O‘zA O`zbek

28.08.2018 21:36 Chop etish versiyasi

Mutal Burhonov uy-muzeyi ochildi

Mutal Burhonov uy-muzeyi ochildi Buxoro shahrining Bahouddin Naqshband koʻchasi 182/1-uyda milliy musiqa sanʻatimizning buyuk namoyandalaridan biri Mutal Burhonovning uy-muzeyi ochildi.

Uy-muzey Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 dekabrda qabul qilingan “2017-2027 yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori asosida Buxoro davlat badiiy meʻmorchilik muzey-qoʻriqxonasining filiali maqomida tashkil etildi.

Kompozitor Mutal Burhonov umrining soʻnggi davrlarida, 1997-2002 yillarda oʻzi tugʻilib oʻsgan shahardagi ushbu uyda yashadi.

Muassasa ochilishiga bagʻishlangan marosimda mahalliy davlat hokimiyati mutasaddilari, madaniyat va sanʻat namoyandalari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbek kompozitorlik maktabi asoschilari qatoridan munosib oʻrin olgan, birinchi oʻzbek xor joʻrligi asarlari muallifi Mutal Burhonov ijodiy faoliyati davomida turli janrlarda yuqori badiiy asarlar yaratdi. Uning ijodiga mansub “Mangu xotira” marsiyasi, “Navoiy qasidasi”, “Sevgi nomi ila”, “Shoir orzusi”, “Shunday qilib sen kulmading” romanslari, “Ona yer”, “Zar iplar”, “Bahor” qoʻshiqlari, “Maftuningman”, “Ibn Sino”, “Orol baliqchilari”, “Surayyo”, “Istiqbol yoʻli” kabi badiiy filmlarga yozgan musiqalari milliy sanʻatimiz xazinasi durdonalaridandir.

Shu oʻrinda ijodkorning “Alisher Navoiy” operasi, Abdurahmon Jomiy sheʻriga bastalagan “ Shiru shakar” qoʻshigʻi, Fayzulla Xoʻjayev, Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat hamda oʻz akasi, amakilari xotirasiga bagʻishlab yaratilgan “Abadiy xotira” marsiyasini alohida qayd etish joiz.

– Mutal Burhonov uy-muzeyi tashkil etilishi keng jamoatchilikni mamnun qildi, – deydi Buxoro davlat badiiy meʻmorchilik muzey-qoʻriqxonasi direktori Abdurashid Zikrillayev. – Bu yerda bastakor hayoti va ijodi bilan bogʻliq 2 mingdan ortiq foto suratlar, turli hujjatlar, musiqa asboblari, kiyim-kechak va uy-roʻzgʻor buyumlari hisobga olingan. Uning ijodxonasidagi ish qurollari va boshqa shaxsiy buyumlartomoshabin eʻtiborini tortishi, shubhasiz. Bu eksponatlar yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar, tarixiy va madaniy merosga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.

Muzey “Mutal Burhonov umr yoʻli”, “Bastakor ijod xonasi”, “Eʻtirof, ehtirom”, “Musiqa tarixi” kabi boʻlimlardan iborat. Uy-muzeyida Markaziy Osiyoda musiqa sanʻati rivojlanishiga oid hujjatlar, XVIII asrda Buxoroda shakllangan “Shashmaqom”ning dastlabki notaga solinishi, u bilan bogʻliq ilk tadqiqotlar, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi musiqasining yaratilish jarayoni aks etgan lavhalar koʻpchilikni qiziqtirishi shubhasiz.

Uy-muzeyining dastlabki mehmonlari bolalar musiqa va sanʻat maktablarining tarbiyalanuvchilari, yosh sanʻatkorlar boʻldi.

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat) OʻzA
2 111