O‘zA O`zbek

05.09.2018 19:07 Chop etish versiyasi

Mutaxassislar malaka oshirmoqda

Mutaxassislar malaka oshirmoqda Andijon davlat universitetida “Oilalarda maʼnaviy-axloqiyqadriyatlarni mustahkamlash” mavzusidagi malaka oshirish dasturi doirasida oʻquv mashgʻulotlar oldidan seminar boʻlib oʻtdi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan seminarda tuman va shahar hokimlarining oʻrinbosarlari, xotin-qizlar qoʻmitalari raislari, mahalla fuqarolar yigʻinlarining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassislari ishtirok etdi.

– Oila institutini mustahkamlash, oilalar bilan bevosita ish olib boruvchi mutaxassislarni qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish maqsadida tashkil etilgan oʻquv kurslari 12 kun davom etadi, – deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat boshqarmasi rahbari Lazokat Jalolova. – Oliy oʻquv yurtlarining malakali professor-oʻqituvchilari oʻtkazadigan mashgʻulotlarda mutaxassislarning oilalar bilan ishlash borasidagi ishlarni samarali va tizimli tashkil etish, bilim, tajriba va malakasini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Dastur doirasidagi oʻquv mashgʻulotlarida yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oiladagi muammolarni bartaraf etish, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash, reproduktiv salomatlikni taʼminlash, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, er-xotin, ota-ona va farzandlar, qaynona-kelin oʻrtasidagi munosabatlarni yaxshilash, namunali oila barpo etish, nizoli holatlarni bartaraf qilishning huquqiy va psixologik asoslarini oʻrganish, ajrimlarning oldini olish, oila-nikoh munosabatlari sohasida amaldagi qonunchilik va xalqaro tajribani oʻrganish koʻzda tutilgan.

Oʻquv kursining dastlabki kunida “Oiladagi nizolar: omil, sabab, ifodalanish formalari, turlari, asoratlari va oldini olish yoʻllari”, “Oʻsmirlik davrida psixologik va ijtimoiy oʻzgarishlar. Oʻsmirlarning reproduktiv salomatligi” kabi qator mavzularda maʼruzalar tinglandi.

Ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.

Faxriddin Ubaydullayev, OʻzA
3 346