Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.02.2017 18:26 Chop etish versiyasi

Farmatsevtika sohasi mutaxassislariga ko‘maklashuvchi yangi loyiha ishga tushdi

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi va «Asia Pharm Consulting» korxonasi hamkorligidagi Pharmclub.uz loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda mamlakatimizda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini iste’molchilarga yetkazib berish, dori-darmon va tibbiyot vositalari eksportini amalga oshirishning zamonaviy tizimi yaratilgani ta’kidlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 31-oktabrdagi «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida bu jabhadagi ishlar yanada takomillashmoqda.

Mazkur qarorda sohani yanada rivojlantirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, sohaga jalb etilayotgan investitsiya loyihalarini ko‘paytirish, mahsulotlar eksportini oshirish borasida ustuvor vazifalar belgilandi. Dorixonalar tarmog‘ini takomillashtirish, narx-navo mutanosibligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotir.

Bu borada belgilangan keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirishda ishlab chiqaruvchilar va mutaxassislarga amaliy ko‘mak berish muhim vazifadir. Pharmclub.uz loyihasi ana shu maqsadda tashkil etildi.

– Pharmclub.uz loyihamiz orqali farmatsevtika va dori-darmon sohasida ishlaydigan mutaxassislarga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatishni rejalashtirganmiz, – deydi «Asia Pharm Consulting» korxonasi direktori o‘rinbosari Erkin Karimov. – Farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni rejalashtirish, loyihalash, ro‘yxatdan o‘tkazish, dori-darmon eksporti va importini tashkil etishga ko‘maklashish loyihaning muhim yo‘nalishidir. Bu chora-tadbirlarni tizimli tashkil etish maqsadida «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi, «O‘zfarmsanoat» davlat aksiyadorlik konserni va boshqa korxona, tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Chet davlatlarda o‘tkaziladigan nufuzli farmatsevtika ko‘rgazmalarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ishtirokini ta’minlash, ularning mahsulotlarini namoyish etishga ko‘maklashish rejalashtirilgan.

Tadbirda Pharmclub.uz loyihasining maqsad va yo‘nalishlari, farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

Bahor Xidirova, O‘zA
2 151






Все о погоде - Pogoda.uz