazkur sport turi bilan shugʻullanaman. Bir necha bor xalqaro musobaqalarda ishtirok etganman. Xorij davlatlaridagi sport inshootlarida yaratilgan sharoitlarni koʻrib, havas bilan qarardik. Yurtimizda ham shunday zamonaviy arenalar boʻlishini orzu qilardik. Bugun oʻsha orzularimiz ushaldi, Markaziy Osiyoda yagona muz saroyi biz, yoshlar uchun barpo etildi. Bundan, albatta, xursandmiz, Prezidentimizga ming rahmat. Bunday imkoniyatlardan foydalanib, xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etgan holda yurtimiz bayrogʻini baland koʻtaramiz.

Samandar HAMROQULOV, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist:

– Bolaligimizda televizorda xokkey koʻrib qiziqardik-da, biz ham qordan muz yasab, oʻynardik. Bugungi kunda mamlakatimizda sportning barcha turlari ommalashtirilmoqda, shart-sharoitlar yaratilib, muz saroylari qurilmoqda. Bu esa yoshlarimizning xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishida namoyon boʻlmoqda. Yoshlarimiz koʻplab sport turlari boʻyicha dunyoda tengsiz ekanligini koʻrsatib boʻldi. Ishonamanki, yurtimizda ham xokkey tezda rivojlanib, sportchilarimiz Osiyo va jahon chempionatlarida qatnashadi.

Umar ASROROV, OʻzA muxbiri
796