O‘zA O`zbek

16.08.2018 17:08 Chop etish versiyasi

Mustaqillik yillarida Jizzax shahrida 15 ta istirohat bog‘i va xiyobon barpo etildi

Mustaqillik yillarida Jizzax shahrida 15 ta istirohat bog‘i va xiyobon barpo etildi Bu raqam Jizzax shahrida yangi qurilgan “Nuroniylar maskani”dagi otaxonlar choyxonasida bo‘lgan gurungda tilga olindi. Avvaliga, yo‘g‘-e, o‘zim bilgan shaharda birgina yo‘nalishda shuncha ish qilinibdimi, deb ishongim kelmadi...

Keksalik o‘tmishni xotirlash uchun beriladi, degan hazilomuz gap bejizaytilmagan. Yosh o‘tgan sari odamda avvalgi davr bilan bugungi kunni taqqoslashga moyillik kuchayib boradi. Davradigilardan biri keyingi yillarda qurilgan oromgohlarni barmoq bilan sanab, nechanchi yil, qaysi rahbar davrida qurilganigacha aytib berdi:

– Yalang‘ochtog‘ning ustida “Bog‘ishamol” – bir, Yetimtog‘dagi “Istiqlol” bolalar bog‘i – ikki, “Navro‘zbuloq” – uch, “O‘rda” ekologik bog‘i – to‘rt, “Yoshlar shaharchasi” besh, Toshloqdagisi bilan olti, Sangzorko‘l yetti, “Orom” sakkiz..., jami o‘n to‘rtta ekan, – dedi adashmaslik uchun barmog‘ini bukib sanayotgan qariya.

– Xo‘ja Nasriddinga o‘xshab o‘zingiz o‘tirgan joyni sanamadingiz-ku, – dedi davradagilardan biri. – Bilib qo‘ying, “Nuroniylar maskani” ham dam olish joyi hisoblanadi. Demak, jami o‘n beshta.

Davrada gur etib kulgu ko‘tarildi.

– Mustaqillikkacha hozir sanalgan dam olish maskaniyu xiyobonlarning birortasi bo‘lmagan, – dedi mehnat faxriysi Abdulla ota Qarshiboyev. – Eslaringizda bo‘lsa, 1974 yilda – viloyat tashkil topgan yili birinchi rahbar bo‘lgan Seyd Memedovich Toirov Jizzax shahrining o‘ziga xos relyefidan ustalik bilan foydalanib, tog‘ yon bag‘rini, soyligu qirlarni obod qilishga, dam olish hududlari barpo etishga kirishgan edi. Yetimtog‘ va Yalang‘ochtog‘ yon bag‘irlaridagi tosh yo‘llar o‘sha davrlarda qurilib, dastlabki daraxtlar ekilgan edi. Ammo u kishi uzoq ishlamadi. Shundan so‘ng to 90-yillarning o‘rtalarigacha biror istirohat bog‘i yo xiyobon qurilgan emas. Dam olish maskani va xiyobonlar qurish, keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari 1995 yildan keyingina boshlandi.

Yozning issiq kunlarida ko‘pchilik uchun eng katta ehtiyojlardan biri biror soya-salqin joyda dam olishdir. Buning uchun esa, ana shunday maskanlar kerak. Bu masalada keyingi yillarda jizzaxliklar uchun muammo yo‘q, deyish mumkin.

Keyingi yillarda zamonaviy ta’lim va tibbiyot muassasalari, turli maishiy-savdo va ma’muriy inshootlar barpo etish barobarida odamlar ko‘ngilli dam olib, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazadigan madaniyat va istirohat bog‘lari qurilishi natijasida Jizzaxda aholining maroqli hordiq chiqarishi, bo‘sh vaqtini, bayram va tantanali kunlarni ko‘ngilli tashkil etishi, oilaviy dam olishi uchun qulayliklar yaratildi.

Mustaqillik yillarida barpo etilgan “Bog‘ishamol” dam olish maskani, “Orom” favvoralar majmuasi, “Istiqlol” bolalar bog‘i, “Forum” majmuasi”, “Sangzorko‘l” kabi ommaviy hordiq maskanlari, Mustaqillik maydonidagi favvoralar xiyoboni qatoriga o‘tgan yili bunyod etilgan Sharof Rashidov xiyoboni, Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijodkorlar bog‘i qo‘shildi.

Shaharning hozirgi ma’muriy markazi joylashgan hududning tarixiy nomi “Sayiljoyi” bo‘lib, qadimda aynan shu yerda umumxalq bayramlari o‘tkazilgan. Shahar chekkasidagi “Navruzbuloq”da ham ommaviy sayillar bo‘lgan. Ammo sobiq sho‘rolar davrida bu joylarga ma’muriy, ishlab chiqarish inshootlari qurilib, odamlar dam oladigan maskanlar barpo etish unut bo‘lgan edi. Istiqlol yillarida obodonchilikka, milliy va tarixiy qadriyatlarimizni tiklashga berilayotgan katta e’tibor tufayli xalqimiz bayram va shodiyonalar o‘tkazadigan, oilaviy dam oladigan sayiljoylar yana paydo bo‘ldi.

2014 yilda Navro‘zbuloqda bolalar istirohat bog‘i barpo etilgan edi. Shahar hududidan boshlanib toqqa tutashib ketgan qir bag‘ridagi tabiiy landshaft saqlangan holda turli attraksionlar, maydonchalar qurilib, bolalar bog‘i barcha kichkintoylarning sevimli maskaniga aylandi.

Bundan uch yil ilgari Navro‘zbuloqda faollar sa’y-harakati va tadbirkorlarko‘magida yana bir savob ish amalga oshirildi. Hududdagi 4 gektar tashlandiq yer o‘zlashtirilib, yangi dam olish maskani – “Keksalar bog‘i” barpo etildi.

Umumxalq bayramlari va sayllar o‘tkazish hamda dam olishga mo‘ljallanib, zamonaviy va milliy me’morchilik an’analari asosida yaratilgan bu soya-salqinsayiljoylar Jizzaxning o‘ziga xos tashrif qog‘ozi deyish mumkin. Ayniqsa, bu majmualar tarkibidagi biri-biridan go‘zal favvoralar, soya-salqin xiyobonlar betakrorligi bilan odamga zavq va huzur bag‘ishlaydi.

Bunday ko‘ngilochar maskanlar barpo etishda faqat kattalarning xohishi emas, balki bolalar va yoshlar manfaati birinchi navbatda e’tiborga olinayotir. Jumladan, shu yil iyul oyida foydalanishga topshirilgan sobiq akvapark o‘rnida barpo etilgan “Yangi bolalar va yoshlar istirohat bog‘i” shaharliklarning eng sevimli dam olish maskanlaridan biriga aylandi.

Shaharning xushhavo hududida barpo etilgan bog‘da sohadagi eng so‘nggi loyihalardan foydalanilib, bolalar va yoshlarning miriqib hordiq chiqarishi uchun barcha sharoit va qulaylik yaratildi. Eng zamonaviy 12 ta attraksion o‘rnatildi, jumladan, balandligi 50 metrli karusel ishga tushirildi. Umumiy ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyat ko‘rsatayotir. Ochiq basseyn ishlab turibdi.

Prezidentimizning yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratayotgan doimiy e’tibori samarasi ularning bo‘sh vaqtini ko‘ngilli o‘tkazishi uchun yaratib berilayotgan qulayliklarda ham o‘z ifodasini topayotir. Jumladan, 2008 yilda bunyod etilgan “Yoshlar shaharchasi” joriy yilda to‘liq qayta rekonstruksiya qilinishi ushbu e’tiborning yaqqol ifodasi bo‘ldi.

Yoshlarning dam olishi, ehtiyoji, qiziqish va intilishlari hisobga olinib rekonstruksiya qilingan shaharcha qisqa muddatda bitkazilib, ko‘rkam maskanga aylantirildi. Jizzax davlat pedagogika, politexnika institutlari, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi ofisi, Yunus Rajabiy nomidagi viloyat musiqali drama teatri, shahar “Baxt uyi”, madaniyat va san’at forumi majmuasi shaharcha tarkibiga qo‘shilib ketgani hududning faqat qog‘ozda emas, amalda ham chinakam yoshlar maskaniga aylanishini ta’minladi.

Istirohat bog‘lari, sayilgohlardan tashqari dam olib ovqatlanish, turli to‘y-tantanalar o‘tkazishga mo‘ljallab qurilgan zamonaviy restoran, kafe, oshxonalarning hammasini sanab chiqish qiyin. Biri-biridan chiroyli, bayramlarda servis usulida xizmat ko‘rsatadigan bunday joylar ko‘payishi, avvalo, aholiga katta qulaylik yaratib berayotir.

– Ayniqsa keyingi ikki yilda viloyat markazi butkul zamonaviy qiyofa kasb etib, o‘ziga xos ko‘rinishga kirdi, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Norqul No‘sharov. – Bunday o‘zgarishlarni keyingi yillarda qurilgan zamonaviy ma’muriy, madaniy, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish binolari emas, xalqimizning milliy qadriyatlaridan bo‘lgan ommaviy dam olish maskanlari ham bunyod etilganini nazarda tutib aytayotirman. Bu ishda keksalarning ham ehtiyoji e’tiborga olinib, “Nuroniylar maskani” barpo etildi. Bunday maskanlar faoliyatini barcha tumanlarda yo‘lga qo‘yishbo‘yicha ish olib borilayotir.

Madaniy hordiq chiqaradigan, bayram va oilaviy tantanalarni o‘tkazadigan bunday maskanlar faqat viloyat yoki tumanlar markazida emas, olis qishlog‘u mahallalarda ham barpo etilayotgani ilgari hech kimning xayoliga kelmagan ish ekani aniq.Masalan,Baxmal tumani markazi O‘smat shaharchasida ham Jizzax shahridagi madaniy-ma’rifiy inshootlarning kichikroq nusxasi – bayram va tantanalar o‘tkaziladigan hovuzli bog‘, zamonaviy sport majmuasi, yoshlar xiyoboni ishlab turibdi. Zomin tumanidagiO‘riklisoy dam olish hududining dovrug‘i esa viloyatdan tashqarida ham mashhur. Paxtakor, Do‘stlik, Mirzacho‘l singari cho‘l tumanlarida ham bunday istirohat va madaniyat maskanlari allaqachon odamlarning odatiy dam olish joyiga aylangan. Viloyatning eng olis cho‘l tumani – Arnasoyda ham “Yoshlar markazi” nomi bilan madaniy dam olish majmuasi barpo etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 25 iyundagi “2013-2018 yillarda zamonaviy madaniyat va aholi dam olish markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan manzilli dastur asosida barcha tumanlarda aholi dam olish maskanlari barpo etilmoqda. Chunonchi, o‘tgan yili Do‘stlik tumanidagi madaniyat va aholi dam olish markazi kapital ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.

Mustaqillik yillarida viloyatdagi tarixiy maskanlar ham obod va gavjum bo‘ldi. Milliy qadriyatlarimizni tiklashga qaratilayotgan e’tibor tufayli G‘allaorol tumanidagi Sa’d ibn Abu Vaqqos, Baxmal tumanidagi Novqa ota, O‘smat ota, Jizzax tumanidagi Parpi ota, Yangiobod tumanidagi Xo‘jamushkent kabi muqaddas go‘shalarda ham keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, gavjum ziyoratgohlarga aylantirildi.

Yurt obodligi – el obodligi, ayni paytda har bir odam ko‘nglining obodligidir. Mustaqilligimiz tufayli biz bu haqiqatni tobora teran anglab yetmoqdamiz. Vatanimizning qutlug‘ to‘yi oldidan amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari esa bu haqiqatni yana bir bor har birimizning yodimizga solmoqda.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
2 299