Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.10.2017 18:34 Chop etish versiyasi

Mutaxassislar o‘zaro tajriba almashdi

O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasiga tashrifi doirasida Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi hamda axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislari, axborot texnologiyalari va robot texnikasi sohasidagi tadqiqotlarga ixtisoslashtirilgan Rossiyaning Innopolis universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 30-iyundagi "Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni mahalliy dasturiy ta’minot sanoatini rivojlantirish, dasturchilar uchun qo‘shimcha imtiyoz va imkoniyatlar taqdim etishda yangi bosqichni boshlab berdi. Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Mirzo Ulugbek Innovation Center» innovatsiya markazi direktori Xurshid Sultonovning aytishicha, O‘zbekistonda axborot texnologiyalari biznesini rivojlantirishni rag‘batlantirish, yuqori texnologiyali mahsulot va tovarlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi yangi quvvatlar tashkil qilish uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirishda yuqori texnologiyalar sohasida ilg‘or tadqiqotlar olib borayotgan xalqaro axborot texnologiyalari kompaniyalari va korxonalari, ilmiy va ta’lim muassasalari bilan g‘oya almashish alohida ahamiyat kasb etadi.

Imzolangan memorandum doirasida tomonlar innovatsion loyihalar, ilmiy ishlanmalar, texnoparklarni boshqarish, yuqori texnologiyali markazlar, biznes-inkubatorlar, akselerator va kovorkinglar barpo etish va rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashishga kelishib oldi. Hujjat mahsulot va ishlanmalarni hamkorlikda ichki va tashqi bozorga chiqarish, innovatsion faoliyatni rag‘batlantirish uchun qulay muhit yaratish mexanizmi borasida tajriba almashishni ko‘zda tutadi. Tomonlar venchur jamg‘armalar, grantlar va biznes-manbalarni jalb etish asnosida Innopolis universiteti talabalari va markaz rezidentlarini qo‘llab-quvvatlash uchun moliyaviy vositalarni hamkorlikda rivojlantirishni rejalashtirmoqda.

Roman Bondarchuk, O‘zA
1 395






Все о погоде - Pogoda.uz