Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.08.2017 20:16 Chop etish versiyasi

Mustaqillik yillarida vijdon va e’tiqod erkinligi sohasida erishilgan yutuqlar

Milliy matbuot markazida shu mavzuda matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari mas’ullari, diniy konfessiyalar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari va jurnalistlar qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari O‘.Hasanboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari I.Inomov va boshqalar mamlakatimizda buyuk alloma va mutafakkirlarimiz merosini o‘rganish, islom ta’limotining turli yo‘nalishlarida chuqur ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat vakillari istiqomat qilib, 16 diniy konfessiyaga mansub 2 ming 241 diniy tashkilot, jumladan, Toshkent islom instituti, 9 o‘rta maxsus islom bilim yurti, pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Toshkent shahridagi O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy, Termiz shahridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi ular safiga kelib qo‘shildi.

Anjumanda diniy ta’lim tizimidagi yangiliklar haqida ham ma’lumot berildi. Endilikda mamlakatimizning diniy yo‘nalishdagi ta’lim muassasalari bitiruvchilari diplomlari davlat ta’lim hujjati sifatida e’tirof etiladi. Shuningdek, shu yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlariga maqsadli qabul rejalari kiritilmoqda. Islom akademiyasini tashkil etish bo‘yicha ham mutasaddi tashkilotlar o‘z takliflarini ishlab chiqqan.

Anjumanda tahdidlarga qarshi kurashish maqsadida tizimli media choralar ham ishlab chiqilgani, ular amaliyotda qo‘llanilayotgani ham aytib o‘tildi. Xususan, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda yoshlarni ilm va hunar egallashga chorlovchi, ularni mutaassib g‘oyalardan himoya qilishni ko‘zlagan chiqishlar qilinmoqda. Internet tarmog‘ida yoshlarimizning mamlakatimizdagi diniy yo‘nalishdagi ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarni onlayn kuzatib borish imkoniyati ham yaratilgan.

Anjuman doirasida mamlakatimizda chop etilgan diniy yo‘nalishdagi kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Malohat Husanova, O‘zA
1 252






Все о погоде - Pogoda.uz